PQ-2995-son Qaror · 24.05.2017

Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2995
  • Qabul qilingan sana:24.05.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 21

Mustaqillik yillarida xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish va targʻib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu anʼanalari ruhida tarbiyalash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi va izchil davom ettirilmoqda.

Ayni vaqtda maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni talab etmoqda. Bu borada nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida gʻoyat noyob hisoblangan, YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan qoʻlyozmalar fondiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, shuningdek, qadimiy yozma manbalar fondiga ega boʻlgan muassasalar faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, ushbu nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari oldida qoʻlyozmalarni saqlash, taʼmirlash, mavjud fondlarni boyitib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga qulay sharoitlar yaratish, tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur oʻrganish, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini targʻib etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, avvalo, yosh avlodimizni xalqimizning buyuk maʼnaviy merosiga hurmat, ona yurtimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning natijadorligini tubdan oshirish boʻyicha dolzarb vazifalar turganini alohida taʼkidlash lozim.

Ana shu vazifalarni samarali hal etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutini (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) qadimiy qoʻlyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega boʻlgan zamonaviy yozma manbalarni saqlash, oʻrganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targʻib qilish boʻyicha mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Sharq qoʻlyozmalari fondini saqlash, taʼmirlash, boyitish va muayyan tizimga keltirish, arab yozuvidagi turli mavzularga oid yozma yodgorliklar va epigrafika namunalarini tadqiq qilish, ularni asl holida hamda oʻzbek va xorijiy tillarda ilmiy izohlar, tarjimalar bilan nashr etish, ilmiy muomalaga kiritish;

boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy-intellektual merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soha mutaxassislariga, tegishli taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oʻquvchi va talabalarga batafsil maʼlumot berib borish, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati oʻrtasida keng targʻib etish, zamonaviy ilm-fan, maʼnaviyat va amaliyot rivojida undan samarali foydalanish va kelgusi avlodlarga yetkazish;

aholida saqlanayotgan qadimiy noyob qoʻlyozmalar, chet el fondlaridagi mavjud asarlar nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan Institutning qoʻlyozma va yozma manbalar fondini boyitib borish;

oʻrta asrlarda hozirgi Oʻrta Osiyo hududida yashab ijod qilgan alloma va mutafakkirlarning matematika, astronomiya, fizika kabi aniq fanlar, meditsina, kimyo, geografiya singari tabiiy fanlar, tarix, adabiyot, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlar, islom dini va ilohiyotga oid merosini tadqiq qilishni kengaytirish va chuqurlashtirish;

matnshunoslik, adabiy manbashunoslik, tilshunoslik, falsafa, madaniyat tarixi sohalarida milliy madaniy merosimizning hali oʻrganilmagan koʻpgina qatlamlarini ochib berishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarga alohida eʼtibor qaratish;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti kabi mazkur sohada faoliyat koʻrsatadigan oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda qoʻlyozmalar bilan ishlash malakasiga ega boʻlgan yosh mutaxassislarni reja asosida maqsadli tayyorlash va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti singari oliy taʼlim muassasalarining ixtisoslik kafedralari bitiruvchilari hisobidan Institutning kadrlar tarkibini yangilab borish, qoʻlyozmalar bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlgan yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish;

xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, hozirgi kunda ushbu davlatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni ularning Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama munosabatlari nuqtai nazaridan oʻrganish;

Oʻzbekiston Respublikasining turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qoʻlyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlanish va taʼmirlanish holatini monitoring qilish va ularning elektron bazasini yaratish.

3. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

Institutni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari;

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, jumladan, maqsadli grantlar;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

tadbirkorlik faoliyatidan, jumladan, noshirlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar, xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining mamlakatimizda turli manbalarda saqlanayotgan noyob va qimmatli qoʻlyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni aniqlash va tahlil qilish, shuningdek, aholida saqlanayotgan shunday kitoblarni sotib olish va Institutda jamlanilishini taʼminlash maqsadida ekspertlar guruhi hamda komissiya tuzish haqidagi takliflari maʼqullansin.

5. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondini aholida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish boʻyicha ekspertlar guruhi (keyingi oʻrinlarda Ekspertlar guruhi deb ataladi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Aholida saqlanayotgan qoʻlyozma, toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlarni baholash va sotib olish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondidagi 2017 — 2021-yillarda nashr etilishi rejalashtirilayotgan qoʻlyozma asarlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

aholida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan Nizomga asosan xarid qilinadi.

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Ekspertlar guruhi hamda Komissiyaning tegishli xulosalari, aholida saqlanayotgan, sotib olinishi rejalashtirilayotgan noyob qoʻlyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar roʻyxati, shuningdek, ularni xarid qilish boʻyicha tavsiya etilgan narxlar Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tasdiqlanishga asos boʻladi;

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

qadimiy yozma manbalar bilan ishlashning oʻziga xos murakkab xususiyatlarini, bu ish yuqori ilmiy malaka va koʻnikmalarni talab qilishini inobatga olib, Institutning qadimiy qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish va saqlash bilan shugʻullanuvchi xodimlarining oylik ish haqiga 30 foiz miqdorda qoʻshimcha ustama haq toʻlanadi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

bir oy muddatda Ekspertlar guruhi va Komissiya toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ikki oy muddatda Institut faoliyatini takomillashtirishga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Institutda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozmalar eng zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq saqlanishi va bosqichma-bosqich restavratsiya qilinishini taʼminlash uchun 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar doirasida mablagʻ ajratsin, 2018-yildan boshlab ana shu ishlar uchun zarur mablagʻni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Institutdagi foto va restavratsiya laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda Institutda Sharq qoʻlyozmalari muzeyini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

Institut fondida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozmalarni bosqichma-bosqich restavratsiya qilish uchun zarur reaktivlar va sarflanuvchi materiallarni sotib olish hamda Institutning foto va restavratsiya laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun mablagʻlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan oʻrnatilgan tartibda ajratiladi;

(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Institutda Sharq qoʻlyozmalari muzeyini tashkil etish va uni jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

11. Innovatsion rivojlanish agentligi:

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Institutda noyob qoʻlyozma asarlarni oʻrganish boʻyicha ishlarni tashkil etish uchun ilmiy jihatdan asoslangan tadqiqotlarga har yillik davlat buyurtmasini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishini;

davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi ilmiy-texnik loyihalarga ajratiladigan budjet mablagʻlari hisobidan ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar ajratishni taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fan va texnologiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 24-may,

PQ-2995-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-2995-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondini aholida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish boʻyicha ekspertlar guruhi

Izoh: ekspertlar guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Ekspertlar guruhi tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-2995-son qaroriga2-ILOVA

Aholida saqlanayotgan qoʻlyozma, toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlarni baholash va sotib olish boʻyicha komissiya

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda komissiya tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-2995-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondidagi 2017 — 2021-yillarda nashr etilishi rejalashtirilayotgan qoʻlyozma asarlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorigaSHARH

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.