Tadbirkorlik subyektlarini noruda foydali qazilmalar konlarini oʻzlashtirishga yanada jalb etish jarayonlarini maqbullashtirish, uzoq hududlarda yangi ish joylarini yaratgan holda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishni jadallashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 2-maydagi PQ–1524-sonli qarori bilan tashkil etilgan Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan Komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 2-maydagi PQ–1524-sonli qaroriga 2-ilovaga* muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-may,
PQ-3002-son