Keyingi yillarda respublikamizda yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, taʼsirchan nazoratni taʼminlash va yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida munosabatlarni kompleks tartibga solishda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yer resurslarini tizimli hisobga olish va ulardan foydalanishni nazorat qilish, davlat kadastrlarini tartibga solish, Oʻzbekiston Respublikasi kartografiya fondini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi doirasida yer qonunchiligiga rioya etish yuzasidan doimiy monitoring qilish tizimi ishlab chiqildi va joriy qilindi, koʻchmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan oʻtkazish ishlari tashkil etildi, 21 ta davlat kadastrlarini integratsiyalashuvini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimini tashkil etish ishlari boshlandi.
Shu bilan birga, yerdan foydalanish holatining tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, yerlardan foydalanishda muntazam davlat nazoratini taʼminlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yer resurslarini tizimlashtirilgan holda hisobga olish ishlari yetarli darajada samarali boʻlmayapti.
Sohaga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ilmiy tadqiqot ishlarini tezkor va samarali amalga oshirishda tarmoqning moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Amaldagi xodimlar soni, ayniqsa quyi pogʻonada, yer resurslaridan foydalanishni nazorat qilish va ularning toʻliq hisobini yuritish imkonini bermayapti.
Sohaning yetakchi xorijiy tashkilotlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatish, ilgʻor xalqaro tajribalarni chuqur oʻrganish va qoʻllash, mutaxassislarning amaliyot oʻtashlari va malakalarini oshirishni tashkil etishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti.
Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining yer resurslaridan maqsadli, oqilona va samarali foydalanish, yerlarni muhofaza qilish yuzasidan davlat nazoratini hamda tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb hisoblansin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
yer resurslaridan oqilona foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasi faoliyati boʻyicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash;
erdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha tizimli davlat nazoratini, davlat geodeziya nazoratini qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishi yuzasidan uni buzganlik uchun aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish orqali amalga oshirish;
yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat yer kadastrini, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini, binolar va inshootlar davlat kadastrini, hududlar davlat kadastrini, shuningdek, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
uchuvchisiz apparatlardan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi yerlarini, qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni monitoring qilish, geodeziya maʼlumotlari va kartografiya materiallaridan foydalangan holda sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimi ishlashini taʼminlash;
aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar maʼlumotlari va materiallaridan foydalangan holda, kartografik monitoringni amalga oshirish;
koʻchmas mulk obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasini, koʻchmas mulk bahosini bozor qiymatida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish uchun davlat kadastrlari geoaxborot tizimlarini yaratish va doimiy ravishda yangilab borish;
sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida fuqarolarga hamda tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli xizmatlar koʻrsatish;
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro grantlarni jalb etish;
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari boʻyicha tizimli ravishda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining:
davlat kadastrlari, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishga masʼul hisoblanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimini joriy etish;
tumanlar (shaharlar)ning yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarining filiallari etib, qayta tashkil etish;
Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarining asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlari tomonidan yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanganligi yoki ularni yaroqsiz holga tushirganligi, xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqilganligi, davlat yer kadastrini yuritish qoidalari buzilganligi, chegara va cheklov belgilarining yoʻq qilinganligi yoki shikastlanganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq solinadigan jarimalarning 100 foizi;
fuqarolarning uy-joyga doir mulk huquqini koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlarda oʻz vaqtida rasmiylashtirilmaganligi uchun undiriladigan jarimalarning 10 foizi;
kadastr hujjatlarini texnik xatlovdan oʻtkazish va rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlariga belgilangan narxlarni 25 foiz oshirish hisobiga tushadigan mablagʻlarning (soliqlar hisoblangandan keyin) 100 foizi;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari:
yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri organlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlari tizimiga qoʻshimcha ravishda kiritilayotgan shtat birliklarini saqlashga;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tizimi organlari xodimlarini ragʻbatlantirish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yoʻnaltiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 15-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PF-3502-son farmonining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb, hisoblansin.
9. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-may,
PF-5065-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi FarmonigaShARH