Veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hayvonlarning sogʻligini saqlash boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servis sifatini oshirish, epizootik osoyishtalikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan va raqobatdosh kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, veterinariya xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi tashkil etilsin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqlari bilan tartibga solishni taʼminlash, ushbu sohada davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;
veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, mamlakatimiz hududlariga hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni taʼminlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarish;
epizootik osoyishtalikni taʼminlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, tashxis qoʻyish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktik ishlarning samaradorligini monitoring qilish;
veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida davlat nazoratini taʼminlash, veterinariya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini sifatli va tizimli ravishda tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vaqtida ishlab chiqish va amalga oshirish;
hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo xavfsizligini taʼminlashda idoraviy hamda ishlab chiqarish veterinariya xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifati hamda muomalasi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
kadrlarni tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish, shu jumladan, tizimga qarashli idoralar, yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli ijrosi boʻyicha ularning masʼuliyatini oshirish;
veterinariya sohasida ilmiy, uslubiy va taʼlim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;
xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda veterinariya xizmati faoliyatiga ilgʻor texnologiyalar va ish uslublarini joriy etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi tizimida quyidagilar tashkil etilsin:
hududiy davlat veterinariya boshqarmalari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari;
hududiy davlat veterinariya boʻlimlari bazasida tumanlar (shaharlar) veterinariya boʻlimlari.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobot beradilar.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
tumanlar (shaharlar) veterinariya boʻlimlari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tuman (shahar) hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori, uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi veterinar mutaxassislari oʻz vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshligʻi davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektori, uning oʻrinbosarlari esa davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari esa tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining oʻrinbosarlari hisoblanadi;
tumanlar (shaharlar) veterinariya boʻlimlarining boshliqlari tegishli ravishda tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasining mudirlari tegishli ravishda uchastka va bozorlarda davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
chegaradagi va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarning) boshliqlari va veterinar vrachlari tegishli ravishda chegaradagi va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarning) davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
5. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi;
Davlat veterinariya xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi tuzilmasiga berish toʻgʻrisidagi;
Epizootiyaga qarshi kurashish respublika ekspeditsiyasi va Hayvonlarning oqsil kasalligiga qarshi kurashish otryadi tugatilib, ularning funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining Hayvonlar sogʻligʻini saqlash boshqarmasi zimmasiga yuklash toʻgʻrisidagi;
Hayvonlarning oʻta xavfli kasalliklari boʻyicha davlat laboratoriyasi, Parranda kasalliklari boʻyicha davlat veterinariya laboratoriyasi va Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi negizida Respublika hayvonlar kasalliklari va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tashxis markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi;
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasini Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalari sifati va muomalasini nazorat qilish davlat ilmiy markaziga aylantirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-iyun,
PF-5067-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga