Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz vakillarining Olimpiya oʻyinlari, jahon chempionatlari, Osiyo oʻyinlari va chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida uch bosqichdan iborat “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport oʻyinlari ommalashib borayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Shu bilan birga, mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlikning asosi ekanini targʻib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni zararli odatlardan asrash, ularga oʻz qobiliyat va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida muhim va dolzarb vazifalar turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish, mamlakatimizda bu borada yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish natijadorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan taʼminlash;
taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari, aholining keng qatlamlari oʻrtasida sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etish, kompleks sport musobaqalarini oʻtkazish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni maqsadli tayyorlash;
ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻining imkoniyatlaridan faol foydalangan holda, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, Dasturning mazmun-mohiyati hamda uni amalga oshirish jarayoni toʻgʻrisida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi (A.N. Aripov) vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Dasturda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlarni toʻliq amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
bir hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda Dastur ijrosini taʼminlash boʻyicha hududiy ishchi guruhlar tashkil etilishini taʼminlash;
ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman hokimliklari tomonidan ushbu qaror va dasturdan kelib chiqqan holda hududiy dasturlarni ishlab chiqilishini taʼminlash;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan barcha sport turlari boʻyicha tegishli respublika va hududiy sport federatsiyalariga (uyushmalariga) biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish boʻyicha takliflari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doir barcha masalalarni hal etilishini taʼminlash;
ikki oy muddatda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli tashkillashtirish va nazorat qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning natijalari muntazam ravishda hukumatning yarim yillik majlislarida muhokama qilib borilsin.
3. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy budjetlari, jamgʻarmalar, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari aholi, oʻquvchi va talabalarni sport musobaqalariga, respublika sport tadbirlariga yuborish uchun mablagʻlar Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
sport inshootlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Dasturni amalga oshirish doirasida bajariladigan loyihaviy va qurilish-montaj ishlari sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin hamda buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi tomonidan bildirilgan hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida sport tibbiyoti boʻlimlarini tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash toʻgʻrisidagi takliflar maʼqullansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
Dastur va uning asosida ishlab chiqilgan hududiy dasturlarda belgilangan barcha chora-tadbirlarni ijrosini oʻz muddatida sifatli amalga oshirilishi yuzasidan tegishli vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy ishchi guruhlarga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatish;
Oʻzbekiston terma jamoalari sportchilarining oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, jahon birinchiliklari, Osiyo oʻyinlari va chempionatlari, xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishlarini taʼminlash maqsadida musobaqalar yakunlarida erishilgan natijalarni chuqur tahlil qilish va tizimli monitoringini olib borish;
yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan sport maktablariga, taʼlim muassasalari va sport klublariga iqtidorli sportchilarni qabul qilish jarayonlarining shaffofligi va xolisligini taʼminlash yuzasidan doimiy ravishda taʼsirchan choralar koʻrish hamda har chorak yakunlari boʻyicha qoʻmitaning majlislarida tanqidiy-tahliliy muhokamadan oʻtkazish vazifalari yuklansin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari:
sport inshootlari yil davomida uzluksiz faoliyat yuritishini taʼminlash, ulardan samarali foydalanish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ehtiyojga koʻra sport inshootlarini muqobil energiya manbalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin;
tegishli hududda sport federatsiyalariga (uyushmalariga) biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish turlari (bino va inshootlardan bepul foydalanish, mablagʻlar hamda sport anjomlari bilan taʼminlash va h.k.) boʻyicha takliflari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doir barcha masalalar hal etilishini taʼminlasin;
sport taʼlim muassasalari va majmualari ixtiyoridagi yer maydonlarini (ochiq va yopiq turdagi sport inshootlarini) tasarruf etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishiga qatʼiy rioya qilinsin.
9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Dasturning mazmun-mohiyati hamda uning doirasida tashkillashtiriladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali aholi orasida muntazam va keng yoritilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-iyun,
PQ-3031-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-iyundagi PQ–3031-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-iyundagi PQ-3031-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli vazifalar zimmasiga yuklangan shaxslar uning tarkibiga kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga