Aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va arzon narxlarda dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash maqsadida narxlar shakllanishini tartibga solish tizimini takomillashtirish, farmatsevtika sanoatini qoʻllab-quvvatlash va ichki bozorni mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan toʻldirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Xususan, ulgurji va chakana savdo uchun cheklangan savdo ustamalari belgilandi, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini oʻrnatilgan narxlarda sotish tizimi joriy etildi.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini oshirilgan narxlarda sotish holatlarini profilaktika qilish va ularning oldini olish maqsadida tovar cheklarini berish talabi kiritildi.
Farmatsevtika tarmogʻida tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirildi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi, farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirish uchun erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi.
Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar mavjud, jumladan:
birinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish muddatlarini sunʼiy kechiktirish hamda ichki bozorda taqchillikning yuzaga kelishiga olib keluvchi import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar;
ikkinchidan, valyuta resurslaridan oqilona foydalanish, import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini taʼminlash uchun dori vositalari hamda tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojlarni belgilashning aniq mexanizmlari mavjud emasligi;
uchinchidan, chetdan olib kelinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi;
toʻrtinchidan, mahalliy xom ashyo resurslaridan yetarli darajada foydalanilmasligi sababli mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarining chetdan xarid qilinadigan xom ashyo va materiallarga yuqori darajada qaramligi;
beshinchidan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish boʻyicha hududiy komissiyalar ishidagi kamchiliklar, shu jumladan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tuzilmalarning mavjud emasligi.
Yuqorida koʻrsatilgan muammolarni bartaraf etish, aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz taʼminlash, sunʼiy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
2020-yilning 1-yanvariga qadar Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish istisno tariqasida “Xaridlar markazi” davlat muassasasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha tender savdolari oʻtkazilmasdan amalga oshiriladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
2017-yil 1-iyulgacha tuzilgan import kontraktlari boʻyicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish va sotish ularni tuzish sanasida amalda boʻlgan shartlar va belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;
tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlashtirish faqatgina oʻrnatilgan tartibda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan qarorlari bilan tasdiqlangan Davlat dasturlarida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish hamda shu maqsadlar uchun ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlardan oʻz vaqtida, maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar, reagentlar, reaktivlar, butlovchi qismlar, dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiy buyumlar va boshqa asosiy vositalar bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida davlat xaridlari Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasi asosida “Xaridlar markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda “Xaridlar markazi” davlat muassasasi uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi ochiladi hamda budjet mablagʻlari oluvchisi sifatida xarajatlar smetasi oʻrnatilgan tartibda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
“Xaridlar markazi” davlat muassasasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmat uchun toʻlov miqdori xarid summasining 8 foizigacha miqdorda belgilanadi va ushbu toʻlovlar Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan tuziladigan shartnoma asosida vazirlik tomonidan toʻlab beriladi;
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan “Xaridlar markazi” davlat muassasasi tomonidan import shartnomalari asosida tibbiy uskunalar, reagentlar, reaktivlar, butlovchi qismlar, dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiy buyumlar va boshqa asosiy vositalarning xaridi “Xaridlar markazi” davlat muassasasiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki orqali akkreditiv toʻlov asosida amalga oshiriladi.
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
“Oʻzmedeksport” RTIDK Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini 2017-yil ikkinchi yarim yilligida ularga boʻladigan qoʻshimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini taʼminlasin.
“Xaridlar markazi” davlat muassasasiga xarid qilingan mahsulotlarni saqlash, ularni joylarga yetkazib berish hamda tibbiy uskunalarga xizmat koʻrsatish xizmatini autsorsing asosida tashkil etish huquqi berilsin.
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Oʻzmedeksport” RTIDKning ombor va muzlatish xonalari, shuningdek logistika tarmoqlarini tashkil etish boʻyicha taklif kiritsin.
2. Belgilansinki, dorixonalar 2018-yil 1-yanvarga qadar dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishni amalga oshirish litsenziyalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida qayta rasmiylashtirishlari shart.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini 30 taga oshirgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalarida 2 nafar, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasida 4 nafar shtat birligidan iborat dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish shuʼbalari tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri (A. Shadmanov) ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining tuzilmalariga oʻzgartishlar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzfarmsanoat” DAK bilan birgalikda bir oy muddatda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining roʻyxatini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, natijasi boʻyicha shifokorning qatʼiy retseptiga asosan sotiladigan dori vositalarini roʻyxatga kiritish orqali uni kelgusida zaruratga koʻra yangilashni inobatga olgan holda maqbullashtirish boʻyicha takliflar kiritsin;
Davlat statistika qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda kasallanish, bemorlar soni, davolanish kurslari va boshqa mezonlarni inobatga olgan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojni aniqlashning samarali metodologiyasi, shuningdek manfaatdor vazirlik va idoralar, farmatsevtika korxonalari va ulgurji tashkilotlarga ehtiyoj haqidagi maʼlumotlarni yetkazishni nazarda tutuvchi Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni nazorat qilish boʻyicha respublika komissiyasi bir oy muddatda belgilangan narxni shakllantirish jarayoniga kurs farqlari oʻzgarishining taʼsirini kamaytirishni nazarda tutgan holda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari savdo nomlari va tibbiyot buyumlariga belgilangan ulgurji va chakana narxlarni oʻrnatish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mutaxassislarni jalb etgan holda bir oy muddatda “Oʻzfarmsanoat” DAK va uning tizimiga kiruvchi korxonalarning faoliyatini, shu jumladan ishlab chiqariladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari narxlari shakllanishini, shuningdek korxonalarni ishlab chiqaruvchi deb tan olish uchun mahalliy xom ashyodan foydalanish darajasini tanqidiy oʻrganib chiqsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish shuʼbalari shtat jadvalini tasdiqlasin hamda oliy farmatsevtika maʼlumotiga va farmatsevtika sohasida kamida uch yillik mehnat stajiga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Tashqi savdo vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” AK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda dorixonalar va ularning filiallarini tovar cheklarini berish boʻyicha asbob-uskuna va dasturiy komplekslar bilan jihozlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha yangilangan talablardan kelib chiqqan holda dorixonalarning amaldagi litsenziyalari qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda qatʼiy hisobi yuritiladigan blank hisoblanadigan, tovar cheklarini berish boʻyicha asbob-uskunalar mavjud boʻlmagan yoki nosoz boʻlgan yoxud elektr energiyasi vaqtincha oʻchirilgan hollarda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishda foydalaniladigan tovar cheklari kitobining shaklini tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qoʻpol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonunbuzilishlarga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning barcha uchun ochiq boʻlgan yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish boʻyicha litsenziyalovchi organlar qonun hujjatlari buzilishi, shu jumladan dori vositalari va tibbiy buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qoʻpol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalarning yagona manzillar reyestri va xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning reyestridagi maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining rasmiy veb-saytiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining ochiq maʼlumotlar portaliga doimiy ravishda kiritib borsin.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2022-y., 06/22/55/0055-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash darajasini oshirish maqsadida oʻzining ijtimoiy dorixona tarmoqlarini tashkil etish;
fuqarolar tomonidan dori vositalari nazoratsiz qoʻllanilishining, shu jumladan dori vositalarini faqatgina shifokorlar retsepti asosida sotish toʻgʻrisidagi talablarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash orqali oldini olish, Retseptsiz sotiladigan dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan dori vositalari bundan mustasno;
shifokor retsepti boʻyicha beriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalarining sotilishini monitoring qilishni taʼminlovchi axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (A.N. Yunusxodjayev) ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hamda aholini va respublikaning davolash-profilaktika muassasalarini ular bilan taʼminlash ahvolini monitoring qilish boʻyicha ishchi guruhi tashkil etsin.
Ishchi guruhi monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati, shu jumladan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan narxlarga rioya qilishning ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-iyul,
PQ-3137-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga