Mamlakatimizda mustaqillik yillarida madaniyat sohasini izchil rivojlantirish, jahon miqyosidagi ijobiy tajriba va tendensiyalar, yutuq va natijalarni har tomonlama chuqur oʻrganish asosida madaniyat va sanʼat muassasalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, ularning tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda.
Ayni shu maqsadda 2002-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan Toshkent davlat konservatoriyasi uchun yangi bino qurilib, u zamonaviy talablar asosida jihozlandi. Ushbu oliy oʻquv yurtining nufuzi va maqomini oshirish uchun unga “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi” nomi berildi, konservatoriya qoshida iqtidorli yoshlar uchun akademik musiqa litseyi ham tashkil etildi.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatining tanqidiy tahlili oʻtgan davr mobaynida ushbu oliy taʼlim muassasasi tomonidan akademik va milliy musiqa sanʼati yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oʻquv-pedagogik va ilmiy-ijodiy ishlarni tashkil etish borasida muayyan yutuqlarga erishilganini, shu bilan birga, bir qator jiddiy kamchilik va nuqsonlarga ham yoʻl qoʻyilganini koʻrsatmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar, birinchi navbatda Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan yetarli darajada amaliy yordam va koʻmak berilmagani, tegishli nazorat olib borilmagani, masʼuliyat va talabchanlik boʻshashtirib yuborilgani oqibatida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi mamlakatimiz madaniy hayotidagi oʻzining yetakchi oʻrni, obroʻ-eʼtibori va taʼsirini yoʻqotib borayotgani, uning faoliyati bugungi zamon talablaridan orqada qolayotgani, bu borada kechiktirmasdan hal qilish zarur boʻlgan bir qancha jiddiy muammolar mavjudligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Jumladan, taʼlim-tarbiya ishlarining zamonaviy standartlar va sohaning oʻziga xos xususiyatlari asosida toʻgʻri tashkil etilmagani, oʻquv dasturlari va metodikasining mukammal emasligi, darslik va qoʻllanmalarning yetishmasligi, professor-oʻqituvchilar, ilmiy va ijodiy xodimlarning salohiyati aksariyat hollarda talabga javob bermasligi, konservatoriyaning moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga kelib qolgani tashvish uygʻotmasdan qolmaydi. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida oʻqishga qabul qilish kvotalarida nomutanosiblik vujudga kelgani, xususan, 700 nafar oʻquv oʻrni mavjud boʻlgani holda, amalda 1346 nafar talaba tahsil olayotganini albatta normal holat sifatida baholab boʻlmaydi.
Mana shunday kamchilik va muammolar oʻz navbatida ushbu oliy taʼlim muassasasi oldiga qoʻyilgan vazifalarni toʻlaqonli va samarali amalga oshirishga, madaniyat sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Xalqimiz, xususan, yoshlarimizning dunyoqarashi, maʼnaviy saviyasi va estetik tarbiyasini yuksaltirishda gʻoyat muhim oʻrin va ahamiyatga ega boʻlgan musiqa sanʼatini har tomonlama rivojlantirish, boy musiqiy merosimizni chuqur oʻrganish, yosh avlodni milliy va jahon musiqa sanʼatining mumtoz namunalariga muhabbat ruhida tarbiyalash, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur deb ataladi) 1-ilovaga;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
oʻzbek xalqining milliy musiqiy merosi va jahon musiqa madaniyati durdonalari negizida musiqa sanʼatini rivojlantirish, musiqiy taʼlim tizimini sifat jihatidan yanada koʻtarish;
aholimiz, birinchi navbatda yoshlarni milliy va umumbashariy musiqa sanʼatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ularning madaniy saviyasini yuksaltirish, maʼnaviy yetuk va barkamol shaxslarni tarbiyalash;
mulkiy yoki idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, musiqa sanʼati, musiqa taʼlimi yoʻnalishi uchun kadrlar tayyorlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni joriy etish boʻyicha kelishuvlarda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi metodik va ijodiy jihatdan tayanch oliy taʼlim muassasasi ekanini eʼtirof etish;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, konsert zallari, auditoriyalar va maxsus xonalarni taʼmirlash va zamon talablari darajasida jihozlash;
konservatoriyada faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik mahoratini oshirish, oʻquv jarayoni sifati va saviyasini tubdan yaxshilash, musiqa sanʼati sohasida jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ijodiy markazlar, taniqli kompozitor, musiqachi va ijrochilar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, xorijiy mutaxassislarni mamlakatimizga taklif etish bilan bir qatorda respublikamizda yuqori natijalarga erishgan musiqachi va pedagoglarning mahorat darslarini chet davlatlarda tizimli tashkil etish;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining yosh pedagog kadrlarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida zarur maishiy sharoitlar yaratish, ipoteka kreditlari asosida uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
Konservatoriya va uning tarkibidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi professor-oʻqituvchilari hamda talabalarining ijodiy faolligini yanada oshirish, yozgi taʼtil davomida yoshlarning boʻsh vaqti mazmunli oʻtishi uchun Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan sanatoriyni “Musiqa oromgohi” degan nom bilan konservatoriya tasarrufiga oʻtkazish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida oʻquv binolari yetishmaganligi sababli hamda talabalar kontingenti sezilarli darajada ortganini inobatga olib, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi, Mustaqillik prospekti, 31-uyda joylashgan V. Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga tegishli boʻlgan binoni Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga oʻrnatilgan tartibda berilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri, Buxoro koʻchasi, 10-uyda joylashgan binoni Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi tasarrufiga oʻtkazish va ushbu binoda jahon andozalariga toʻliq mos boʻlgan, akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga moʻljallangan zamonaviy konsert zalini barpo etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mazkur loyihalarni amalga oshirishda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda konservatoriyaning loyihalashtirish, qurilish va taʼmirlash ishlarida masʼul etib belgilansin.
Uch oy muddatda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi binosida “Noyob cholgʻular davlat kolleksiyasi”ni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
toʻrt oy muddatda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari tartibiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2018-yilning 1-martiga qadar Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi muassisligida musiqa sanʼati taʼlim-tarbiyasi boʻyicha “Musiqa” ilmiy-uslubiy jurnali faoliyatini tashkil etsin;
respublikadagi eng yaxshi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat va sanʼat kollejlarida konservatoriyaning tayanch ijodiy markazlarini tashkil etsin hamda ularga konservatoriyaning yetakchi professor-oʻqituvchilarini yuborib, “Mahorat maktabi” mashgʻulotlarini oʻtkazishni yoʻlga qoʻysin;
noyob va murakkab cholgʻu sozlarini yanada puxta oʻzlashtirishlari uchun har yili yosh ijrochilar va texnogen sanʼat turlari mutaxassislarini xorijdagi nufuzli musiqa akademiyalari va konservatoriyalariga kelishuv shartnomalari asosida Madaniyat vazirligi qoshidagi budjetdan tashqari Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qisqa muddatli (2-3 oygacha) oʻqishga yuborsin;
iqtidorli oʻquvchi va talabalarning mamlakatimizda, xorijiy davlatlarda oʻtkazib kelinayotgan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy konferensiyalarda Madaniyat vazirligi qoshidagi budjetdan tashqari Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan muntazam ishtirok etishlarini taʼminlasin.
5. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning moliyaviy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari — 2018-2019-yillarda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi qoshida musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va 400 oʻrinli yotoqxona binolarini qurish va jihozlash qismida;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining tashabbusi bilan xayriya asosida ajratiladigan mablagʻlar — Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Olmazor koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining bino va inshootlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish qismida;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari — “Noyob cholgʻular davlat kolleksiyasi”ni, “Musiqa” ilmiy-uslubiy jurnali faoliyatini tashkil etish, yosh ijrochilar va texnogen sanʼat turlari mutaxassislarini xorijdagi nufuzli musiqa akademiyalari va konservatoriyalariga oʻqishga yuborish, iqtidorli oʻquvchi va talabalarning mamlakatimizda, xorijiy davlatlarda oʻtkazib kelinayotgan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy konferensiyalarda ishtirok etishlarini taʼminlash qismida;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar — boshqa tadbirlarni bajarish qismida.
6. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun munosib turarjoy sharoitlarini yaratish maqsadida ipoteka kreditlari asosida Toshkent shahrida quriladigan koʻp qavatli uylardan uy-joylar ajratilishini taʼminlasin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi PF-6186-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2021-y., 06/21/6186/0200-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha Hukumatning tegishli qarorini qabul qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X. Sultonov va A. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-avgust,
PQ-3178-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3178-sonli qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3178-sonli qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi
Izoh:
Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga koʻrsatilgan lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga