Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida jami 15359 ta taʼlim muassasasi, jumladan 4893 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 9680 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda oʻrta maxsus, kasb-hunar kollejlarini va bilim yurtlarini bitirgan 97 564 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqdalar.
Mazkur taʼlim muassasalarining maktabgacha, boshlangʻich, musiqa, tasviriy sanʼat, chet tillari, mehnat taʼlimi, jismoniy tarbiya yoʻnalishlari va boshqa fanlar boʻyicha oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi taʼlim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash hamda ularni tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish orqali taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
oliy taʼlim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi boʻlimlarning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega boʻlgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi;
maxsus sirtqi boʻlimda oʻqish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bitta talabani bir yillik oʻqitish qiymatini aniqlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
maxsus sirtqi boʻlimda oʻqiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir oʻquv yilida ikki marta bir oydan oʻquv taʼtillari beriladi. Bunda, oʻquv taʼtillari qoida tariqasida umumtaʼlim muassasalaridagi qishki va yozgi taʼtil vaqtiga toʻgʻri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi;
talabalarning oliy taʼlim muassasasida oʻqishda boʻlgan davriga toʻgʻri keladigan dars soatlari oʻqishga yuborgan taʼlim muassasasining oʻqituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari asosida oʻtiladi;
maxsus sirtqi boʻlim talabalari oʻqishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy taʼlim muassasasi va talaba oʻrtasida oʻqishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yoʻllanmasida koʻrsatilgan ish joyida (taʼlim muassasasida) besh yildan kam boʻlmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi;
maxsus sirtqi boʻlimlarda taʼlim yoʻnalishlari xususiyatiga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati qonun hujjatlarida belgilangan normativlar asosida belgilanadi;
oliy taʼlim muassasasida maxsus sirtqi boʻlim oʻquv jarayonini tashkil etishga fakultet dekani maqomidagi boʻlim boshligʻi rahbarlik qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga 2017/2018 oʻquv yili uchun:
oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi boʻlimlarida oʻqish uchun tavsiyanoma beruvchi vazirliklar va idoralar roʻyxatini;
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari ehtiyojlari asosida vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda maxsus sirtqi boʻlimlarga qabul kvotalarini;
maxsus sirtqi boʻlimlarga qabul qilish tartibi va mezonlari hamda uch tomonlama shartnoma shaklini tasdiqlash huquqi berilsin.
Kelgusi oʻquv yillariga qabul kvotalari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan tartibda belgilanadi.
5. Pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berish sirtqi taʼlim shaklida tashkil etilsin, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot olish bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-kursidan (oʻquv rejalardagi fanlar farqidan qatʼi nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilansin.
2017/2018 oʻquv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi taʼlimlarda oʻquv jarayoni istisno tariqasida joriy yilning 1-oktabridan boshlanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2017-yil 30-sentabrgacha:
2017/2018 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimiga 1-kursga talabalarni qabul qilish yuqori saviyada va adolatli oʻtkazilishini taʼminlasin;
oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlari tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlarining oʻquv rejasi va fan dasturlarini tasdiqlasin, shuningdek ularga muvofiq fanlarni oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlarda dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalari tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali, daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni va ular belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi boʻlim taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlari hamda oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilansin va uning huzurida pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilinsin.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
maxsus sirtqi boʻlimlar orqali umumtaʼlim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash taʼlim mazmuni zamonaviy talablarga uygʻun rivojlantirilishini taʼminlash hamda mazkur jarayonlarga ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
maxsus sirtqi boʻlimlar oʻquv jarayonlariga ilgʻor xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish;
maxsus sirtqi boʻlimlar oʻquv jarayonlariga pedagogika sohasi olimlari va mamlakatimizning yetuk mutaxassislari jalb etilishini tashkil etish;
pedagogika sohasining dolzarb ilmiy muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlar, jumladan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish;
pedagoglik kasbining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, jumladan yoshlarni oʻqituvchilik kasbiga yoʻnaltirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
maxsus sirtqi boʻlimlar faoliyat olib borayotgan oliy taʼlim muassasalarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, jumladan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash, hududlardagi oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarini zarur oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlanishini moliyalashtirishning aniq choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda maxsus sirtqi boʻlimlarga qabul qilish tartibi, mezonlari hamda tuziladigan uch tomonlama shartnoma shaklini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 9-avgust,
PQ-3183-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi PQ-3183-son qaroriga ILOVA
Pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalari
1. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 2. Andijon davlat universiteti 3. Buxoro davlat universiteti 4. Guliston davlat universiteti 5. Qarshi davlat universiteti 6. Namangan davlat universiteti 7. Samarqand davlat universiteti 8. Termiz davlat universiteti 9. Urganch davlat universiteti 10. Fargʻona davlat universiteti 11. Jizzax davlat pedagogika instituti 12. Navoiy davlat pedagogika instituti 13. Nukus davlat pedagogika instituti 14. Qoʻqon davlat pedagogika instituti 15. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga