PQ-3195-son Qaror · 10.08.2017

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3195
  • Qabul qilingan sana:10.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:21.08.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 33

Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti boʻlgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soʻz va matbuot erkinligi, fikrlar xilma-xilligiga erishish, fuqarolarimizning axborot olish, oʻz fikrini erkin ifoda etish borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Ayni vaqtda, hozirgi shiddatli axborot zamonida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va koʻmak berish, jurnalistlarning professional malakasini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, soha uchun kadrlar tayyorlash borasida bir qator dolzarb muammolar oʻz yechimini kutib turibdi.

Bu yoʻnalishda avvalambor Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

Ana shu zaruratdan kelib chiqqan holda hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini keng qoʻllab-quvvatlash, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, axborot agentliklari va Internet nashrlarida mehnat qilayotgan mualliflarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, jurnalist kadrlarning professional mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasini saqlash, xodimlarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlari, shuningdek, Uyushmaning va Uyushmaga qarashli boʻlgan Respublika Milliy matbuot markazining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishni moliyalashtirish manbasi etib Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda “Ilhom” jamoat fondi deb yuritiladi) mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boʻlimlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan “Ilhom” jamoat fondiga ajratiladigan budjet mablagʻlari (subsidiya) hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.

2. Toshkent shahar hokimligi Uyushmani Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Islom Karimov koʻchasi, 16-A uyga joylashtirilishini taʼminlasin.

3. “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining Uyushmaga xayriya asosida 1 ta “Damas” rusumli avtomashinasini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushma bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy bilan taʼminlash ishlarini belgilangan tartibda yoʻlga qoʻysin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)

5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 10-avgust,

PQ-3195-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.