PQ-3245-son Qaror · 29.08.2017

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3245
  • Qabul qilingan sana:29.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:04.09.2017
  • Holati:Amalda

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan “Elektron Hukumat” tizimini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarida axborot tizimlarini tatbiq etish va jamoat tartibini taʼminlash vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-sonli qaroriga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi “Uzinfokom” negizida Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator tashkil etilsin (keyingi oʻrinlarda — Yagona integrator deb yuritiladi).

2. Quyidagilar Yagona integratorning asosiy vazifalari etib belgilansin:

“Elektron hukumat” tizimida axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarni hamda iqtisodiyot tarmoqlarida axborot texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va integratsiyalashni, apparat-dasturiy komplekslarni oʻrnatishni, shuningdek, tegishli loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlashni taʼminlash;

aholiga va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

“Elektron hukumat” tizimi loyihalarini amalga oshirishga hamda iqtisodiyot tarmoqlarida axborot texnologiyalarini joriy etishga mamlakat korxonalari va tashkilotlarini tizimli jalb etish hisobiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarining mahalliy bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish:

“Elektron hukumat” tizimi infratuzilmasining, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi) axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarining texnologik xavfsizligini taʼminlash choralarini amalga oshirish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar oʻrtasida, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi faoliyati doirasida axborot tizimlarini hamda idoralararo elektron hamkorlik va axborot ayirboshlash tarmoqlarini joriy etish;

xalqaro standartlarga muvofiq, yuqori texnologiyali xizmatlar va mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar mahalliy bozorining eksport salohiyatini oshirishga koʻmaklashish.

4. Yagona integratorga:

uning zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish hamda qonunchilikda belgilangan talablar va shartlarga rioya etilgan holda, tegishli litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni olmasdan oʻquv kurslarini tashkil etishga;

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasida rezidentlik talablarini istisno qilgan holda harbiylashtirilgan tuzilmalarning ehtiyojlari uchun apparat-dasturiy komplekslarni, avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmalarini hamda ushbu maqsadlar uchun asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotlarni joriy etishga, shu jumladan, yetkazib berishga;

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan taʼlim, sogʻliqni saqlash, mudofaa, geologiya va sud sohalariga texnologik uskunalar, dasturiy mahsulot, axborot tizimlari, shuningdek, dasturiy apparat komplekslari va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish, bunda koʻrsatilgan faoliyatga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari uchun belgilangan ajratmalar talablari qoʻllanilmaydi;

oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlaridan maʼlumotlarni axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda olish va qayta ishlashga;

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/286/0832-son)

eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, axborot tizimlari, resurslari va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha pudrat va yordamchi pudrat ishlarini bajarish yuzasidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.

5. Davlat organlari va boshqa tashkilotlarga tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish boʻyicha Yagona integrator bilan shartnomalar tuzish huquqi berilsin.

Harbiylashtirilgan tuzilmalarga:

apparat-dasturiy komplekslar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmalari loyihalarini amalga oshirish doirasida asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish uchun Yagona integrator bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha 100 foiz oldindan toʻlovni amalga oshirish;

tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan loyiha-texnik hujjatlarni tayyorlash, apparat-dasturiy komplekslarni, avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmalarini ishlab chiqish hamda ushbu maqsadlar uchun asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotlarni yetkazib berish boʻyicha Yagona integrator bilan shartnomalar tuzish huquqi berilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)

8. “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish boʻyicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, shuningdek, boshqa vazirliklar, idoralarning rahbarlari — Dastur ijrochilari unda nazarda tutilgan tadbirlarning toʻliq miqyosda, oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar boʻladilar.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha “Xavfsiz shahar” kompleksini yaratish loyihasini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari, konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha “Xavfsiz shahar” kompleksini yaratish loyihasini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarning koʻp martalik vizalari davlat boji undirilmasdan rasmiylashtirilishi, topshirilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda vazirlik markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarining tashkiliy shtat tuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Quyidagilar belgilansin:

(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi” davlat muassasasining faoliyatini, mehnatga haq toʻlash fondini moliyalashtirish hamda uning xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish, shuningdek, moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlash “Xavfsiz shahar” kompleksidan foydalangan holda, aniqlangan huquqbuzarliklar uchun jarimalar toʻlashdan tushadigan summaning 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar hisobidan, yetishmay qolgan qismi esa Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)

Yagona integrator dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, axborot tizimlari va resurslarini tatbiq etish hamda integratsiyalash boʻyicha jami ishlarning kamida 30 foizini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasidagi mahalliy korxonalar va tashkilotlarga tizimli asosda topshiradi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017-yilning 15-dekabriga qadar muddatda amaldagi qonunchilikni va ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilishni, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda 2018 — 2021-yillarda “Elektron hukumat” tizimini yanada takomillashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish kompleks dasturini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sodiqov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 29-avgust,

PQ-3245-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son qaroriga 1-ILOVA

“XAVFSIZ SHAHAR” YAGONA APPARAT-DASTURIY KOMPLEKSINI YARATISH BOʻYICHA BOSQICHMA-BOSQICH AMALGA OSHIRILADIGAN CHORA-TADBIRLAR

Izoh. “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish loyihasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyasi ushbu Dasturga, zarur hollarda, oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishga haqli.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.