PQ-3250-son Qaror · 30.08.2017

Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3250
  • Qabul qilingan sana:30.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:11.09.2017
  • Holati:Amalda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 21-fevraldagi PF-4966-sonli Farmonini hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish, shuningdek, sudlov ishlarini yurgizish samaradorligi va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sudlar faoliyatida keng qoʻllashni taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etishning asosiy vazifalari etib belgilansin:

birinchidan — sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini taʼminlash, sudlov ishlarini yurgizish sifati va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish, sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va suiisteʼmolchilik faktlariga barham berish;

ikkinchidan — sudlarda ishlarning oʻz vaqtida koʻrilishini nazorat qilishning samarali tizimini yaratish, sudlov ishlarini yurgizishdagi muammolar va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni hal etish choralarini koʻrish maqsadida sudlar ishlarini avtomatlashtirish va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni tizimlashtirish;

uchinchidan — odil sudlovni amalga oshirish hamda sudlar qarorlarining ijrosini taʼminlashda sudlarning surishtiruv, dastlabki tergov va majburiy ijro organlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash;

toʻrtinchidan — sudlarda ish yuritish samaradorligi oshirilishini, sudlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborot ochiqligini, shuningdek, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar roʻyxati kengaytirilishi hamda sifati yaxshilanishini taʼminlaydigan axborot tizimlari va resurslarini takomillashtirish;

beshinchidan — sudyalar va sudlar xodimlarining ishda zamonaviy kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda ularning kompyuter savodxonligi, amaliy koʻnikmalari darajasini oshirish;

oltinchidan — sudlar tizimida axborot xavfsizligini va elektron hujjatlarning xavfsiz aylanishini taʼminlash.

2. 2017 — 2020-yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish Dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki, Dastur tadbirlarini amalga oshirishni moliyalashtirish Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmaklashish mablagʻlari va grantlari hamda donor tashkilotlarning mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oliy sud va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirishni, jumladan, zamonaviy uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan, fuqarolar erkin kelishlari va respublika boʻyicha ochiq sud majlislarini real vaqt rejimida kuzatib borishlari uchun “Odil sudlov saroyi” kompleksida maxsus zal tashkil etilishini taʼminlasin;

sudlar faoliyatiga joriy etiladigan yagona korporativ tarmogʻining, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasining axborot xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin;

sudlov ishlarini yurgizish Yagona axborot tizimining axborot tizimlari komplekslari va “Elektron hukumat” tizimining markaziy maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyasini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʻzbektelekom” AK bilan birgalikda tola-optik aloqa liniyalarini loyihalash va qurishda ularning barcha sud binolariga oʻtkazilishini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamentiga, istisno tariqasida, tanlov savdolari oʻtkazmasdan:

“Oʻzbektelekom” AK bilan — sudlarda mahalliy hisoblash tarmoqlarini qurish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining korporativ tarmogʻini yaratish, mahalliy tarmoqlarni korporativ tarmoqqa birlashtirish toʻgʻrisida;

“UNICON.UZ” DUK bilan — sudlar faoliyatiga joriy etiladigan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish haqida shartnoma tuzishga ruxsat berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish doirasida olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlarning bojxona toʻlovlaridan ozod etilishini (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini zarurat boʻlganda belgilangan tartibda kiritsin va shunday tovarlar roʻyxatini tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oliy sud bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlarning texnik koʻmaklashish mablagʻlari va grantlarini jalb etish masalasini ishlab chiqsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 30-avgust,

PQ-3250-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi PQ-3250-son qaroriga ILOVA

2017 — 2020-yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish

* Loyihalarni amalga oshirishning uzil-kesil qiymati loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, tasdiqlangandan keyin, tender (tanlov) savdolari oʻtkazilgandan soʻng, shuningdek, amalda tarkib topayotgan narxlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

** Tadbirlarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarining texnikaviy koʻmagi mablagʻlari, grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.