Keyingi yillarda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy, eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilgani qayd etilsin.
Maqbul miqdorda tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha izchil amalga oshirilayotgan siyosat Oʻzbekistonning majburiyatlarini oʻz vaqtida bajaradigan ishonchli, toʻlovga layoqatli xalqaro sherik sifatidagi imidjini taʼminladi, keyinchalik valyuta kursini liberallashtirish uchun zarur oltin-valyuta zaxirasini shakllantirish, valyuta resurslarini real iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiya qilishning ustuvor sohalariga yoʻnaltirish, jahon moliyaviy inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini berdi.
Shu bilan birga, valyuta muomalasi sohasining haddan ziyod maʼmuriy tartibga solinishi alohida tarmoqlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning asossiz ravishda kam samarali boʻlgan tizimini shakllantirdi, biznes yuritishda teng boʻlmagan shart-sharoitlarning vujudga kelishi va raqobatning bozor tamoyillari buzilishiga olib keldi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda, tovarlar va xizmatlar eksportini oshirishda, umuman, mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida toʻsqinlik qiluvchi omilga aylandi.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, respublika eksport salohiyatini oshirishni ragʻbatlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:
1. Valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasida davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
birinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda oʻz mablagʻlarini oʻzining xohishiga koʻra erkin tasarruf etish huquqlarini roʻyobga chiqarishni toʻliq taʼminlash;
ikkinchidan, milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qoʻllash;
uchinchidan, valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirish, valyuta bozorida barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, valyuta siyosatining noanʼanaviy tarmoqlarda eksportni rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda ragʻbatlantiruvchi rolini oshirish;
toʻrtinchidan, sifatli ish oʻrinlari va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni bevosita ragʻbatlantirish uchun iqtisodiyotning barcha sektorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, bilim va texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash;
beshinchidan, milliy valyutaning barqarorligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy monetar siyosatni amalga oshirish, bu borada monetar instrumentlardan faol va moslashtirilgan holda foydalanish, davlat qimmatli qogʻozlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalar hamda davlat qimmatli qogʻozlarini banklar likvidligiga garovga berish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishni amaliyotga joriy qilish;
oltinchidan, monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish hamda Davlat budjetining mutanosibligini taʼminlash orqali pul massasi haddan ziyod oʻsishining oldini olish;
yettinchidan, bank tizimining barqarorligini taʼminlash va uning tavakkalchiliklarga bardoshliligini, shu jumladan, valyuta siyosatini liberallashtirishning vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan samarali choralarni qoʻllash hisobiga oshirish;
sakkizinchidan, valyuta siyosatining yangi sharoitlarida tayanch tarmoqlar korxonalari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
toʻqqizinchidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasiga valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirish imkonini beradigan har tomonlama ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2017-yilning 5-sentabridan:
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini toʻlash va boshqa savdo xarakteriga ega boʻlmagan oʻtkazmalar) boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olishlari mumkin;
jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklari orqali erkin sotishi va sotib olishi hamda sotib olingan mablagʻlarni hech qanday cheklovlarsiz tasarruf etishi mumkin;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
isteʼmol tovarlari importi bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun oʻrnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat beriladi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish boʻyicha talab bekor qilinadi;
Belgilansinki, chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xoʻjaliklari oʻz bank hisobvaraqlaridagi naqd mablagʻlarni faqat milliy valyutada yechib olishga haqlidirlar, chet el valyutasidan chet elda asosli foydalanish hollari bundan mustasno.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-sentabrdagi PF-5811-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2019-y., 06/19/5811/3691-son)
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
tovar (ish va xizmat)lar uchun toʻlovlarni chet el valyutasida amalga oshirish taqiqlanadi, xususiylashtirish dasturlari doirasida davlat mulkini xorijiy valyutada sotish hamda ular boʻyicha toʻlovlarni oldi-sotdi shartnomasida belgilangan valyutada amalga oshirish hamda xalqaro tajribaga muvofiq xalqaro toʻlov kartalari orqali toʻlovlar shuningdek, kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar bundan mustasno;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
tovar, ish va xizmatlar uchun narx va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanadi;
davlat bojlari, yigʻimlari va boshqa majburiy toʻlovlar faqat milliy valyutada undiriladi, konsullik yigʻimlari bundan mustasno.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
xorijiy valyutada kreditlar berish va undirish shartlari kredit siyosatidan kelib chiqqan holda tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi;
banklarning xorijiy valyuta oldi-sotdisi bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha tavakkalchiliklari tadbirkorlik tavakkalchiligi hisoblanadi hamda ularni boshqarish tijorat bankining vakolatiga kiradi;
xorijiy valyuta oldi-sotdisi boʻyicha komission vositachilik haqi miqdori tijorat banki tomonidan mustaqil belgilanadi;
tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish boʻyicha litsenziya berish amaliyoti bekor qilinadi. Tijorat banklarining xorijiy valyuta bilan operatsiyalari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda valyuta siyosatini liberallashtirish oqibatlarini yumshatishni nazarda tutuvchi hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin, ularda quyidagilar:
banklarning kapitallashuv darajasi va likvidliligini taʼminlash orqali ularning tavakkalchiliklarga bardoshliligini oshirish, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda bank tavakkalchiliklarini baholashni takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy qilishni koʻzda tutuvchi respublika bank tizimi moliyaviy barqarorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar;
iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlashga, xorijiy kreditlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatishda davlat tomonidan moliyaviy yordam berish, soliqqa tortish mexanizmlari va tamoyillarini takomillashtirish, davlat tomonidan vaqtincha subsidiyalar ajratish, Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va tijorat banklari kreditlarini restrukturizatsiya qilishga qaratilgan iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari;
import qilinayotgan tovarlar va xizmatlar ichki narxlarining oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bojxona toʻlovlari stavkalarini optimallashtirish chora-tadbirlari;
2017-2018-yillarda 14 yoshga toʻlmagan farzandlari boʻlgan oilalar uchun belgilangan nafaqa oluvchilar sonini oʻrtacha 1,5 barobar va kam taʼminlangan oilalar uchun belgilangan moddiy yordam oluvchilar sonini 2 barobarga oshirish, ishsiz fuqarolar uchun aholi punktlari, mahallalarni obodonlashtirish, ariqlar, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash, infratuzilmani yaxshilash, yoʻl va koʻchalarni taʼmirlash boʻyicha haq toʻlanadigan jamoatchilik ishlarini tashkil etish, shuningdek, Davlat budjeti, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan kam taʼminlangan oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish, shu jumladan, oilalarning alohida davlat koʻmagiga ehtiyojmand toifalariga uy-joy taʼmirlash yoki xarid qilish, qoramol, parranda va eng zarur maishiy texnika sotib olishga koʻmaklashish hisobiga aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini kuchaytirish nazarda tutilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ichki zaxiralarni safarbar qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga budjet daromadlarini oshirish orqali 2017-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining profitsit bilan bajarilishini taʼminlash, shuningdek, Davlat budjetida koʻzda tutilgan barcha tadbirlarning toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash va tasdiqlangan xarajatlarni asossiz qisqartirish amaliyotiga barham berish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha tasdiqlangan davlat dasturlarida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni soʻzsiz amalga oshirishni nazarda tutgan holda, 2018-yilgi Davlat budjeti loyihasini profitsit prognozi bilan ishlab chiqish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablagʻlarini qayta baholash natijasida olgan foydasi soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydigan vaqtincha tartib (2018-yilning 1-iyuliga qadar) belgilash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha mazkur Farmonda belgilangan normalar taʼsirining tahlilidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonuni yangi tahriri loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Unda:
havola qiluvchi meʼyorlarni maksimal darajada qisqartirgan holda, valyuta operatsiyalarining amaliyotda uchraydigan barcha jihatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasining barqarorligini taʼminlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz valyuta mablagʻlarini erkin tasarruf etish huquqini toʻliq roʻyobga chiqarish;
respublika iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, kapital harakati bilan bogʻliq operatsiyalarni tartibga solish masalalari koʻzda tutilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd chet el valyutasining noqonuniy muomalasini va naqd chet el valyutasi bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirishni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan idoraviy meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-sentabr,
PF-5177-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga