Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi oʻrinlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari deb yuritiladi) uygʻun faoliyatini tashkil etishni talab qiladi.
Shu bilan birga, ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining zamonaviy talablarga javob bermaydigan institutsional asoslari va ular faoliyatining prinsiplari oʻtkazilayotgan islohotlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga hamda qoʻyilgan maqsadlarga erishishga toʻsqinlik qilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish boʻyicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan:
birinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish surʼatlarini pasaytiruvchi, joylarda toʻplanib qolgan muammolarning oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlamayapti;
ikkinchidan, ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xususiyatga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;
uchinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishni taʼminlamayapti;
toʻrtinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik maʼlumotlarni joriy toʻplashdan iborat boʻlib, bu koʻpchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;
beshinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohasining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo oʻzaro hamkorligining taʼsirchan mexanizmlari mavjud emas;
oltinchidan, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;
yettinchidan, boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublarini, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermaydi, shuningdek, davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratlashtirish va yuqori sarf-xarajatlarga sabab boʻlmoqda;
sakkizinchidan, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xoʻjalik funksiyalari qoʻshib olib borilishi, yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yoʻnaltirilganlikka ega boʻlmagan eskirgan tarmoq boshqaruv tizimi, individual imtiyoz, preferensiya va afzalliklarning asossiz taqdim etilishi sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda;
toʻqqizinchidan, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning rivojlanmaganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklamoqda va oqibatda budjet xarajatlarining kamayishini taʼminlamayapti;
oʻninchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari byurokratiya va korrupsiyaning turli koʻrinishlariga olib kelmoqda;
oʻn birinchidan, ayrim rahbarlarda lozim darajada masʼuliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarni va maqsadli koʻrsatmalarni oʻz vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy taʼsir qilmoqda.
Koʻrsatib oʻtilgan tizimli muammolarni bartaraf etish, innovatsion rivojlanishning zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil roʻyobga chiqarish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha maʼmuriy islohotlarning asosiy yoʻnalishlari va vazifalari etib belgilansin:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish:
ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy qilish;
ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va boʻlinmalarini optimallashtirish;
ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishida mustaqilligini oshirish;
“Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish;
davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish;
maʼmuriy adliya tizimini rivojlantirish;
b) quyidagilarni nazarda tutgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va oʻzaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish:
ijro etuvchi hokimiyat organlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni va javobgarlik sohalarini belgilash, ishonib topshirilgan tuzilma faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish;
davlat va hududiy rivojlanish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish;
maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yoʻli bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish;
“aqlli tartibga solish” modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish taʼsirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish;
ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati subyektlariga oʻtkazish yoʻli bilan tartibga solish vositalarini takomillashtirish;
ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish;
rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayonida jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikning zamonaviy shakl va mexanizmlaridan keng foydalanish;
v) quyidagilarni nazarda tutgan holda, iqtisodiyot tarmoqlariga maʼmuriy taʼsir koʻrsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish:
eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari toʻqnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda boshqaruv tizimini takomillashtirish;
iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish;
ayrim davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularni xususiy sektorga oʻtkazish;
g) quyidagilarni nazarda tutgan holda, vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish:
davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish;
mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar boʻlinishi prinsipining amaliy roʻyobga chiqarilishini taʼminlash;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish;
d) quyidagilarni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish:
strategik rejalashtirish tizimini tashkil etish hamda davlat boshqaruvining innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan keng foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish;
ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb etish;
ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish;
tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish;
e) quyidagilarni nazarda tutgan holda, professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish:
davlat xizmati, davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning maxsus taʼlim yoʻnalishlarini tashkil etish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminotining munosib sharoitlarini yaratish;
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
3. Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy oʻrganish oʻtkazish va takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda ishchi guruhlar deb yuritiladi) 4-ilovaga muvofiq tarkiblarda tashkil etilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin;
har oyda Komissiyaga monitoring natijalari toʻgʻrisida axborot kiritsin.
6. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi zarurat boʻlganda, xorijiy (xalqaro) tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda davlat boshqaruvi sohasida ilgʻor xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganishni tashkil etishda Komissiyaga, ishchi guruhlarga koʻmaklashsin.
8. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tarkibiy boʻlinmalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, shuningdek, ishchi guruhlar rahbarlari mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari U.S. Ismoilov, O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-sentabr,
PF-5185-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga (keyingi oʻrinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) muvofiq, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning muhim maqsadlari etib belgilandi.
Ushbu maqsadlarga erishishning muhim sharti amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarining toʻliq roʻyobga chiqarilishini taʼminlay oladigan, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolarini oʻz vaqtida aniqlaydigan va samarali hal qiladigan davlat boshqaruvi tizimining aniq faoliyat koʻrsatishi hisoblanadi.
Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili va aholi bilan muloqot natijalari davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi oʻrinlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishda islohotlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qiluvchi jiddiy kamchiliklarning saqlanib qolayotganligidan dalolat bermoqda. Xususan:
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish surʼatlarini pasaytiruvchi, joylarda toʻplanib qolgan muammolarning oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlamayapti. Ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirliklar, davlat qoʻmitalari, agentliklar, qoʻmitalar, markazlar, inspeksiyalar) huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qoʻyilmaganligi ularning davlat apparatidagi aniq oʻrni va rolini aniqlash imkonini bermayapti;
ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularga xos boʻlmagan funksiyalarning bajarilishi, shuningdek, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning (xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari) mavjudligi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga olib kelmoqda;
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishni taʼminlamayapti. Davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan koʻplab idoralararo kollegial organlarning (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) mavjudligi ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va funksiyalarining oʻrnini egallashga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun javobgarlikning susayishiga olib kelmoqda;
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik maʼlumotlarni joriy toʻplashdan iborat boʻlib, bu aksariyat hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohalarining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo oʻzaro hamkorligining taʼsirchan mexanizmlari mavjud emas;
davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;
boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublarini, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermaydi, shuningdek, davlat boshqaruvini ortiqcha byurokratlashtirish va uning yuqori sarf-xarajatlarining sababi hisoblanadi;
xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xoʻjalik funksiyalari qoʻshib olib borilishi, yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yoʻnaltirilganlikka ega boʻlmagan, eskirgan tarmoq boshqaruv tizimi, individual imtiyoz, preferensiya va afzalliklarning asossiz taqdim etilishi sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda;
ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning rivojlanmaganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklaydi hamda oqibatda budjet xarajatlarining kamayishini taʼminlamaydi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari byurokratiyaga va korrupsiyaning turli koʻrinishlariga olib kelmoqda. Davlat xizmatlarini koʻrsatish darajasi aholi va biznesning istak va talablariga javob bermayapti, davlat boshqaruvi tizimiga boʻlgan ishonchni oshirish imkonini bermayapti;
ayrim rahbarlarda lozim darajada masʼuliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarni va maqsadli koʻrsatmalarni oʻz vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy taʼsir qilmoqda. Davlat xizmatining unifikatsiyalangan huquqiy asoslari, davlat xizmatchilarining maqomini belgilovchi yagona normalar, ularning faoliyatini baholash mezonlari shakllantirilmaganligi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish imkonini bermayapti;
ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini ijtimoiy-moddiy himoya qilishning past darajada ekanligi, yuklatilgan javobgarlik darajasining ular ijtimoiy-huquqiy holatiga muvofiq kelmasligi, mehnatga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminot jamgʻarmasini shakllantirishning yagona prinsiplari mavjud emasligi malakali kadrlarning davlat xizmatidan chiqib ketishi hamda korrupsiyaviy holatlar, davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy resurslarning adolatsiz va nomutanosib taqsimlanishi uchun sharoit yaratmoqda.
Davlat boshqaruvi tizimidagi mavjud kamchiliklar jamiyatning oʻsib borayotgan talablariga lozim darajada munosabat bildirish, joylarda toʻplanib qolgan muammolarni hal qilish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, oqibatda esa odamlarning hayotida kutilayotgan ijobiy oʻzgarishlarga erishishni taʼminlash imkonini bermaydi.
Shu munosabat bilan, quyidagi asosiy yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali davlat boshqaruvining konseptual yangi modelini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi:
I. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.
1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalarini tashkil etish va tugatishning maʼmuriy apparat, budjet yuklamasi asossiz oshishi va davlat boshqaruvini byurokratlashtirishning oldini olishga qaratilgan aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy etish.
2. Real ehtiyoj, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga salbiy taʼsirga yoʻl qoʻymaslik, respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish, shuningdek, kadrlar va moddiy resurslarning toʻgʻri taqsimlanishini taʼminlashni hisobga olgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va boʻlinmalarini optimallashtirish.
3. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli departamentlari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish hisobiga biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishi uchun ularning mustaqilligi hamda javobgarligini oshirish.
4. Maʼmuriy tartib-taomillarni optimallashtirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, hududlar va butun mamlakatda yuzaga kelayotgan tahdid va muammolarga oʻz vaqtida hamda munosib taʼsir koʻrsatish uchun axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida “Elektron hukumat” tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish.
5. Quyidagilar orqali davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish:
“yagona darcha”, shu jumladan, idoraviy markazlar negizida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarini tashkil etish;
barcha davlat xizmatlarini tartibga solish, ularni yagona reyestrga kiritish;
davlat xizmatlari koʻrsatishda ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan idoralararo hamkorlik orqali olish lozim boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarning roʻyxatini belgilash va bosqichma-bosqich kengaytirish.
6. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish tartibini takomillashtirish, nizolarni sudgacha hal qilish usuli sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etish orqali maʼmuriy adliya tizimini rivojlantirish.
II. Ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohasini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va oʻzaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish.
1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari) va javobgarlik sohasini belgilash, har bir vazifa va funksiyani amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydigan, shu jumladan, axborot-tahliliy qoʻllab-quvvatlash, strategik rejalashtirish, loyiha boshqaruvi, tartibga solish funksiyalarini amalga oshirish, davlat xizmatlari koʻrsatish masalalari boʻyicha maʼmuriy tartib-taomillar hamda reglamentlarni joriy etish.
2. Hududlarni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ishini tashkil etish va kuchlarini safarbar etish, shuningdek, tor idoraviy yondashuv holatlarining oldini olish imkonini beruvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni — Vazirlar Mahkamasi — respublika davlat boshqaruvi organlari — tarkibiy va hududiy boʻlinmalar — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari” taʼsirchan tizimini joriy etish.
3. Tegishli vakolatlarni aniq davlat organlariga oʻtkazish va ularga qabul qilinayotgan qarorlarning natijasi uchun javobgarlikni yuklash orqali davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlarni (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) tubdan qisqartirish.
4. Hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va joylardagi dolzarb muammolarni kompleks hal etish zaruratini hisobga olgan holda, davlat va hududiy rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish.
5. Maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, dasturiy budjetlashtirish va vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yoʻli bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish.
6. Normativ-huquqiy hujjatlarni ularning taʼsirini lozim darajada baholamasdan qabul qilishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, kollizion normalar, ikki xil sharhlash, korrupsiya koʻrinishlari va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlariga olib keluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bosqichma-bosqich bartaraf etishni nazarda tutuvchi “aqlli tartibga solish” modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish taʼsirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish.
7. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini mavjud muammolarning oqibatlariga qarshi kurashishga emas, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati subyektlariga oʻtkazish va ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish orqali tartibga solish vositalarini takomillashtirish.
8. Ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish.
9. Rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayoniga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni taʼminlaydigan jamoatchilik bilan hamkorlikning zamonaviy shakllarini (virtual qabulxonalar, “ishonch telefonlari”) keng joriy etish.
III. Iqtisodiyot tarmoqlariga maʼmuriy taʼsir koʻrsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish.
1. Eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari toʻqnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda, boshqaruv tizimini takomillashtirish.
2. Xususiy sektor samarali faoliyat koʻrsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish.
3. Iqtisodiy faoliyatda, eng avvalo, davlat unitar korxonalarini tashkil etish va faoliyatini boshqarish, ishonchli boshqaruvchilar vakolatlarini, ularning iqtisodiy va boshqaruv samaradorligini oshirish, birinchi navbatda, davlat aktivlarini boshqarish tizimining moliyaviy shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni boshqarishning korporativ mexanizmlarini rivojlantirish sohalarida davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
4. Nazorat vakolatiga ega ijro etuvchi hokimiyat organlarini (“Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Oʻzdavenergonazorat” va boshqalar) ularning nazorati ostidagi xoʻjalik boshqaruvi organlari (“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekenergo” AJ va boshqalar) hisobidan moliyalashtirish amaliyotidan voz kechish.
5. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini (taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, kommunal xoʻjaligi, yoʻl-transport infratuzilmasi) hal qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini taʼminlashga hamda budjet xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish.
6. Litsenziyalash, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish tartib-taomillari orqali davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularning ayrimlarini xususiy sektorga oʻtkazish. Ayni vaqtda davlat nazoratining ortiqcha maʼmuriy choralarini (litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari), shu jumladan, ularni muqobil tartibga solish turlariga (javobgarlikni majburiy sugʻurtalash, muvofiqlikni deklaratsiyalash va boshqalar) almashtirish orqali qisqartirish.
IV. Vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish.
1. Respublika davlat boshqaruvi organlari vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati organlariga, viloyatdan tuman (shahar) davlat hokimiyati organlariga oʻtkazishni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish. Davlat boshqaruvining turli darajadagi oʻzaro funksiya va vakolatlarini, xususan, umumdavlat miqyosidagi strategik masalalarni respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida qoldirish, shuningdek, ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan vakolatlardan lozim darajada foydalanayotganligi ustidan nazorat qilishni aniq chegaralash.
2. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlarini, shu jumladan, mahalliy budjetga soliq ajratmalarini koʻpaytirish hamda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlarining soliq solish bazasini kengaytirishdan manfaatdorligini kuchaytirish orqali kengaytirish.
3. Hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organining rahbari sifatidagi maqomini unda ijro etuvchi hokimiyat rahbari maqomini saqlagan va xalq deputatlari Kengashlarining kotibiyatini tuzgan holda qayta koʻrib chiqish orqali mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilining amaliy roʻyobga chiqarilishini taʼminlash.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy boʻlinmalari faoliyatini nazorat qilish boʻyicha roli va masʼuliyatini oshirish.
5. Tegishli vakolatlarni hokimga bosqichma-bosqich oʻtkazish orqali hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish.
6. Kelgusida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va hokimlar faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga qaratilgan hokimlarni saylash tartibini joriy etish.
7. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish.
V. Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish.
1. Mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish.
2. Davlat xizmatlari koʻrsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni taʼminlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish.
3. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish boʻyicha har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb qilish, ularni yanada rivojlantirishni taʼminlaydigan normativ-huquqiy bazani shakllantirish.
4. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini, shu jumladan, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklarni tashkil etish orqali yaratish.
5. Tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qoʻllashni rivojlantirish, suvni tozalash hamda chuchuklashtirishning zamonaviy shakllarini kengaytirish, undan oqilona foydalanish orqali keng joriy etish.
VI. Professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish.
1. Davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida davlat xizmatini tashkil etish, shu jumladan, huquqiy maqomi, davlat xizmatchilarining klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatni oʻtash, axloq normalariga rioya etilishini taʼminlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yagona davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan ixtisoslashtirilgan organni tashkil etish.
3. Davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning va davlat xizmatchilari malakasini oshirishning maxsus taʼlim yoʻnalishlarini ishlab chiqish, shaxsiy yutuq, bilim va kasb mahorati asosida ularning faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish.
4. Davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiisteʼmolchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminotining zamonaviy tizimini yaratish.
5. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, jamiyat va biznes bilan oʻzaro hamkorlik qilishda ortiqcha maʼmuriy sarf-xarajatlarga barham berish.
6. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyishning yangi, samarali mexanizm va uslublarini joriy etish.
7. Ish vaqti va moddiy-ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish.
VII. Maʼmuriy islohotlarning amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar.
1. Kutilayotgan islohotlarning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlashga, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir boʻlgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish, shu jumladan, quyidagilar orqali:
ortiqcha va oʻziga xos boʻlmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;
davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish;
strategik rejalashtirish, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini joriy etish;
iqtisodiyot tarmoqlariga maʼmuriy taʼsir koʻrsatishni yanada qisqartirish hamda boshqaruvning sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va aholining ishchanlik faolligini oshirishga qaratilgan bozor mexanizmlarini kengaytirish;
jamoatchilik va parlament nazoratining, eng avvalo, korrupsiya koʻrinishlarining oldini olishga qaratilgan samarali shakllarini joriy etish.
2. Fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirish, shu jumladan, quyidagilar orqali:
davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarini aniq tartibga solishga qaratilgan maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibini takomillashtirishni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi maʼmuriy adliya tizimini rivojlantirish;
“Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari koʻrsatishning samaradorligini oshirish;
jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash.
Maʼmuriy islohotlarni samarali amalga oshirishning pirovard natijasida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoya hayotga toʻliq tatbiq etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi boʻyicha
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining turlari ularni tayyorlash jarayonida loyihaga kiritilayotgan masalalar doirasiga qarab oʻzgartirilishi (bir hujjatga birlashtirilishi) mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoniga 4-ILOVA
Davlat boshqaruvi tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha yigʻma guruh
Izoh: Yigʻma guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(yigʻma guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlar, bank va moliya tizimlarini isloh qilish, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 1-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(1-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 2-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(2-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 3-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(3-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 4-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(4-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya dasturlari shakllantirilishi va amalga oshirilishi monitoringini hamda chet el investitsiyasi jalb etilishini muvofiqlashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 5-ishchi guruhi
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(5-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5526-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2018-y., 06/20/5526/0983-son)
Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 6-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(6-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-iyundagi PF-5457-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2018-y., 06/18/5457/1324-son)
Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 7-ishchi guruh
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(7-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
Geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 8-ishchi guruhi
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish sohasida davlat boshqaruv tizimini tanqidiy oʻrganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha 9-ishchi guruhi
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(9-ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-fevraldagi PF-5329-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga