PQ-3284-son Qaror · 16.09.2017

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini Jahon banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3284
  • Qabul qilingan sana:16.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.09.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3284/0009

Magistral elektr tarmoqlarining ishonchli ishlashini oshirish, iqtisodiyot sohalari isteʼmolchilari hamda respublika aholisini elektr quvvati bilan uzluksiz taʼminlash, shuningdek, podstansiyalarning jismoniy va maʼnaviy eskirgan qismlarini almashtirish hisobiga uskunalarni mukammal taʼmirlashga ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytirish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Jahon banki Direktorlar kengashi 2016-yil 23-noyabrda “Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirish uchun umumiy qiymati 150,0 million AQSH dollari miqdoridagi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — XTTB)ning qarzi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — XTA) krediti Oʻzbekiston Respublikasiga berilishini maʼqulladi;

amalga oshirish muddati 2017 — 2022-yillarga moʻljallangan, umumiy qiymati 292,15 million AQSH dollariga teng miqdordagi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqildi.

2. Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining ekvivalenti 75,35 million AQSH dollariga teng miqdordagi shaxsiy mablagʻlari;

XTTBning 5 yillik imtiyozli davrni qoʻshib hisoblaganda 25 yil muddatda qaytarish sharti bilan 92,0 million AQSH dollari miqdoridagi qarzi;

XTAning 5 yillik imtiyozli davrni qoʻshib hisoblaganda 25 yil muddatda qaytarish sharti bilan 58,0 million AQSH dollari miqdoridagi krediti;

Oʻzbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlaridan iborat ekvivalenti 66,8 million AQSH dollari miqdoridagi hissasi.

3. Belgilansinki:

“Oʻzbekenergo” AJ XTTB qarzi va XTA kreditidan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, investitsiya loyihasining oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun javob beradigan ijro etuvchi organ hisoblanadi;

investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida XTTB qarzini va XTAning kreditini soʻndirish, shuningdek, ular boʻyicha foizlar, vositachilik haqi va boshqa chiqimlarni toʻlash bilan bogʻlik sarf-xarajatlar “Oʻzbekenergo” AJning shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun beriladigan XTTB qarzi va XTA krediti boʻyicha asosiy qarzni soʻndirish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvallari 2, 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Investitsiya loyihasi doirasida:

“Oʻzbekenergo” AJ — buyurtmachi etib;

“Energiyatarmoqloyiha” AJ — bosh loyihachi etib;

“4-montaj boshqarmasi” AJ — qurilish-montaj ishlarini bajarish qismida pudrat tashkiloti etib belgilansin.

6. “Oʻzbekenergo” AJ, “Energiyatarmokloyiha” AJ, “4-montaj boshqarmasi” AJga, istisno tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini olib borishga ruxsat berilsin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov XTTB bilan qarz bitimini va XTA bilan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga;

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri B.A. Xodjayev XTTA qarzini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni va XTA kreditini qayta kreditlash toʻgʻrisida “Oʻzbekenergo” AJ bilan bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga;

“Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M. Mustafoyev XTTB va XTA bilan loyiha bitimini imzolashga vakil qilinsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda:

Oʻzbekiston Respublikasi bilan XTTB oʻrtasidagi qarz bitimi, Oʻzbekiston Respublikasi va “Oʻzbekenergo” AJ oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi bilan XTA oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim, Oʻzbekiston Respublikasi va “Oʻzbekenergo” AJ oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha huquqiy xulosalar bersin.

9. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, shu jumladan “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida rasmiylashtirgan holda olib kelinadigan tovarlar, uskunalar, materiallar va maxsus transport vositalari 2023-yilning 1-yanvariga qadar bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (K.N. Toʻlaganov) investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini, qurilishga, tegishli xizmatlar koʻrsatishga zarur litsenziyalar va ruxsatnomalar oʻz vaqtida berilishini, shuningdek, qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan tegishli darajadagi nazoratni tashkil etsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

11. “Oʻzstandart” agentligi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinayotgan tovarlar, uskuna va materiallar belgilangan tartibda sertifikatlashtirilishni taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekenergo” AJning buyurtmanomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekenergo” AJning buyurtmanomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekenergo” AJning buyurtmanomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik roʻyxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M. Mustafoyev va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sodiqov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-sentabr,

PQ-3284-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3284-son qaroriga 1-ILOVA

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy

* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash natijalari boʻyicha belgilanadi.

** Investitsiya davridagi moliyaviy sarf-xarajatlar qarz va kreditni tanlab olishning amaldagi summasi va muddatidan kelib chiqqan holda aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3284-son qaroriga 2-ILOVA

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun beriladigan XTTB qarzi va krediti boʻyicha asosiy qarzni soʻndirish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning

* Foizlar qoʻshilishida 6 oylik LIBOR stavkasi yillik hisob-kitob boʻyicha 1,4 foizga teng deb qabul qilingan, oʻzgaruvchi hisob-kitob 0,91 foizni tashkil qiladi.

** Toʻlov summalari amaldagi qarz summasi va tanlab olish kunidan va 6 oylik LIBOR stavkasining oʻzgarishiga qarab aniqlanib boriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3284-son qaroriga 3-ILOVA

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun beriladigan XTA krediti (A qismi) boʻyicha asosiy qarzni soʻndirish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning

* Kreditning amaldagi summasi va tanlab olish muddatidan kelib chiqqan holda aniqlashtirilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3284-son qaroriga 4-ILOVA

“Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun beriladigan XTA krediti (B qismi) boʻyicha asosiy qarzni soʻndirish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning

* Kreditning amaldagi summasi va tanlab olish muddatidan kelib chiqqan holda aniqlashtirilishi lozim.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.