PQ-3365-son Qaror · 01.11.2017

Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3365
  • Qabul qilingan sana:01.11.2017
  • Kuchga kirgan sana:01.11.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3365/0195

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2017 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin:

2017 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda Dasturni amalga oshirish moliyaviy xarajatlarining hisob-kitob hajmlari parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)

2018 — 2022-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash dasturi 3-ilovaga muvofiq.

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli idoralar oʻzlarining tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda har yili 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda:

a) tasarrufdagi har bir ilmiy-tadqiqot muassasasining kelgusi kalendar yilida rekonstruksiya qilinishi yoki kapital taʼmirlanishi lozim boʻlgan bino va xonalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash boʻyicha texnik vazifalarni;

kelgusi kalendar yilida jihozlanishi lozim boʻlgan tasarrufdagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini jihozlash uchun ilmiy va laboratoriya uskunalarining ularga boʻlgan ehtiyojni asoslagan holda tasniflagichlarini ishlab chiqilishini taʼminlasin;

b) texnik vazifalar va tasniflagichlar asosida ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va xonalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, shuningdek, ularni zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun mablagʻ ajratish boʻyicha buyurtmanomalarni shakllantirsin hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etsin.

(2-bandining “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)

4. Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining binolari va korpuslarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda idoraviy mansubligi boʻyicha tegishli tashkilotlarning oʻz mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalarining binolari va korpuslarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda tegishli tashkilotlarning oʻz mablagʻlari;

ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan uzluksiz taʼminlash, yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish uchun — Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlarning kredit va grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3698-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2018-y., 07/18/3698/1178-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalarini ofis va laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlarini sotishdan tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlarning kredit va grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining ilmiy-tadqiqot muassasalarini ofis va laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun — tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi boshqa muassasalarining oʻz mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlar grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlarini sotishdan tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha ularni ofis hamda laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarida qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilgandan soʻng ajratiladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi 2018-yil va kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining asoslangan takliflari boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Dasturda koʻzda tutilgan obyektlarni rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash uchun kapital mablagʻlar limitlarini nazarda tutsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)

6. Dasturda koʻzda tutilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash doirasida:

“Inkom capital qurilish” injiniring kompaniyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi obyektlari boʻyicha buyurtmachi;

“Suvqurilishinvest” DUK — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi obyektlari boʻyicha buyurtmachi;

Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi obyektlari boʻyicha buyurtmachi;

“Oʻrmonloyiha” DUK — Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi obyektlari boʻyicha buyurtmachi;

tanlov savdolari natijalari boʻyicha tashkilotlar — bosh loyihachi va pudratchi etib belgilansin.

7. Buyurtmachilar loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartib va muddatlarda ishlab chiqilishini, vakolatli davlat ekspertiza organlarida koʻrib chiqilishi va kelishib olinishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Dasturni amalga oshirish doirasida bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan nazorat oʻrnatsin.

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

8. Dasturni amalga oshirishda, shaxsiy javobgarlik:

tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va xonalarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, hamda ularni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, butlovchi qismlar, zarur materiallar va reaktivlar bilan taʼminlash boʻyicha barcha ishlarning sifatli va oʻz muddatida bajarilishi yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.J. Ramatov zimmasiga;

nazarda tutilgan barcha tadbirlarning, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli bino va xonalarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, ularni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, butlovchi qismlar, zarur materiallar va reaktivlar bilan taʼminlash ishlarining oʻz muddatida va toʻliq hajmda moliyalashtirilishi yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

9. Fan va texnologiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, tasarrufida ilmiy-tadqiqot muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Fan va texnologiyalar davlat komissiyasiga Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining aniq muammolarini hal qilish, raqobatbardosh ilmiy hajmdor mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018 — 2022-yillarda Davlat kompleks maqsadli ilmiy-tadqiqot dasturlari konsepsiyasini kiritsin:

fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsiya ishlanmalarini — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga davlat ilmiy-texnika dasturlarini moliyalashtirish uchun budjetdan har yili ajratiladigan mablagʻlar, manfaatdor xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va donor-mamlakatlar grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirish;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish, tajriba-tadqiqot ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini amaliyotga joriy etishdan manfaatdorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga (ilmiy xodimlardan tashqari) budjet tashkilotlari xodimlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish shartlari joriy etiladi;

(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)

bazaviy moliyalashtirish subyektlari roʻyxati Innovatsion rivojlanish vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

(10-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PF-5399-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 06/18/5399/1018-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-noyabr,

PQ-3365-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qaroriga 2-ILOVA

2018 — 2022-yillarda Dasturni amalga oshirish moliyaviy xarajatlarining hisob-kitob hajmlari

* Xarajatlar qiymati joriy narxlarda koʻrsatilgan va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda oʻtkaziladigan tender (tanlov) savdolarining yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Mablagʻ ajratish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻlar kelib tushishiga qarab amalga oshiriladi. Bunda Jamgʻarma mablagʻlarining yetishmayotgan qismi boʻyicha xarajatlar ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan va uning doirasida amalga oshiriladi.

Izoh. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning qoʻshma takliflari asosida, ajratilayotgan mablagʻlardan rejali va ratsional foydalanishni taʼminlashni inobatga olgan holda Dastur parametrlariga oʻzgartirishlar kiritishga haqlidir.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qaroriga3-ILOVA

2018 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash

* Parametrlar 1 kv.m.ning hisoblangan qiymati: obyektlarni rekonstruksiya qilish boʻyicha — 1300 ming soʻm, kapital taʼmirlash boʻyicha koʻpi bilan 700 ming soʻm boʻlishini hisobga olgan holda ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash natijalariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

Izoh:

Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning qoʻshma takliflari asosida, ajratilayotgan mablagʻlardan rejali va ratsional foydalanishni taʼminlashni inobatga olgan holda Dastur parametrlariga oʻzgartirishlar kiritishga haqlidir.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.