F-5181-son Farmoyish · 16.01.2018

Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5181
  • Qabul qilingan sana:16.01.2018
  • Kuchga kirgan sana:17.01.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 08/18/5181/0574

Xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, targʻib qilish va boyitib borish borasida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida” hamda “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlari qabul qilindi, Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisida Konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Ushbu Konvensiya doirasida Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritildi.

Shu bilan birga, moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarining aksariyati taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, ularning turistik salohiyatidan samarali foydalanish talab darajasida emas.

Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, boshqarish hamda ulardan oqilona foydalanishning yagona mexanizmini ishlab chiqish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning taklifini inobatga olib, 2018 — 2023-yillarda moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda respublika komissiyasi deb yuritiladi), shuningdek, yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tarkibi 1 — 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (Aripov):

oʻn besh kun muddatda obyektlarning tarixiy-madaniy ahamiyati, muhofaza qilish ahvoli va texnik holati, obyektlardan oqilona foydalanish va ularning samaradorligi, shu jumladan, turistik potensiali kabi mezonlar asosida moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini xatlovdan oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2018-yil 1-aprelga qadar yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlari tomonidan hududlarda malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhlarini tuzgan holda respublikadagi barcha moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini tashkil etsin, shuningdek, xatlov natijalari boʻyicha obyektlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan va doimiy yangilanib boruvchi yagona elektron maʼlumotlar bazasi yaratilishini taʼminlasin;

yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar bilan birgalikda sohadagi holatni chuqur tahlil qilsin, bu borada ilgʻor xorijiy tajribani hamda xalqaro ekspertlar, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillarining taklif-mulohazalarini atroflicha oʻrgansin;

2018-yil 1-mayga qadar xatlov va oʻrganish natijalari asosida 2018 — 2023-yillarda moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda kiritsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi va uning faoliyatini tashkil etadi;

moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlari toʻgʻrisida yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish bilan bogʻliq xarajatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlariga obyektlar holati bilan toʻliq tanishish uchun imkoniyat yaratsin hamda obyektlarga oid materiallarni taqdim etsin, shuningdek, respublika komissiyasi va yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlarining faoliyatini samarali tashkil etishiga koʻmaklashsin.

5. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 16-yanvar,

F-5181-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi F-5181-son farmoyishiga 1-ILOVA

2018 — 2023-yillarda moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha respublika komissiyasi

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi F-5181-son farmoyishiga 2-ILOVA

Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi F-5181-son farmoyishiga 3-ILOVA

Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlaridan foydalanish holatini tahlil qilish hamda ularning turistik salohiyatidan samarali foydalanish yuzasidan taklif ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi F-5181-son farmoyishiga 4-ILOVA

Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarida moliyaviy tushumlarni hisobga olish va ulardan maqsadli foydalanish, shuningdek ularni taʼmirlash, tiklash va konservatsiya qilish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruh

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.