Davlat mulki boʻlgan va davlat ulushi mavjud xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning ishlab chiqarish maydonlari va obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh zamonaviy ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarni rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularni muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirishni taʼminlash va shu asnoda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholining bandlik va farovonlik darajasini oshirish maqsadida:
1. Qashqadaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Qashqadaryo viloyatida davlat mulki boʻlgan va davlat ulushi mavjud xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha kichik sanoat zonalarini (keyingi oʻrinlarda — KSZ deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda foydalanilmayotgan tegishli ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlarining bir oy muddatda Qashqadaryo viloyati hokimligiga belgilangan tartibda oʻtkazilishini, shuningdek, xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarining majlislarida davlat ulushi boʻlgan foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlarni budjet hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalar oldidagi soliq boʻyicha qarzdorlikni beriladigan aktivlarning qoldiq (balans) qiymati summasiga, qarzdorlik mavjud boʻlmagan hollarda — ularning ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushi va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushini kamaytirish hisobidan, ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq Qashqadaryo viloyati hokimligiga topshirish masalasi koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki:
KSZ hududidagi davlat koʻchmas mulki tadbirkorlik subyektlariga biznes rejalarni bajarish, ish oʻrinlarini yaratish va saqlash, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash sharti bilan keyinchalik mulk huquqi berilgan holda 10 yillik uzoq muddatga ijaraga beriladi;
KSZ hududidagi koʻchmas davlat mulkidan ijara davrida foydalanish uchun ijaraga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda ortib boradigan koeffitsiyentni qoʻllamasdan ijara toʻlovining eng kam stavkasi belgilanadi;
KSZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi.
(3-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
4. Qashqadaryo viloyati Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bir oy muddatda KSZ direksiyasini tashkil etish choralarini koʻrsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi KSZda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun 25 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalarini tijorat banklari orqali ikki oy muddatda belgilangan tartibda ochilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kredit liniyalari mablagʻlari import uskunalari va ularga butlovchi qismlarni xarid qilish uchun ajratiladi;
kreditlar soʻndirish jadvaliga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kreditni uzish kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada amalga oshirilishi mumkin.
8. Qashqadaryo viloyati kichik sanoat zonalarida muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qashqadaryo viloyati Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha ushbu qarorning 2-ilovasiga muvofiq boʻlinish chegarasigacha Qashqadaryo viloyati KSZlarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarini bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo”AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Qashqadaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda ushbu qarorning 2-ilovasiga muvofiq Qashqadaryo viloyati KSZlarida muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarini amalga oshirish uchun tarmoq jadvallarini tasdiqlasin va ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
9. Qashqadaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda belgilangan tartibda:
Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda, Qashqadaryo viloyati KSZlari hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha ikki oy muddatda aniq takliflar — “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishini;
Qashqadaryo viloyati KSZlari hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini;
KSZlar hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlar olib borish, shuningdek, Qashqadaryo viloyati KSZlari hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalari sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini;
Qashqadaryo viloyati KSZlari hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashishni taʼminlasinlar.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi toʻgʻrisida axborot Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2018-yil 15-iyul va 2019-yil 15-yanvarga qadar berilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Bosh vazir oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Iqtisodiyot vaziri B.A. Xodjayev, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi R.A. Gulyamov va Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-mart,
PQ-3635-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PK-3635-son qaroriga1-ILOVA
Qashqadaryo viloyatida davlat mulki boʻlgan va davlat ulushi mavjud xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalarining
* Bino-inshootlar, shuningdek, ularga tutash hududlar xoʻjalik yurituvchi jamiyatlarning tegishli boshqaruv organlari yigʻilishlarida koʻrib chiqish natijalariga koʻra aniqlanadi.
** Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya. kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan birgalikda aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3635-son qaroriga 2-ILOVA
2018-yilda Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarining
* Xarajatlarning yakuniy miqdori loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi va tasdiqlanishi natijasida aniqlanadi.