Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5418-son Farmonini ijro etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
2. Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin, davlat unitar korxonalari bundan mustasno.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi barcha huquq, majburiyat va shartnomalarining suv xoʻjaligi qismi boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, shuningdek, korxona va muassasalar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari uchun masʼul boʻlgan tegishli oʻrinbosarlari Vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hududiy boʻlinmalarining hamkorlikdagi faoliyatini taʼminlaydi.
4. Quyidagilarga yoʻnaltirilgan suv xoʻjaligi tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi”) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
suv xoʻjaligi sohasini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, suv xoʻjaligi boshqaruvi tizimini yanada maqbullashtirish;
suvdan foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini va uni nazorat qilish tizimini rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash koʻlamini kengaytirish;
suv omborlari, yirik gidrotexnika inshootlari va boshqa suv obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, suv resurslarining hisobini yuritish tizimini yaxshilash;
suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini taʼminlash tizimini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ularni zamonaviy texnika va mexanizmlar bilan taʼminlash, suv xoʻjaligi xodimlarini ragʻbatlantirish;
aholining suv resurslaridan foydalanish boʻyicha huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish.
Vazirlik va idoralar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
5. Suv xoʻjaligi sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasining suv xoʻjaligi vaziri quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar talablarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi;
Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etish, Vazirlik faoliyatini rejalashtirish, shuningdek, uning faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishilishini soʻzsiz taʼminlash;
suv xoʻjaligini rivojlantirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va suv xoʻjaligi sohasidagi muammoli masalalarni hal etish boʻyicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish;
suv resurslarini boshqarish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, suv xoʻjaligi tizimining faoliyat koʻrsatishi hamda uni takomillashtirish, mamlakat suv xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
suv resurslari samarali boshqarilishini taʼminlash, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror hamda oqilona taʼminlash, suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish, ularni rivojlantirish va qurishni tashkil etish;
Vazirlik tarkibiga kiruvchi barcha suv xoʻjaligi tashkilotlari, shuningdek, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish, suvga zararli taʼsir koʻrsatishning oldini olish va uni bartaraf etish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha ishlarni tashkil etish, ular samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnat intizomini va qonun hujjatlari talablarini qoʻpol ravishda buzgan xodimlarga nisbatan intizomiy va boshqa turdagi javobgarlik choralarini koʻrish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning suv xoʻjaligi organlari, birinchi navbatda, hududidan Amudaryo va Sirdaryo oqib oʻtadigan mamlakatlar bilan Orol dengizi havzasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish boʻyicha samarali hamkorlikni rivojlantirish;
suv xoʻjaligi tashkilotlari va muassasalari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolar shaxsiy qabulini tizimli ravishda oʻtkazib borish;
b) suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:
suv xoʻjaligini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shu jumladan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor hamda istiqbolli loyihalarni shakllantirish;
sohaga xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlarini jalb qilish, xalqaro tashkilotlar faoliyatida Vazirlikning faol ishtirokini taʼminlash;
suv xoʻjaligi va suvdan foydalanish tizimini takomillashtirishga, irrigatsiya va melioratsiya tizimini, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa suv xoʻjaligi hamda gidrotexnika inshootlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish;
suv xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish, suv xoʻjaligi tashkilotlarining meliorativ mashinalar va mexanizmlar parkini yangilash, yoqilgʻi-moy materiallari jamgʻarmasini shakllantirish va undan oqilona foydalanish sohasidagi ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
suv xoʻjaligi sohasida ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirish, Vazirlik tizimining ilmiy salohiyatini oshirish va mustahkamlash;
v) suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosarlari quyidagilar uchun shaxsan javobgardirlar:
suv resurslarini boshqarishni havza tamoyili asosida tashkil etish va suvni cheklangan tarzda ishlatish hamda undan foydalanish tartibini amalda roʻyobga chiqarishni taʼminlash, suv resurslari balansini ishlab chiqish, davlat suv kadastri va suv hisobini yuritish, barcha manbalarning suv resurslari boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini yaratish hamda rivojlantirish;
irrigatsiya va melioratsiya tizimlaridan, boshqa suv xoʻjaligi va gidrotexnika inshootlaridan lozim darajada foydalanilishini, ularning uzluksiz ishlashini va muntazam ravishda modernizatsiya qilinishini taʼminlash, Vazirlik tasarrufida boʻlgan yirik va oʻta muhim suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash va muhofazasini tashkil etish, ularning texnik jihatdan ishonchliligini oshirish;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, yer osti suvlarini meʼyorda ushlab turish hamda sugʻoriladigan yerlarning shoʻrlanishini kamaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va bardoshliligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari, shu jumladan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari qoʻllanilishini rivojlantirish, shuningdek, suvni tejab ishlatishni taqdirlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish, suv isteʼmolchilari uyushmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash, ichki xoʻjalik sugʻorish tarmoqlari hamda ularning gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
Vazirlikning suv xoʻjaligi foydalanish tashkilotlarini zarur zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash, ularning maqsadli va samarali ishlatilishi boʻyicha choralar koʻrish, suv xoʻjaligi sektoriga zamonaviy, innovatsion hamda resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, suvni boshqarish va undan foydalanish sohasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va ilgʻor xorijiy usullarni keng qoʻllash;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, suv xoʻjaligi tashkilotlarining taʼlim va ilmiy muassasalar bilan oʻzaro integratsiyasini kuchaytirish, ilm-fan yutuqlarini va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish choralarini koʻrish.
(5-bandning “b” va “v” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktabrdagi PQ-4486-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 07/19/4486/3886-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma) tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlaridagi yillik indeksatsiyani oʻz ichiga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2018-2019-yillarda 18 mlrd soʻm;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son)
suvdan foydalanish va suvni isteʼmol qilish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashdan, shuningdek, suv olish tartibini buzganlik uchun jarimalardan tushgan tushumlarning 30 foizi;
Vazirlik tarkibiga kiruvchi oʻzini oʻzi moliyalashtiradigan tashkilotlar sof foydasining oʻz ixtiyorida qoldiriladigan qismidan tuzilgan shartnomalar asosidagi ajratmalari;
Vazirlik suv xoʻjaligi foydalanish tashkilotlarining ular tomonidan suv resurslarini issiqlik elektr energiyasi va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning ehtiyojlari uchun yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan kelib tushgan tushumlardan ajratmalar;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
xalqaro grantlar va texnik koʻmak mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti hamda uning Buxoro filiali Vazirlik tarkibidan chiqarilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Vazirlik tarkibidan chiqarilayotgan taʼlim muassasalarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
8. Kasb-hunar taʼlimi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi (K.V. Akmalov) kasb-hunar kollejlarini tegishli vazirlik va idoralarning tasarrufiga oʻtkazish boʻyicha takliflar tayyorlashda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi kasb-hunar kollejlarini suv xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha ixtisoslashtirish;
qayd etib oʻtilgan kasb-hunar kollejlarini Vazirlik tasarrufiga ularning balansida boʻlgan binolar, imoratlar, laboratoriyalar, jihozlar, boshqa obyektlar va moddiy boyliklar bilan birgalikda oʻtkazish masalalarini koʻrib chiqsin.
Belgilab qoʻyilsinki, suv xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar kollejlari:
malakali oʻqituvchilar va oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan;
zamonaviy meliorativ texnika va uskunalar, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish uchun ishlab chiqarish bazasi bilan Vazirlik tomonidan Jamgʻarma va “Oʻzmeliomashlizing” DUK mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
9. Vazirlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
2019-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini boshqarish departamentining meliorativ obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalariga berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi mablagʻlaridan oqilona foydalanilishini tanqidiy oʻrganib chiqishni taʼminlasin va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
11. Suv xoʻjaligi tizimini isloh qilish va suv xoʻjaligi sohasini boshqarishni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi (A.N. Aripov):
bir hafta muddatda suv obyektlarini kompleks oʻrganish boʻyicha har bir tuman (shahar) kesimida 8-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi guruhlar tuzsin;
bir hafta muddatda suv obyektlarini oʻrganish grafigini ularning har bir tumandagi (shahardagi) sonidan va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlasin;
2018-yil 1-avgustga qadar ishchi guruhlar tomonidan suv obyektlarining holati har tomonlama tahlil qilinishini, zarur hollarda, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari koʻrilishini taʼminlasin;
2018-yil 1-sentabrga qadar oʻrganish natijalari asosida Suv obyektlari holatini yaxshilash va ushbu sohadagi kompleks muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ishchi guruhlar faoliyatini aholi oʻrtasida keng yoritishni taʼminlash;
nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ishchi guruhlarga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.
12. Vazirlik Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Qorasuv mavzesi 11-uy manzilidagi binoga joylashtirilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-iyuldagi PF-167-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 06/22/167/0619-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
boshqaruv xodimlari cheklangan soni koʻrsatilgan holda Vazirlik tashkilotlarining, shu jumladan, davlat unitar korxonalarining roʻyxatini tasdiqlasin.
14. Vazirlik:
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Shirmonbuloq tosh koni” DUKning kelgusidagi faoliyati maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
Suv xoʻjaligi sanoat korxonalari uyushmasi Vazirlik tarkibidan chiqarilishini inobatga olgan holda, ushbu uyushmaning taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda suv xoʻjaligi obyektlarini toʻliq inventarizatsiya qilsin va oʻrgansin, natijalari boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning bugungi kundagi holati hamda jarayonini, Vazirlik tizimidagi har bir boshqaruv va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar lavozimlarining amaldagi ish hajmini inobatga olgan holda yangilangan shtat meʼyorlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlikning markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari va idora boʻysunuvidagi tashkilotlarning yangilangan shtat jadvalini tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Belgilab qoʻyilsinki, shtat jadvali tasdiqlangunga qadar Vazirlik tizimi xodimlariga ish haqi toʻlash oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-aprel,
PQ-3672-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(5a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(5b-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(5v-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(5g-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(5d-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
(6a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PQ-5055-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 07/21/5055/0309-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qaroriga 7-ILOVA
Suv xoʻjaligi tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha
Izoh: tegishli munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetidan kelib chiqqan holda normativ-huquqiy hujjatlarning turlari oʻzgartirilishi, shuningdek, ular yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qaroriga 8-ILOVA
Suv obyektlarini kompleks oʻrganish boʻyicha tuman (shahar) ishchi guruhlarining
Izoh:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining vakillari chegaraoldi tumanlar boʻyicha tashkil etiladigan ishchi guruhlar tarkibiga kiritiladi.