Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bagʻrikeng xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Butun dunyoda millionlab insonlar halok boʻlishiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok boʻlganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan, “Sen yetim emassan” deb oʻz bagʻriga olgani xalqimizning naqadar oliyjanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak maʼnaviyatini yaqqol namoyon etdi.
Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami Xotira va Qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qoʻshgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat koʻrsatish maqsadida:
1. Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Xotira va Qadrlash kunining keng nishonlanishini taʼminlash davlat va nodavlat tashkilotlarining birinchi galdagi vazifasi, barcha Oʻzbekiston fuqarolarining vijdoniy ishi va anʼanaviy burchi deb belgilansin.
2. Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning “Inson qadri ulugʻ, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida yuqori saviyada oʻtkazilishini tashkil etsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning sifatli oʻtkazilishini taʼminlasin va joylarga borib, Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga amaliy yordam koʻrsatsin;
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillari biriktirilsin hamda ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va xushnud etish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin;
yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari koʻrsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi toifalari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tushuntirish, targʻib va tashviq etish boʻyicha madaniy-maʼrifiy va vatanparvarlik yoʻnalishidagi tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryoʻla pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida ular oʻzlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar kuzatuvchi bilan safarini tashkil etsin hamda ushbu safar bilan bogʻliq barcha xarajatlar qoplanishini taʼminlasin;
Ikkinchi jahon urushi faxriylarining istaklari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “Oʻzbekiston” hamda respublika hududidagi boshqa sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborishni tashkil etib, ularni zarur avia va temir yoʻl chiptalari bilan taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnikalar namoyishini tashkil etsin;
Gʻalabaga oʻz hissasini qoʻshgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, kuch-quvvatini ayamagan har bir faxriy, har bir kishi xotirasi abadiylashtirilishini, ularga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda:
viloyat, shahar va tumanlarda Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar;
Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qoʻshiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etsinlar;
koʻchalar va maydonlarni Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan plakatlar va stendlar bilan bezashni taʼminlasinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan Dastur tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarini Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy marosimlarga temir yoʻl yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan taʼminlanishi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2018-yil 9-may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarning keng yoritilishini, tematik tadbirlar, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarning tashkil etilishini taʼminlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-aprel,
PQ-3667-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3667-son qaroriga1-ILOVA
Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenining 2018-yil 16-apreldagi PQ-3667-son qaroriga2-ILOVA
Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh