2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan islohotlar doirasida yuqori malakali, chuqur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash borasida bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hayvonlarning sogʻligʻini saqlash boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servisi sifatini oshirish, epizootik osoyishtalikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan raqobatbardosh va kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, veterinariya xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Davlat veterinariya qoʻmitasi tashkil etildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda veterinariya sohasida yuksak malakali kadrlar tayyorlash hamda mavjud taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bunda:
birinchidan, veterinariya sohasiga kadrlar tayyorlashning maqsadli tizimi mavjud emasligi, mutaxassislar tayyorlash yuzasidan haqiqiy talab va ehtiyojlar chuqur tahlil qilinmaganligi oqibatida oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar yetishmasligi yuzaga keldi;
ikkinchidan, veterinariya sohasida kadrlar tayyorlaydigan Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti oʻquv-laboratoriya bazasi maʼnan va jismonan eskirganligi, taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligi taʼminlanmaganligi natijasida kadrlar tayyorlash sifati tushib ketishiga hamda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, mutaxassis chiqaruvchi kafedralar professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati, amaliy tajribasini uzluksiz rivojlantirib borish, ularni amaliyotdagi muammolar va yangiliklar bilan tizimli tanishtirish, mazkur sohada ilgʻor xorijiy tajribalardan foydalanish yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan;
toʻrtinchidan, taʼlim jarayonida innovatsion va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, ilgʻor oʻqitish usullaridan foydalanish, mutaxassislik fanlari boʻyicha zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratish darajasi yetarli emas;
beshinchidan, soha uchun kadrlarni maqsadli tayyorlashning uzluksizligi taʼminlanmagan, oliy oʻquv yurtlariga biriktirilgan kasb-hunar kollejlaridagi taʼlim sifati talabga javob bermaydi;
oltinchidan, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasi taʼminlanmagan, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda amaliyot bilan uzviy hamkorlik darajasi talabga javob bermaydi, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari sohaning dolzarb ilmiy muammolariga yoʻnaltirilmagan;
yettinchidan, bitiruvchilarning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashishi, ularning kasbiy faoliyati monitoringi tizimli tashkil etilmagan.
Veterinariya sohasi kadrlarini tayyorlash tizimini maqbullashtirish, taʼlim sifatini yaxshilash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazani mustahkamlash, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonlarini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligining takliflari asosida Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilsin hamda institut va uning qoshidagi akademik litsey Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.
2. Quyidagilar Samarqand veterinariya meditsinasi institutida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
mehnat bozorining ehtiyojiga muvofiq veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yangi va zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;
rivojlangan xorijiy davlatlarning veterinariya va chorvachilik sohasi boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganish asosida davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv reja va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-metodik taʼminotini shakllantirish va takomillashtirish;
veterinariya taʼlimi mazmunida soha boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, innovatsion gʻoyalari va ishlanmalari, yuqori unumli va resurstejamkor ilgʻor texnologiyalari boʻyicha bilimlarni aks ettirish, oʻquv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash;
xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini jalb etgan holda veterinariya va chorvachilik sohalari boʻyicha pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, oʻquv jarayoniga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini va masofadan oʻqitish usullarini joriy etish;
professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati, kasbiy bilim darajasi, shuningdek, amaliy tajribasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirishda xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasidan keng foydalanish, xorijiy ilmiy va oliy taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar, ilmiy va pedagog kadrlarning malakasini oshirish va tajriba orttirishini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
veterinariya va chorvachilik sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish, soha boʻyicha ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda sohaning ilmiy muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;
chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, dastlabki qayta ishlash, sotishga ixtisoslashgan barcha toifadagi korxona, tashkilot va xoʻjaliklar bazasida talabalarning amaliyotlarini tashkil etish;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan hamkorlikda soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, institutga biriktirilgan kasb-hunar kollejlaridagi taʼlim sifatini oshirish;
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)
bitiruvchilarni oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirish va kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish.
3. Quyidagilar:
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha yoʻl xaritasi 2-ilovaga muvofiq;
Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, viloyatlar hokimliklarining buyurtmalariga asosan 2018/2019 oʻquv yili uchun davlat granti va toʻlov kontrakt asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasi 3-ilovaga muvofiq;
2018/2019 oʻquv yilida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga davlat granti asosida maqsadli qabul kvotasini kadrlar buyurtmachilarining takliflariga asosan respublika hududlari boʻyicha taqsimoti 3a-ilovaga muvofiq;
2018-2019-yillarda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari parametrlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisiga, zarur hollarda, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining ustavini ikki oy muddatda tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. 2018/2019 oʻquv yilida Samarqand veterinariya meditsinasi institutida magistratura mutaxassisliklariga qabul Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun toʻliq davlat granti asosida amalga oshirilsin.
7. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni 5-ilovaga hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Quyidagilar Samarqand veterinariya meditsinasi institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va ustoz-shogird tizimi asosida oʻtilishini taʼminlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi meʼyoriy hujjatlari, zamonaviy informatsion dasturiy taʼminot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;
ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qoʻshimcha ish haqlarini tayinlash;
manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni taʼlim jarayonida ishtirokini taʼminlash;
korxona va tashkilotlarda professor-oʻqituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashgʻulotlar oʻtish imkoniyatini yaratish.
Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan oʻqishni bitirganidan soʻng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy toʻlov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda toʻlab berishi mumkinligi qayd etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
ikki oy muddatda Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda tugatilayotgan Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining Samarqand viloyati, Samarqand shahri, M.Ulugʻbek koʻchasi, 77-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari, tegishli hududi, oʻquv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari hamda boshqa mol-mulki Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga belgilangan tartibda bepul berilishini taʼminlasin;
tugatilayotgan Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining 2017/2018 oʻquv yilida tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalarga ularning oʻqishini tugatguniga qadar Samarqand veterinariya meditsinasi institutida oʻqishini yakunlash imkoniyatini yaratsin.
10. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushgan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat veterinariya qoʻmitasi bilan birgalikda Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti tugatilishi munosabati bilan uning ishdan boʻshaydigan xodimlarini oʻrnatilgan tartibda ishga joylashtirib borish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi R.S. Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Q.V. Akmalov va Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 8-may,
PQ-3703-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 1-ILOVA
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining
Izoh: Institut (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 2-ILOVA
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 3-ILOVA
Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, viloyatlar hokimliklarining buyurtmalariga asosan 2018/2019 oʻquv yili uchun davlat granti va toʻlov kontrakt asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 3a-ILOVA
2018/2019 oʻquv yilida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga davlat granti asosida maqsadli qabul kvotasini kadrlar buyurtmachilarining takliflariga asosan respublika hududlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 4-ILOVA
2018-2019-yillarda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari
Izoh. * Yakuniy hisob-kitob parametrlari loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 5-ILOVA
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga taqsimlangan talabalar soni*
* Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat veterinariya qoʻmitasi tomonidan kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va talabalar soniga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilishi mumkin.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3703-son qaroriga 6-ILOVA
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti (SamVMI) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha talabalarning amaliyot oʻtash obyektlari
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)