[Koʻchirma]
Soʻnggi vaqtlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida mahalliy qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu maqsadlarda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil qilindi. Natijada birgina 2017-yilda qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va lizing boʻyicha xizmatlar koʻrsatish hajmi 1,7 baravar, mexanizatsiya xizmatlari hajmi 2,5 baravar oshdi.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon texnika bilan taʼminlash, texnika parkini yangilash, shuningdek, ularga oʻz vaqtida servis xizmatini koʻrsatish ishlarida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan:
birinchidan, real ehtiyoj, agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib, mashina-traktor parklari, tegishli xizmatlar koʻrsatuvchi xususiy tashkilotlar, shuningdek, fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish boʻyicha buyurtmalarni shakllantirish, shartnomalar tuzishning bozor mexanizmlari mavjud emas;
ikkinchidan, eng maqbul agrotexnik muddatlarda ommaviy qishloq xoʻjaligi ishlarini amalga oshirish uchun oʻziyurar qishloq xoʻjaligi texnikasi yetarli emas, oʻz vaqtida ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etish boʻyicha ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan;
uchinchidan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasining pastligi, oqibatda, ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi tannarxining raqobatbardosh emasligi mexanizatsiya xizmatlari va ishlab chiqarilayotgan yakuniy mahsulot narxining oshib ketishiga olib kelmoqda;
toʻrtinchidan, qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarishni moliyalashtirish mexanizmi mukammal emas, lizing mexanizmlari, xususiy servis tashkilotlari va fermer xoʻjaliklari mablagʻlarini jalb etishdan yetarli darajada foydalanilmayapti.
Qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini yangilash va modernizatsiya qilish hisobidan qishloq xoʻjaligini texnik jihatdan jihozlash darajasini yanada oshirish, agrotexnika ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan shakllantirilgan 2018-yilda hududlar kesimida, jumladan, lizing asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berishning qoʻshimcha hajmlari parametrlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ustuvor ravishda bir yilda ikki marta — fevral-mart va sentyabr-oktyabr oylarida mahalliy va jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari ishtirokida oʻtkaziladigan hududiy yarmarkalar davomida amalga oshiriladi. Bunda fevral-mart oylarida qishloq xoʻjaligi texnikasini joriy yil uchun, sentyabr-oktyabr oylarida — kelgusi yil uchun yetkazib berish boʻyicha qoʻshimcha shartnomalar tuziladi;
ishlab chiqaruvchilarga qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun oldindan toʻlov yetkazib berilayotgan texnika narxining 80 foizidan kam boʻlmagan miqdorda texnikani yetkazib berish boshlanishidan 120 kundan kam boʻlmagan muddatda, yakuniy hisob-kitob esa yetkazib berilgan texnika qabul qilingandan keyin 10 ish kuni davomida amalga oshiriladi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK 1-ilovaga* muvofiq yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish uchun tovarlarni sotib olish boʻyicha import kontraktlarining kompleks ekspertizasini amalga oshiradi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
2018-yilda tumanlar kesimida qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berishning qoʻshimcha hajmlari parametrlarini, shuningdek, ushbu qarorni inobatga olgan holda, ularni moliyalashtirish va yetkazib berishning oyma-oy grafiklarini;
buyurtmalar portfelini shakllantirish va shartnomalar tuzish, qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga mexanizatsiyalashgan xizmat koʻrsatish ishlarini tashkil etish sxemalarini tasdiqlasin.
4. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
qishloq xoʻjaligi texnikasining mahalliy brendini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy etishni nazarda tutgan holda Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish konsepsiyasini;
2018 — 2020-yillarda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarining yangi ishlab chiqarishlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash yuzasidan investitsiya loyihalari roʻyxati bilan birga qishloq xoʻjaligi texnikasining har bir turi boʻyicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini;
2018 — 2020-yillarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tarmoq kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va uning komponentlari tannarxini pasaytirish dasturini;
qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirishni yaxshilash uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflarni kiritsin.
6. Tijorat banklariga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berishni kelgusida moliyalashtirish uchun asosiy qarz va foizlarni toʻldirish boʻyicha 4 oydan kam boʻlmagan muddatga imtiyozli davr bilan lizing tashkilotlariga kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda Institut deb yuritiladi) faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin, bunda:
qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishga va qishloq xoʻjaligiga ilmiy yutuqlarni joriy etish muddatlarini qisqartirish maqsadida Institut faoliyatini tubdan yaxshilash;
Institutning “Oʻzagrotexmash” AJ, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan samarali ilmiy-texnik kooperatsiyasi va oʻzaro hamkorligini oʻrnatish;
jahon bozorida yangi, raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi texnikasi turlari va modellarini ishlab chiqish, yaratish, tayyorlash, sinovdan oʻtkazish va ishlab chiqarishga joriy etishning yagona rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash hamda yuqorida koʻrsatilgan tashkilotlar faoliyatiga joriy qilish nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq hoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish uchun mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishi ustidan tizimli monitoring va nazorat oʻrnatsin;
b) 2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatini oʻrgansin, sabzavotchilik, uzumchilikni jadal rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda moliyalashtirish, qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin, bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:
qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini unifikatsiya qilish va joylarda ularga servis xizmati koʻrsatishni tashkil etish, zarur ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni oʻzlashtirishni nazarda tutgan holda agrotexnika tadbirlarining turlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan miqdoriy ehtiyoj, foydalanishga yaroqsiz hamda hisobdan chiqarilishi lozim boʻlgan texnikani inobatga olgan holda ularning amalda mavjudligi;
mavjud qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish;
qisqa muddatli reja asosida respublikaning qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan ehtiyojini qoplash usullari va yoʻllarini aniqlash;
mashina-traktor parklarining moliyaviy operatsiyalari ustidan nazorat tizimini yaratish va ular tomonidan qarzdorlikning oʻsishiga olib keluvchi toʻlovlarsiz xizmat koʻrsatish amaliyotini tugatish;
xorijiy bozorlarda oʻxshash texnikaning sifati va narxini tahlil qilgan holda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasini mahalliylashtirish imkoniyatlarini oʻrganish.
9. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.S. Otajonov, Z.T. Mirzayev, J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikramov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-may,
PQ-3712-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-maydagi PQ-3712-son qaroriga 1-ILOVA
2018-yilda qishloq xoʻjaligi texnikasini qoʻshimcha yetkazib berish hajmlari
* Ajratiladigan mablagʻlar doirasida texnikalarning soni va nomenklaturasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “Oʻzagrosanoatxolding” AJ bilan kelishilgan holda oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-maydagi PQ-3712-son qaroriga 2-ILOVA
2018-yilda lizing asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini qoʻshimcha yetkazib berish hajmlari