PQ-3716-son Qaror · 11.05.2018

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3716
  • Qabul qilingan sana:11.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:12.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3716/1198

Xalqimiz uchun ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyining ijtimoiy hayotimizda oʻzaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash borasidagi alohida oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bagʻrikenglik, shukronalik kabi oliyjanob gʻoyalarini keng targʻib etish, diniy-maʼrifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:

1. 2018-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 17-may kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini azaliy anʼana va qadriyatlarimiz ruhida har tomonlama munosib oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan ezgu gʻoyalar, dinimiz arkonlarini eʼzozlash, hozirgi tinch va osuda hayotimizning kadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, ahil va hamjihat boʻlib yashashga daʼvat etadigan, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maʼrifiy tadbirlar va targʻibot ishlari tashkil etilsin.

Ushbu muqaddas oyda yordamga muhtoj va ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 11-may,

PQ-3716-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.