Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida aholining sogʻligʻini saqlash, shu jumladan odamning immunitet tanqisligi virusi (keyingi oʻrinlarda OIV-infeksiyasi deb yuritiladi) keltirib chiqaradigan kasallik profilaktikasi, diagnostikasi va uni davolash sohasida ijobiy natijalarga erishildi. Mazkur yoʻnalishda kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi epidemik vaziyatning barqarorlashishiga koʻmaklashdi.
Shu bilan birga, oʻrganishlar OIV-infeksiyasi tarqalishiga samarali qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishga toʻsiq boʻlayotgan bir qator muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, xususan:
birinchidan, shifoxona ichki infeksiyalari bilan kasallanish pasayganligiga qaramay, davolash-profilaktika muassasalarida qon orqali yuqadigan infeksiyalarning profilaktikasida kamchiliklar mavjud;
ikkinchidan, davolash-profilaktika muassasalarini, ayniqsa, sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinini tibbiy asboblar va sarflash materiallari bilan oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash borasida zarur choralar koʻrilmayapti;
uchinchidan, joylarda, ayniqsa, uzoq tumanlarda tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlashda muammolar saqlanib qolmoqda, bu esa tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish sifatiga va amalga oshiriladigan davolash-profilaktika muolajalarining xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;
toʻrtinchidan, davolash-profilaktika muassasalari sterilizatsiya boʻlinmalarining zarur uskuna va inventarlar bilan jihozlanganlik darajasi talabga javob bermaydi, sterilizatsiya tadbirlarini tashkil etish uslublariga zamonaviy yondashuv mavjud emas;
beshinchidan, respublika mintaqalarida OIVni yuqtirib olgan shaxslar statsionar davolash bilan yetarli darajada qamrab olinmasdan qolmoqda, OITSga qarshi kurashish mintaqaviy markazlari va OIV-infeksiyasi diagnostikasi boʻyicha tumanlararo laboratoriyalarning zaif moddiy-texnika bazasi amalga oshirilayotgan ishlar sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
OIV-infeksiyasini oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish, ularni statsionarda davolash koʻlamini kengaytirish, shifoxona ichki infeksiyalari bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
qon orqali yuqadigan infeksiyalarni profilaktika qilish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
epidemiologik nazoratni, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishi va shifoxona ichki infeksiyalarining profilaktikasi nazorat qilinishini kuchaytirish;
tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish funksiyalarini xususiy tuzilmalarga berish orqali davlat tibbiyot muassasalarida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish;
davolash-profilaktika muassasalarini test-tizimlar va retrovirusga qarshi preparatlar bilan uzluksiz taʼminlash, shuningdek, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida budjetdan ajratiladigan mablagʻlar miqdorini bosqichma-bosqich koʻpaytirish;
OIV-infeksiyasini davolash va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllash;
OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;
OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash boʻyicha tibbiyot xodimlarining kasbiy bilimlari darajasini oshirish;
davlat tibbiyot muassasalarining OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shugʻullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish;
OITSga qarshi kurashish markazlari va OIV-infeksiyasi diagnostikasi boʻyicha tumanlararo laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash;
xorijiy sohaviy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni yanada rivojlantirish.
2. OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks qoʻshimcha chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda — Kompleks chora-tadbirlar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini hamda ularning oʻzaro hamkorligini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini taʼminlasin hamda bajarilgan ishlar toʻgʻrisida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin.
3. Belgilansinki, Kompleks chora-tadbirlarda koʻrsatilgan muassasalarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda dastlabki bosqichda sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinida tajriba loyihalarini joriy etishni, keyinchalik ijobiy tajribani respublikaning barcha mintaqalariga tarqatishni nazarda tutgan holda, tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish sohasida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
b) Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda davolash-profilaktika muassasalari, jumladan sterilizatsiya boʻlinmalari va operatsiya bloklarining suv, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlanganligi holatini oʻrganib chiqsin hamda rivojlanish davlat dasturlariga birinchi navbatda ularni kiritish yuzasidan har bir hudud kesimida takliflar tayyorlasin;
v) Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududlarida OIVni yuqtirib olgan shaxslarning statsionar davolash bilan qamrab olinishini kengaytirishga hamda davolash-profilaktika muassasalarini koʻp marta va bir marta ishlatiladigan tibbiy asboblar, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrsin;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli hududda va umuman respublika boʻyicha OIV-infeksiyasi va shifoxona ichki infeksiyalari tarqalishi profilaktikasining holatini doimiy ravishda kompleks baholashni taʼminlasin, ularning holati yomonlashishiga munosabat bildirish yuzasidan aniq tadbirlarni ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda jazoni ijro etish muassasalarida, shuningdek, ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida epidemiologik nazorat hamda OIV-infeksiyasi va shifoxona ichki infeksiyalari tarqalishi ustidan nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIVni yuqtirib olgan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, maʼnaviy va tibbiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida, ayniqsa, OIV-infeksiyasi tarqalishi masalalari boʻyicha keng tushuntirish va tarbiyaviy tadbirlar oʻtkazish, jamiyatda oila va maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash ishlarini kuchaytirsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2023-y., 06/23/75/0292-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mavzuga oid maqolalar, turkum telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish orqali aholi oʻrtasida OIV-infeksiyasiga qarshi kurashishning dolzarb masalalari muntazam va keng yoritilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-iyun,
PQ-3800-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-iyundagi PQ-3800-son qaroriga ILOVA
OIV — infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks qoʻshimcha chora-tadbirlar