Xalqaro munosabatlar sohasida diplomatik, boshqaruv kadrlarini va mutaxassislarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash, ular malakasini oshirish tizimining samaradorligini tubdan oshirish, mamlakatning tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatini ilmiy-metodologik va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5400-son Farmoni ijrosi yuzasidan:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (keyingi oʻrinlarda Universitet deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi hamda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni, yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini taʼminlaydigan asosiy oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi:
xalqaro iqtisodiyot va menejment;
xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar;
xalqaro ommaviy va xususiy huquq;
gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
ilgʻor xorijiy tajribadan, shu jumladan zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilmiy ishlanmalardan foydalanish, mamlakatdagi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish asosida respublika tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasida xalqaro mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini taʼminlash;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
talabalarning mustaqil tayyorgarlik koʻrishini chuqurlashtirishni, ularda tahliliy fikrlashni, mustahkam kasbiy koʻnikmalarni, yuksak maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishni taʼminlaydigan oʻquv rejalari va dasturlarining amaliy mazmunini kuchaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa sohaviy vazirlik va idoralarning doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xalqaro sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
xalqaro munosabatlar, xorijlik sheriklar bilan hamkorlik, mamlakatimizning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati rivojlanishining prognoz baholarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;
xalqaro munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
xorijiy mamlakatlarning rasmiy tadbirlari va delegatsiyalariga yuksak darajada hamrohlik qilishni taʼminlashga safarbar etilgan yuqori malakali professional tarjimonlar hamda gidlarni oʻqitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda tashkil etish;
Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
5. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab quyidagilar belgilansin:
Universitetning bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olish muddati toʻrt yilni tashkil etadi, bunda beshinchi bosqich talabalari mazkur qaror qabul qilingan paytda amalda boʻlgan taʼlim dasturlariga muvofiq oʻqishni yakunlaydi va belgilangan tartibda diplom oladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-fevraldagi PF-5668-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 06/19/5668/2652-son)
Universitetning barcha bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul chet tili, matematika/tarix, ona tili va adabiyot fanlari boʻyicha davlat test sinovlari yakunlari asosida amalga oshiriladi;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
Universitetning magistratura yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2018/2019 oʻquv yilida Universitetning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasini 3-ilovaga muvofiq 150 kishi (shu jumladan davlat grantlari boʻyicha 30 kishi), Universitetning magistraturasiga 50 kishi (shu jumladan davlat grantlari boʻyicha 10 kishi) etib belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq oshirilgan kontrakt stavkalari boʻyicha qoʻshimcha qabul qilish imkoniyatini nazarda tutish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab magistraturaga qabul qilinadigan talabalar soni Universitet tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda bakalavriatga qabul kvotasining 50 foizigacha boʻlgan hisob-kitobdan (shu jumladan davlat grantlari boʻyicha magistratura uchun ajratilgan joylar sonining 20 foizi) hamda respublika tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali xalqaro mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarning zaxirasini toʻldirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kadrlariga buyurtmachi-tashkilotlar roʻyxati va bakalavriat bitiruvchilarining ular orasidagi taqsimoti 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
belgilangan tartibda taʼlim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, oʻquv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda oʻquv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini taʼminlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash;
bakalavriatda turdosh yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarni istisno tariqasida “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha magistraturaga qabul qilish;
professor-oʻqituvchilar tarkibining faoliyat turlari boʻyicha vaqt meʼyorlarini belgilash;
Universitet taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini taʼminlash;
bakalavriat, magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish;
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
Universitet va Diplomatik akademiyaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun toʻlov-kontrakt (shu jumladan, oshirilgan kontrakt stavkalardan tushumlar) va budjetdan tashqari mablagʻlarni ulardan oqilona hamda samarali foydalanish sharti bilan tasarruf etish;
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Universitetning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni yaratish.
Universitet hamda shu sohadagi vazirlik va idoralar zimmasiga Universitetning akademik litseyi va “Dipnihol” maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirish hamda “Ulugʻbek nomidagi Toshkent xalqaro maktabi” nodavlat taʼlim muassasasiga oʻquv-uslubiy va axborot-resurs koʻmagi berish vazifalari yuklansin.
(7-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
8. Universitet tuzilmasida quyidagilar tashkil etilsin:
a) quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi:
xalqaro iqtisodiyot va menejment, mamlakat eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalar hamda sayyohlar oqimini jalb qilish, jahon siyosati va xalqaro xavfsizlik, zamonaviy fan hamda xalqaro munosabatlar amaliyotining boshqa ustuvor yoʻnalishlari sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;
xalqaro ishlar boʻyicha mutaxassislarni kasbiy, ilmiy-tadqiqot va tahliliy tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan xalqaro iqtisodiyot hamda siyosat sohasida yangi kurslar va dasturlarni tayyorlash hamda oʻquv jarayoniga joriy etish;
oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida mamlakatning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy, prognoz materiallar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
b) quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi:
xalqaro ommaviy va xususiy huquq sohasida chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borish, mamlakat tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish;
respublikaning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasidagi huquqiy siyosat, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti rivojlanishini muntazam tahlil qilish, tadqiqotlar natijalarini ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda oʻquv jarayoniga va yangi avlod oʻquv-metodik adabiyotlarini tayyorlash ishlariga joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlarini huquqiy tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qiyosiy huquqshunoslik, xalqaro iqtisod va tijorat huquqi, zamonaviy yuridik fan hamda amaliyotning boshqa tarmoqlari boʻyicha istiqbolli tadqiqot loyihalariga yosh olimlarni faol jalb qilish.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish tushumlari, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — institut) faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
institutga ilmiy xodimlar sifatida, jumladan oʻrindoshlik asosida ishga jalb qilish ilmiy va amaliy koʻnikmaga ega, yuqori malakali mutaxassislar orasidan oʻtkaziladigan tanlov asosida amalga oshiriladi;
institut olib boradigan tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish mamlakatning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy vazifalarini hisobga olgan holda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
10. Belgilansinki:
a) 2018-yil 1-sentabrdan boshlab Diplomatik akademiyada quyidagi xodimlar toifalari majburiy tartibda qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradilar:
(10-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Tashqi ishlar va Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vazirliklari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb qilingan boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maʼmuriy-boshqaruv xodimlari — uch yilda bir marta;
(10-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida vazifalarni bajarish bilan bogʻliq rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa ixtisoslashtirilgan davlat muassasalari xodimlari;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari hamda xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekiston uchun ajratilgan kvotalariga diplomatik va maʼmuriy-texnik lavozimlarga tayinlanadigan xodimlar, shu jumladan, ularning turmush oʻrtoqlari;
xalqaro munosabatlar hamda siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari — uch yilda bir marta;
b) Diplomatik akademiya kurslarining ishlab chiqarishdan ajralgan holatda taʼlim olayotgan tinglovchilari uchun butun taʼlim olish davrida asosiy ish joyidagi egallab turgan lavozimi, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar saqlanadi;
(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
v) Diplomatik akademiyada oʻqitish, qayta tayyorlash hamda malaka oshirish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan har yili tasdiqlanadigan reja va dasturlarga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(10-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Oliy maktabga tijorat asosida nodavlat tashkilotlar uchun ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslarini oʻtkazish huquqi berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
yuqori malakali kadrlar tayyorlash xarajatlari va Universitetning rivojlantirish strategiyasini hisobga olgan holda har yili toʻlov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistraturada taʼlim olishning qiymatini belgilasin va tasdiqlasin. Bunda, Universitetda shartnoma asosida taʼlim olishning toʻlov qiymati tegishli yoʻnalish va mutaxassislik boʻyicha respublika taʼlim muassasalari uchun belgilanganidan 3 baravar oshishi mumkin emas;
Universitet va Diplomatik akademiya kadrlarini Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida muntazam ravishda ichki idoraviy rotatsiya qilish tartibini joriy etishni;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Universitet faoliyatiga jalb qilinadigan va uning hamkorlikdagi tadbirlarida ishtirok etish uchun taklif qilinadigan chet ellik oʻqituvchilar, olimlar hamda mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
12. Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan vazirlik va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
oʻquv amaliyotini oʻtash dasturlariga muvofiq sohaviy vazirlik va idoralarning tegishli boʻlinmalarida talabalar tomonidan taʼlim jarayonida olingan amaliy va nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash maqsadida ularning majburiy amaliyotini tashkil etishda Universitetga har tomonlama koʻmak koʻrsatsin;
Universitet va Diplomatik akademiya professor-oʻqituvchilar tarkibi, tadqiqotchilarining idoraviy mansub boʻlinmalarning ish faoliyati bilan tanishishlari va tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari haqidagi yangi bilimlarga ega boʻlishlari uchun ularda qisqa muddatli stajirovka oʻtashlarini tashkil etish amaliyotini joriy etsin;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Universitet va Diplomatik akademiyada boshqaruv tarkibi, masʼul xodimlar va amaliyotchi-mutaxassislar tomonidan xalqaro munosabatlar, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining dolzarb masalalari boʻyicha muntazam ravishda darslar, maʼruzalar (shu jumladan, soatlik ish haqi yoki oʻrindoshlik shartlari asosida) oʻtkazilishini taʼminlasin.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
13. Universitet va Diplomatik akademiya faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Universitet hamda Diplomatik akademiyaning budjetdan tashqari jamgʻarmalari, jumladan taʼlimning toʻlov-shartnoma shaklidan tushadigan mablagʻlar, shartnoma asosida xizmatlarni amalga oshirishdan tushgan mablagʻlar, grantlar, shuningdek, xorijiy va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Universitetda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi bilan bir qatorda budjetdan tashqari mablagʻlar, xususan toʻlov-shartnoma (jumladan, oshirilgan shartnoma asosida taʼlim olishga kiruvchilar) mablagʻlari hisobidan maʼmuriy-boshqaruv, professor-oʻqituvchi, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni ularning mehnatiga haq toʻlash fondidan 85 foiz miqdorigacha boʻlgan moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) tashkil etilsin.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitet rektori Maxsus jamgʻarma mablagʻlari hisobiga Universitet va Diplomatik akademiya xodimlariga ularning ishlari hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda lavozim maoshining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda oylik ustama belgilash, shuningdek, qonunchilikka muvofiq boshqa qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash huquqiga ega;
Maxsus jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi, shuningdek, Universitet va Diplomatik akademiya xodimlariga oylik ustama belgilash mezonlari Universitet tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
2018-yil 1-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarga uzoq yillik xizmati va diplomatik ranglari uchun oylik maoshlariga qoʻshimcha haq Universitet va Diplomatik akademiya xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni 2018-yil uchun ajratsin, keyingi yillardan boshlab esa ularni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
16. Universitet:
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa sohaviy vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nusxalari (bir nusxada) oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladiganlar roʻyxatiga kiritilsin.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
17. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
1 va 2 ilovalar rus tili matnida berilgan.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavriati va magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;
bir oylik muddatda 2020-yil oxiriga qadar Universitet va Oliy maktab moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kengaytirish, obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash, Universitetning toʻlaqonli muhandis-texnik, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish masalalari boʻyicha qaror qabul qilsin;
Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga “Xalqaro iqtisodiyot va menejment”, “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” mutaxassisliklari kiritilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti buyurtmalariga binoan Universitetda ishlash uchun jalb etiladigan chet ellik oʻqituvchilar, professorlar va mutaxassislarga davlat bojlari toʻlashdan ozod etgan holda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida taklif kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-iyun,
PQ-3795-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi PQ-3795-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi PQ-3795-son qaroriga4-ILOVA
JIDU kadrlariga buyurtmachi-tashkilotlar roʻyxati va bakalavriat bitiruvchilarining ular oʻrtasidagi
* Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi JIDU kadrlariga buyurtmachi-tashkilotlar roʻyxatiga va talabalar soniga oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritishi mumkin.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi PQ-3795-son qaroriga5-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar