PQ-3815-son Qaror · 28.06.2018

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3815
  • Qabul qilingan sana:28.06.2018
  • Kuchga kirgan sana:29.06.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3815/1419

Oʻzbekiston boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosining mavjud resurslari va imkoniyatlaridan samarali foydalanish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni faol jalb qilish turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy hamda tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, turizm bosqichma-bosqich mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻiga aylanayotganligini hisobga olgan holda mintaqalarning salohiyatini turizm sohasiga toʻliq jalb etishni, xizmatlar sohasini rivojlantirishni, Buyuk ipak yoʻlida turizm yoʻnalishining jozibador markazi sifatida respublikaning ijobiy qiyofasini shakllantirishni taʼminlaydigan, yuqori malakali va jahon turizm industriyasi bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga obyektiv zarurat yuzaga kelmoqda.

Xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va ijodiy ishlarni olib borish boʻyicha respublikaning tashabbuslarini amaliy roʻyobga chiqarish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qoʻllagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni taʼminlash;

taʼlimning tegishli yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida taʼlim tizimiga yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari tajribasini joriy qilish;

turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini hamda oʻqitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy taʼlim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada oʻqishga muntazam ravishda yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslublarini faol takomillashtirish;

taʼlim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasi subyektlari mutaxassislarini qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

turistik faoliyatni va turizm sohasida yoʻlovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;

yetakchi respublika va xorijiy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan ularning mutaxassis hamda ekspertlarini oʻqitish va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Universitet oliy taʼlim muassasasi — yuridik shaxs shaklidagi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, oʻz majburiyatlari boʻyicha tasarrufidagi pul mablagʻlari va mol-mulk bilan javob beradi;

Universitetda oʻquv-metodik rahbarlik va taʼlim jarayonini yuritish ilgʻor innovatsion hamda ilmiy-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda Turizm qoʻmitasi tomonidan taʼminlanadi;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

Universitet Turizm qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi;

(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

Universitet rektori yoki ushbu vazifani bajarish yuklatilgan shaxsga qonunchilikka muvofiq oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va miqdori tatbiq etiladi;

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)

Universitetning rektori belgilangan tartibda Turizm qoʻmitasi tavsiyasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)

Universitetda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha oʻqitishning kredit tizimi qoʻllaniladi;

Universitetda oʻqish oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili: birinchisi — ingliz (fransuz, nemis) tili, ikkinchisi — Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri oʻqitiladi;

Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat deb eʼtirof etiladigan, belgilangan namunadagi diplom beriladi.

4. Quyidagilar:

“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

Universitetning Vasiylik kengashiga Universitet tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.

5. Universitetning Vasiylik kengashi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha Universitetning rivojlanishiga koʻmaklashuvchi jamoatchilik boshqaruvining oliy organi etib belgilansin:

turizm sohasida oliy taʼlimni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi yangi shakllar, dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, turizm sohasidagi subyektlar faoliyatiga ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha davlat, jamoat va biznes tuzilmalar bilan yanada samarali hamkorlik qilish;

hamkorlik toʻgʻrisidagi sheriklik bitimlarini tuzish amaliyotini rivojlantirish va ularni amalga oshirish;

taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik oʻrnatish va uni rivojlantirish;

Universitet pedagog va boshqa xodimlarining mehnat sharoitlarini hamda ularning ijtimoiy taʼminotini yaxshilash;

Universitetga moliyaviy yordam koʻrsatishni tashkil etish, uning faoliyatini taʼminlash va rivojlantirish uchun budjetdan tashqari mablagʻlar, homiylik xayriyalari va boshqa manbalarni jalb qilishda koʻmaklashish.

6. Universitetning Vasiylik kengashi:

manfaatdor vazirlik va idoralarning Universitet faoliyatini tashkil etish boʻyicha ishi muvofiqlashtirilishini, oʻquv majmuasi tayyorlanishini va 2018-yil 1-oktabrdan oʻquv jarayoni boshlanishini;

Universitetga ajratilayotgan binolarni taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlar safarbar etilishini, ushbu binolarning zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini;

Universitetda oʻquv jarayonini tashkil etish uchun malakali professor-oʻqituvchilar, jumladan xorijdan oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislar jalb etilishini taʼminlasin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

8. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2018/2019 oʻquv yilida Universitetga abituriyentlarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;

b) abituriyentlarni, chet el fuqarolari bundan mustasno, Universitet bakalavriatiga qabul qilish test sinovlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;

v) chet el fuqarolari Universitet bakalavriatiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat oʻtkazish orqali toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

g) 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:

Universitetga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish kvotalari soni turizm sohasida mehnat resurslariga boʻlgan talab prognozidan va Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning maqsadli buyurtmalaridan kelib chiqqan holda, Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;

(8-band “g” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “Mehmonxona xoʻjaligini tashkil qilish va boshqarish” hamda “Turizm (faoliyat yoʻnalishlari yuzasidan)” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriat va magistraturaga qabul tugatiladi.

9. Universitetning Vasiylik kengashi uch oy muddatda:

2019/2020 oʻquv yilidan Universitetning bakalavriati va magistraturasiga abituriyentlarni, shuningdek, mazkur qaror bilan belgilanayotgan talablarni inobatga olgan holda chet el fuqarolarini qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

Universitetda xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha oʻqitishning kredit tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

10. Quyidagilar Turizm qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Universitetda kadrlar tayyorlash boʻyicha buyurtmachilarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

turizm sohasida yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni respublika hududlari kesimida aniqlash;

talabalarning turistik infratuzilma va namoyish obyektlari hamda majmualarida, jumladan madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida amaliyot oʻtashlarini tashkil qilish hamda uning “ustoz-shogird” uslubida oʻtkazilishini taʼminlash;

turistik infratuzilma va namoyish obyektlari hamda majmualarida, jumladan madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida amaliyot oʻtash uchun malaka bazalarini taqdim etish.

Kadrlar buyurtmachilari, talabalar uchun Universitetni tamomlagandan keyin 5 yil davomida kadrlar buyurtmachisi tomonidan belgilangan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyatlarini oʻrnatgan holda, ular va talabalar oʻrtasida shartnoma tuzish orqali talabalar kontraktining bazaviy qiymati toʻlovini amalga oshirish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilsin.

11. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

istisno tariqasida, ilgʻor tajribani va oʻquv jarayonining amaliyot bilan integratsiyasini inobatga olib, taʼlim standartlari, malakaviy talablar, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, shuningdek, talabalar bilimlarini baholash tizimini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash;

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)

professor-oʻqituvchilar tarkibining faoliyat turlari boʻyicha vaqt meʼyorlarini belgilash;

Universitet taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagog kadrlarni, shuningdek, turizm sohasi subyektlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini taʼminlash;

turizm sohasida kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, Universitet Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda yangi istiqbolli oʻquv yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini ochish;

bakalavriat, magistratura va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish;

Universitet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun budjetdan tashqari (jumladan toʻlov-kontrakt asosidagi taʼlimdan tushayotgan) mablagʻlarni ulardan oqilona hamda samarali foydalanish sharti bilan belgilangan tartibda tasarruf etish;

Universitetning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni tashkil etish.

12. Belgilab qoʻyilsinki:

Universitet uchun kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha bir oʻqituvchiga talabalar sonining nisbiy normativi 1:8,0 etib belgilanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda, Universitetga sirtqi va kechki boʻlimlarda taʼlim olish uchun abituriyentlar qabul qilinishi mumkin;

budjet mablagʻlari hisobidan Universitetning professor-oʻqituvchilar tarkibiga har oy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida, turizm sohasi boʻyicha xalqaro miqyosda tan olingan xorijiy oliy taʼlim muassasalari diplomiga ega boʻlgan va Universitet oʻquv jarayoniga toʻliq stavkada jalb qilingan oʻqituvchilarga — 150 foizi miqdorida ustama toʻlanadi;

(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

turistik infratuzilma va namoyish obyektlari hamda majmualari, jumladan madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, muzeylar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalaridan Universitet talabalari va ilmiy xodimlarining amaliyot oʻtash joylari sifatida foydalanish tavsiya etiladi.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

a) bir oy muddatda Universitetning taʼsis hujjatlari ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 15-sentabrga qadar muddatda:

tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq Universitetning boʻlimlari, fakultetlari va kafedralari shakllantirilishini, uning taʼlim tizimi va turizm sohasida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega yuqori malakali mutaxassislar, jumladan xorijiy mamlakatlar mutaxassislari bilan toʻldirilishini, oʻqituvchi va mutaxassislarning professional koʻnikmalari va bilim darajalarini uzluksiz oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini;

zarur oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, oʻquv-metodik materiallar va qoʻllanmalar ishlab chiqilishi va kafedralarga taqdim etilishini taʼminlasin.

14. Universitet tuzilmasida:

Turizm sohasida innovatsiyalar markazi tashkil etilsin, unga turizmni rivojlantirishning dolzarb muammolarini oʻrganish va tadqiq qilish, shuningdek, ularni hal qilishning innovatsion yoʻllarini ishlab chiqish, turizm sohasida startaplarni qoʻllab-quvvatlashning toʻliq siklini tashkil etish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari yuklansin;

Turizm sohasida axborot texnologiyalari markazi tashkil etilsin, ushbu markaz raqamli turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish va ushbu yoʻnalishda zamonaviy dasturiy taʼminotni ishlab chiqish uchun masʼul hisoblanadi.

15. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;

(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablagʻlari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xorijiy mamlakatlar, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning maqsadli mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2018-yilda Universitetni saqlab turish uchun budjet mablagʻlari ijtimoiy soha uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratiladi, 2019-yildan boshlab esa belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

15-1. Belgilansinki, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti boʻlim boshliqlari, markaz va direksiya rahbarlari, bosh yuriskonsulti, bosh auditori, matbuot kotibi, bosh hisobchi mos ravishda oliy taʼlim muassasasining fakultet dekani oʻrinbosari bazaviy lavozim maoshiga, boʻlim boshliq oʻrinbosarlari mos ravishda oliy taʼlim muassasasining katta oʻqituvchi bazaviy lavozim maoshiga, bosh mutaxassis, bosh iqtisodchi, psixolog, marketolog mos ravishda oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi va yetakchi mutaxassisi, uslubchilar, ilmiy tadqiqot ishlari boʻyicha muhandislar, kabinet mudiri, oʻquv ishlab chiqarish markazi supervayzerlari mos ravishda oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi-stajer bazaviy lavozim maoshiga tenglashtiriladi.

(15-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 06/21/6165/0104-son)

16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Universitetga 4 ta avtotransport vositasi, jumladan 2 ta xizmat, 1 ta navbatchi va 1 ta turizm toifasiga oid avtobusni saqlash uchun limit ajratsin.

17. Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

Samarqand shahri, Universitet shohkoʻchasi, 17-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqarish huquqi bilan begʻaraz berish;

Samarqand shahri, Mustaqillik koʻchasi, 57-uy manzilida joylashgan Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tutash hududi bilan birgalikda Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyiga operativ boshqarish huquqi bilan begʻaraz berish;

Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejiga 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab qabul toʻxtatilganligini inobatga olib, Samarqand qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejini Siyob qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji bilan birlashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

18. Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2018-yil 15-sentabrga qadar muddatda birinchi bosqichda Universitetdagi zarur ishlarning quyidagi mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishini taʼminlasin:

Universitet bino va inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlarini — Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari;

Universitetni kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, jumladan masofadan va onlayn oʻqitishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan oʻquv texnika vositalari, turizm masalalari boʻyicha oʻquv adabiyotlar va kutubxona fondi bilan jihozlashni — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;

Universitetni mebel (partalar, stollar, stullar va boshqalar), inventar, zamonaviy laboratoriya jihozlari, shuningdek, oʻquv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan jihozlashni — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Universitet faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlari, donorlar va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra 2019-yilda va keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda Universitetning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, tutash hududlarni obodonlashtirish uchun zarur mablagʻlarni ajratishni nazarda tutsin.

(19-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

20. Turizm qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi Universitet professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlarining xorijiy turizm kompaniyalari, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarida malakasini oshirishini, jumladan iqtidorli mutaxassislar ushbu muassasalarning magistratura va doktoranturasiga oʻqishga yuborilishini, shuningdek, yuqori malakali xorijiy oʻqituvchilar, olimlar, va mutaxassislarni Universitet taʼlim jarayoniga keng jalb qilinishini tashkil etsin.

(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlarining grantlari, budjet mablagʻlari va Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2021-y., 06/21/6168/0111-son)

21. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitetning buyurtmalari boʻyicha belgilangan tartibda:

ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Universitetga jalb etiladigan xorijiy oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolariga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmagan holda rasmiylashtirilishini;

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan boʻlgan talabalarga ularning Universitetda butun taʼlim olish davriga uzoq muddatli koʻp martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan boʻlgan talabalarga, Universitetda ishlash uchun jalb qilinadigan xorijiy oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarga davlat bojlari toʻlashdan ozod etilgan holda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishi, shuningdek, vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Universitetga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun xorijdan oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarni respublikaga jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini taʼminlasin.

24. Universitet 2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda Universitetni jihozlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyot, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

25. Universitet:

qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa sohaviy vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;

(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nusxalari (bir nusxada) oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan roʻyxatga kiritilsin.

(25-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

26. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 28-iyun,

PQ-3815-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi PQ-3815-son qaroriga 1-ILOVA

“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining

(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

* Universitetning rivojlantirish va xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyatining tavsiyasiga binoan SHHTga aʼzo davlatlar fuqarolari orasidan tayinlanadi.

** Yuridik shaxs maqomisiz faoliyat yuritadi, Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga saqlanadi.

Universitetning shtatlar jadvali oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi PQ-3815-son qaroriga 2-ILOVA

“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha

(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi PQ-5270-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 07/21/5270/1006-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.