Mamlakatimizda fuqarolarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka doir huquqlarini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, shaxsga oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun samarali mexanizmlar yaratilgan, umuman jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlaydigan sud-huquq tizimi samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, jamiyatning poydevori sifatida oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oila manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini kuchaytirish, uning xavfsizligini va uygʻunligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Koʻrilgan choralar xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga shak-shubhasiz rioya qilish, maʼnaviy-axloqiy asoslarni va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash uchun poydevor yaratdi.
Respublikada ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan jismoniy, axloqiy yoki mulkiy zarar yetkazish natijasida sodir etilgan huquqbuzarliklar tufayli jabr koʻrgan shaxslarga koʻmaklashish va har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha infratuzilmani yaratish alohida ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, amaliyotda fuqarolarning, eng avvalo, yordamga muhtoj xotin-qizlarning huquqlarini qoʻshimcha ravishda taʼminlash, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan amaliy munosabatlarini kuchaytirish, mazkur masalalarda jamoatchilik nazorati joriy etilishini davom ettirish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrishni talab qiladigan ayrim muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi kafolatlangani, shuningdek, qiynoqqa solganlik, zulm qilganlik va boshqacha tarzda shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini tahqirlovchi muomalada boʻlganlik uchun javobgarlik belgilab qoʻyilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi maʼnaviy-axloqiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlarni qoʻzgʻata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini taʼminlash;
ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yoʻlga qoʻyishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, birinchi navbatda oilaviy-maishiy nizoli vaziyatlarni hal qilishda davlat organlarining oʻzaro hamkorligini, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;
nizoli vaziyatlarning erta oldini olishga, eng avvalo, “xavf ostidagi guruh”da boʻlgan shaxslar va oilalarni aniq maqsadda qoʻllab-quvvatlash orqali ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini takomillashtirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish;
nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatish sabablarini, oʻz joniga qasd qilish kayfiyatini qoʻzgʻatadigan omillarni aniqlash hamda oʻrganish, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zoʻrlik ishlatishning har qanday koʻrinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini, shu jumladan jazo muqarrarligini taʼminlash, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash orqali qaror toptirish;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirish.
3. Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining zimmalariga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
6. Toshkent shahar hokimligi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika markazini joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi asosida bino ajratilishini, shuningdek, u zarur mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) davlat-xususiy sherikligi usullaridan keng foydalanishi, shu jumladan Markazlarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatilishining oldini olish tizimini takomillashtirish maqsadida nodavlat notijorat va xalqaro (xorijiy) tashkilotlarni jalb qilishlari mumkin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining murojaatiga muvofiq Markazlarning joylashtirilishini, jihozlanishini tashkil etsin hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal qilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi fuqarolar bilan oʻzaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam koʻrsatish, qoʻshimcha yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan tashkilotlar toʻgʻrisida maslahat berish va axborot taqdim etish uchun moʻljallangan “ishonch telefoni”ni (respublika doirasida yagona qisqa raqam boʻyicha hamma foydalanishi mumkin boʻlgan “tezkor aloqa”ni) tashkil etish maqsadida Markazlarni, shu jumladan Respublika markazini koʻp kanalli telefon aloqasi bilan taʼminlashda koʻmak bersin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari quyidagi masalalar yuzasidan Markazlar bilan hamkorlik qiladi:
nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishni oʻz vaqtida aniqlanishini, bartaraf etilishini va oldi olinishini taʼminlash, ularning oqibatlarini, shuningdek, bunday turdagi xatti-harakatlar sodir etilishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
ogʻir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarga, birinchi navbatda, oilaviy nizolarni hal qilish orqali taʼsirchan yordam koʻrsatish boʻyicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshirish;
jamiyatda oilaviy-maishiy sabablarga koʻra sodir etilgan zoʻrlik ishlatishning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabat muhitini shakllantirish maqsadida nizoli vaziyatlarning, shu jumladan oiladagi nizoli vaziyatlarning erta oldini olish boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish.
12. Vazirliklar va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, xoʻjalik boshqaruvi organlari Markazlar, shu jumladan Respublika markazi bilan yaqin oʻzaro hamkorlik olib borilishini, ularda yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratilishini, oʻz vaqtida zarur yordam berilishini, aniq choralar koʻrgan holda ularning murojaatlari koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xalqaro aloqalarni amalga oshirishda, xorijda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatishda, xalqaro (xorijiy) tashkilotlar va ularning vakolatxonalari bilan bitimlar tuzishda Respublika Markaziga va Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga har tomonlama koʻmaklashsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda “Maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Qonun loyihasida quyidagi masalalar nazarda tutilsin:
maishiy zoʻrlik ishlatish tushunchasini taʼriflash, zoʻrlik ishlatiladigan holat turlarini ajratib koʻrsatish;
vakolatli organlarning vazifalari va funksional majburiyatlarini belgilash;
maishiy zoʻrlik ishlatishning erta oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni farqlash;
muayyan taqiqlar oʻrnatishni, shu jumladan jabrlanganlar bilan muloqot qilishga, ularning ish joyiga, oʻqish joyiga, yashash joyiga borishga taqiqlar qoʻyishni va ularni himoya qilish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni nazarda tutadigan himoyaviy koʻrsatmalar institutini joriy etish;
sudgacha va sud tekshiruvi jarayonida maishiy zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan maxsus protsessual kafolatlarni joriy etish.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
oilaviy-maishiy sohada qonuniylikni va har bir oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatish, shaxsiy hayotga aralashuv holati boʻyicha javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq eʼtirozsiz va qarshiliksiz odil sudlovdan foydalanishini va toʻliq himoya qilinishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nizoli vaziyatlarda va oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatish aniqlangan hollarda samarali harakat qilish oʻrgatilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “xavf ostidagi guruh”da boʻlgan oila aʼzolariga nisbatan har bir zoʻrlik ishlatilgan holat haqida huquqni muhofaza qilish organlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini zudlik bilan xabardor qilishni taʼminlasin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
17. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Markazlar, shuningdek, ularning tuzilmalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
18. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi ushbu qarorning mazmun-mohiyati keng yoritilishini va aholiga yetkazilishini taʼminlasin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-iyul,
PQ-3827-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3827-son qaroriga ILOVA
Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar