Soʻnggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini faol jalb etish va investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning koʻlami va samaradorligi nafaqat mamlakatimizdagi investitsion faollikning ortishi bilan, balki nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklari tomonidan berilayotgan munosib baho bilan ham oʻz isbotini topmoqda.
Xususan, soʻnggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012-yildagi 166-oʻrindan 2017-yilda 74-oʻringa koʻtarildi. Bundan tashqari, soʻnggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish koʻrsatkichi boʻyicha islohotchi mamlakatlarning birinchi oʻntaligidan joy oldi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlar talablariga hanuzgacha toʻliq javob bermaydi. Ayrim davlat organlari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida eʼlon qilingan islohotlarning amaldagi ijrosini yetarli darajada taʼminlamayapti.
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar faoliyatining aniq muvofiqlashtirib borilmasligi, shuningdek, ular rahbarlari javobgarligining past darajadaligi sababli ayrim sohalarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni amaliyotda roʻyobga chiqarish ustuvor vazifalar va islohotlarning oʻzaro bogʻliq yoʻnalishlarini eʼtiborga olmasdan amalga oshirilmoqda hamda barcha hollarda ham kutilgan samarani bermayapti.
Eng kulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamjamiyatda mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish, hududlarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash yuzasidan yakuniy natijalarga erishish uchun vakolatli organlar rahbarlarining javobgarligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
investitsiya muhitini yaxshilash sohasida olib borilayotgan islohotlarning strategik maqsadi — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun mamlakatda 2022-yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi (keyingi oʻrinlarda “Biznes yuritish” hisoboti deb yuritiladi) jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng kulay shart-sharoitlarni yaratishdir;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda bu yoʻnalishda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.03.2019-y., 06/19/5687/2723-son)
2. Quyidagilar:
Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
islohotlarni sifatli amalga oshirish hamda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarning roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari zimmasiga islohotlarni sifatli amalga oshirish hamda “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining tegishli koʻrsatkichlarini yaxshilash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.03.2019-y., 06/19/5687/2723-son)
Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va lozim darajada bajarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirishni;
“Biznes yuritish” hisobotidagi Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar bilan oʻzaro amaliy hamkorlikni;
Jahon banki guruhi ekspertlari va “Biznes yuritish” jamoasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini asoslash boʻyicha muzokaralar oʻtkazish uchun har yili idoralararo ishchi guruhni Vashington shahriga (AQSh) yuborishni;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda eng muhim xalqaro reytinglarni va tarkibiy indikatorlarni, ularni shakllantirish metodologiyasini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslarda oxirgi ikki yilda egallab turgan mavqeyini chuqur oʻrganishni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda tegishli xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasining mavqeyini yaxshilash boʻyicha aniq takliflar tayyorlashni taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda har yili:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.03.2019-y., 06/19/5687/2723-son)
fevral-mart oylarida “Biznes yuritish” hisobotini tayyorlash doirasida Jahon banki ekspertlari tomonidan yuboriladigan savolnomalarni oʻrganilayotgan yoʻnalishlarda amalga oshirilgan islohotlar va qonun hujjatlari normalarini inobatga olgan holda sifatli va oʻz vaqtida toʻldirishni;
15-noyabrga kadar eʼlon qilingan “Biznes yuritish” hisoboti natijalarini oʻrganishni hamda u boʻyicha keyinchalik Jahon banki va “Biznes yuritish” jamoasiga taqdim etish uchun oʻrganilayotgan har bir yoʻnalish kesimida asoslantirilgan dalillar va statistik maʼlumotlardan iborat sharhlarni tayyorlashni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.03.2019-y., 06/19/5687/2723-son)
“Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari haqida ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini har chorakda eshitib borsin, keyinchalik tegishli yoʻnalishlarda biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashni taʼminlamagan rahbarlarga nisbatan chora koʻrish yuzasidan takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichi reyting tuzish metodologiyasi talablariga muvofiqligini baholagan holda “Biznes yuritish” hisobotlarini tanqidiy oʻrganib borsin va har yili 1-dekabrga kadar “Biznes yuritish” hisobotida respublikaning alohida koʻrsatkichlarini yaxshilash maqsadida ishbilarmonlik muhiti va qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar hamda loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining texnik koʻmagi, grantlari va kreditlarini jalb etish yuzasidan zarur tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini hamda “Biznes yuritish” hisoboti yoʻnalishlari yuzasidan qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini xolisona baholash uchun har yili tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida, shu jumladan ularning murojaatlarini qabul qilish, qayta ishlash, koʻrib chiqish va takliflarini muhokama qilish boʻyicha maxsus portal orqali soʻrovlar oʻtkazsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini tizimli ravishda oʻrganib borsin, bunda tasdiqlangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan hamda kechikishlarga yoʻl qoʻygan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan aniq taʼsir choralarini koʻllasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF-5687-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.03.2019-y., 06/19/5687/2723-son)
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-iyul,
PQ-3852-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son qaroriga1-ILOVA
Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son qaroriga2-ILOVA
Islohotlarni sifatli amalga oshirish hamda “Biznes yuritish” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash uchun rahbarlari shaxsan masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarning
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)