PQ-3861-son Qaror · 17.07.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3861
  • Qabul qilingan sana:17.07.2018
  • Kuchga kirgan sana:18.07.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07418/3861/1528

Oʻsimliklarni oʻrganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda noyob botanik kolleksiyalarni saqlash sharoitlarini yaxshilash, oʻsimlik dunyosini oʻrganish, saqlab qolish va undan barqaror foydalanish boʻyicha ixtisoslashgan vazifalarni jadal hal etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut deb yuritiladi) ilmiy faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Institutni Oʻzbekistonning tabiiy oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish sohasidagi yagona davlat ilmiy muassasa sifatida belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Institutning noyob ilmiy obyekti “Markaziy gerbariy” milliy ahamiyatga ega gerbariy deb tan olinsin va unga “Oʻzbekiston milliy gerbariysi” (keyingi oʻrinlarda — Milliy gerbariy) nomi berilsin.

3. Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy gerbariyning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish boʻyicha 2018 — 2020-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Institut va Fanlar akademiyasi Milliy gerbariyni maxsus asbob-uskunalar bilan taʼminlash maqsadida ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy taʼminotlar va texnik vositalarni xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlari realizatsiyasidan tushgan budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga oʻrnatilgan tartibda xarid qilsin.

5. Institut tarkibida:

noyob va endem oʻsimlik turlari boʻyicha maqsadli ilmiy-tadqiqotlarni olib borish va Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi nashrlarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash vazifalari yuklatilgan noyob oʻsimliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi;

Oʻzbekiston tabiiy florasining taksonomik xilma-xilligini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha tizimli tadqiqotlar olib borish, oʻsimliklarning invaziv turlari tarkibini va geografik tarqalishini belgilash, alohida ahamiyatga ega botanik hududlarni aniqlash hamda oʻsimliklar dunyosining zamonaviy nomenklaturasi va filogenetik tizimi asosida “Oʻzbekiston florasi”ning yangi nashrlarini tayyorlash vazifalari yuklatilgan Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi;

Institutning ilmiy-tadqiqot va oʻquv-amaliy faoliyatidagi yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek, keng jamoatchilikni Oʻzbekistonning oʻziga xos oʻsimliklari xilma-xilligi bilan tanishtirish maqsadida Botanika muzeyi tashkil etilsin.

6. Fanlar akademiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Fanlar akademiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash va chop etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, chop etish va yuritish tartibini tasdiqlasin.

7. Ilmiy boʻlinmalarning yaxlitligini saqlab qolish va ilmiy tadqiqot faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

Institutning gʻoʻza sistematikasi va introduksiyasi laboratoriyasi, “Gʻoʻza genofondi” noyob ilmiy obyekti va issiqxona kompleksi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutiga;

Institutning anatomiya va sitoembriologiya, daraxt va oʻt oʻsimliklari introduksiyasi, shuningdek, dorivor oʻsimliklar laboratoriyalari akademik F.N. Rusanov nomidagi Botaniki bogʻiga oʻtkazilsin.

8. 2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish va saqlab qolish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarini rivojlantirish, shuningdek, salohiyatini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Institut, Milliy gerbariy va Botanika muzeyini joylashtirish uchun yangi zamonaviy binoni (keyingi oʻrinlarda — obyekt) akademik F.N. Rusanov nomidagi Botanika bogʻi hududida qurish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. Quyidagilar:

a) obyekt boʻyicha:

“Inkom kapital qurilish” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tanlov (tender) savdolari yakunlari boʻyicha aniqlangan tashkilotlar — bosh loyihachi va bosh pudratchi etib;

b) har yili tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga ajratiladigan kapital qoʻyilmalar limitlari — loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va obyektga doir qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbai etib belgilansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi 2021 — 2023-yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyekt boʻyicha qurilish-montaj ishlarini oʻtkazish uchun kapital qoʻyilmalarning tegishli limitlarini nazarda tutsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlardagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Institutning hamkorligini kengaytirish choralarini koʻrsin, shuningdek, Institut negizida oʻsimliklarning molekulyar filogeniyasi, biogeografiyasi, xemotaksonomiyasi va oʻsimliklar olamining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil qilish uchun grant mablagʻlari jalb etilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻshma ilmiy laboratoriyalarni tashkil etishda Institutning ishchilari va ilmiy xodimlari umumiy cheklangan sonini koʻpaytirish huquqi berilsin.

13. Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Institut tomonidan olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy taʼminotlar va texnik vositalar 2021-yil 1-iyulgacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3256-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti B.S. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 17-iyul,

PQ-3861-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi PQ-3861-son qaroriga 1-ILOVA

2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining oʻsimliklar xilma-xilligini oʻrganish va saqlab qolish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, salohiyatini mustahkamlash boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi PQ-3861-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256-son “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga kiritilayotgan

1. 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti

Xodimlarning umumiy cheklangan soni ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarning hajmiga bogʻliq boʻlib,

197 tani tashkil qiladi, shu jumladan ilmiy xodimlar soni — 56 ta.

Yordamchi xodimlarning soni qonun hujjatlarida belgilangan meʼyorlarga asosan belgilanadi.

Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va olimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.

* Budjet mablagʻlari hisobidan saqlanadi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.