PF-5466-son Farmon · 27.06.2018

“Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5466
  • Qabul qilingan sana:27.06.2018
  • Kuchga kirgan sana:28.06.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5466/1527

[Koʻchirma]

Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir.

Soʻnggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Xususan, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga faol jalb qilish boʻyicha joylarda maqsadli dasturlar amalga oshirilmayapti hamda zarur infratuzilma yaratilmagan, bu esa yangi ish oʻrinlari yaratishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Joylarda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoshlarning tadbirkorlik savodxonligini oshirishga, ularga biznes tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini singdirishga hali ham befarq va beparvo munosabatda boʻlmoqda.

Yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish oʻrinlari yaratish va yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq:

1. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar va biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturini Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida amalga oshirish boshlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. 2018-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) amalga oshirilsin.

Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilansin:

a) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma), shuningdek, uning tuman va shahar filiallarini tashkil etish, Jamgʻarmaning mablagʻlaridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan quyidagilarni amalga oshirish uchun foydalanish:

tijorat banklari orqali yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun 2019-yil 31-dekabrga qadar — yillik 7 foiz stavkada, 2020-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda kredit va mol-mulkni lizingga berish;

(2-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar boʻyicha kredit hajmining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda kafilliklar berish;

Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamgʻarma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;

tegishli koʻnikmalarga ega, band boʻlmagan yoshlar yashaydigan uy xoʻjaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda koʻmaklashish;

b) yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, shuningdek, ularga biznes yuritish koʻnikmalarini singdirish;

v) davlat-xususiy sheriklik shartlarida:

yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan taʼminlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha koʻmak berish, jumladan biznes-rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini koʻrsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini;

savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod boʻlgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish.

(2-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PF-5898-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son)

3. “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shartlarida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin:

a) tuman (shahar)lar hokimliklari:

(3-bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan elektr, gaz va suv taʼminoti tarmoqlariga olib borishni va ulashni tuman (shahar)lar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan taʼminlaydi;

b) Jamgʻarma “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha boʻlgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablagʻlarni ularning ustav jamgʻarmasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli;

v) xususiy investorlar quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining kamida 70 foizini moliyalashtirish, ularning kelishilgan muddatlarda va namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va foydalanishga topshirilishini taʼminlashni;

Davlat dasturi ishtirokchisi boʻlgan yosh tadbirkorlarga “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarida joy berish, ularga maqbul narxlarda xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, ularda ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 70 foizi miqdorida band boʻlmagan yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni;

Jamgʻarmaning tuman va shahar filiallarini joylashtirish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridagi xonalarni bepul taqdim etishni;

g) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini saqlab turish xususiy investorlarning mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi;

(3-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)

4. Quyidagilar 2018-yilda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

daromadlarning prognoz qilingan qismini oshirib bajarish hisobiga respublika budjetidan 2018-yil iyulda, 1-oktabrgacha va 1-dekabrgacha teng ulushlarda ajratiladigan 500 milliard soʻm miqdoridagi begʻaraz moliyaviy yordam;

har chorakda Jamgʻarmaga oʻtkaziladigan, vazirlik, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga tushadigan yillik tushumlarning 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-5106-son Farmoni 13-bandiga muvofiq Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamgʻarmasiga har oyda tushadigan mablagʻlarning 10 foizi;

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

homiylar — jismoniy va yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablagʻlari;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Jamgʻarmaga ijro etuvchi direktor — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi;

Jamgʻarmaning tuman va shahar filiallariga Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori tomonidan tayinlanadigan tegishli tumanlar va shaharlarning muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlari rahbarlik qiladi;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslarning respublika va hududiy organlari, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklari xodimlarining 30 foizgacha boʻlgan qismi asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va ish haqi saqlab qolingan holda Jamgʻarmaga, uning tuman va shahar filiallariga biriktiriladi.

8. Quyidagilar:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining tuzilmasi, shuningdek, Jamgʻarma tuman va shahar filiallarining namunaviy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Tumanlar va shaharlarda hokimlarning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari boshchiligida hamda ichki ishlar boshqarma (boʻlim)lari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tumanlar va shaharlar kengashlari raislari, shuningdek, Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi boʻlinmalari rahbarlaridan iborat yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — Komissiyalar) tashkil etilsin.

Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni xohlaydigan, band boʻlmagan aholini aniqlash, tuman (shahar)larga tavsif berish hamda ulardagi yoshlarning pasportlarini shakllantirish maqsadida uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar tashkil etish;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlarini jalb qilgan holda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini ishlab chiqishda, zarur hujjatlar va materiallarni tayyorlashda hamda rasmiylashtirishda koʻmaklashish;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashish uchun talabnomalar, shuningdek, Davlat dasturi doirasidagi boshqa murojaatlar “bir darcha” tamoyili boʻyicha koʻrib chiqilishini taʼminlash;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlarini jalb qilgan holda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish monitoringini olib borish, kelib chiqqan muammolarni hal qilish;

tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish masalalari boʻyicha yoshlar orasida keng tushuntirish ishlarini olib borish.

10. “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni 2018-yilda moliyalashtirish parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni keyingi yillarda moliyalashtirish parametrlari Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning aniq manbalarini koʻrsatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

11. Davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini moliyalashtirishning quyidagi mexanizmlari belgilansin:

Jamgʻarma tijorat banklariga Davlat dasturi doirasida taqdim etiladigan kredit va mol-mulkni lizingga berishni moliyalashtirish uchun 2019-yil 31-dekabrga qadar — yillik 5 foiz stavkada, 2020-yil 1-yanvardan — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foizlik punktni chegirib tashlagan holda, 2021-yil 1-yanvardan esa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilanadigan shartlarda moliyaviy resurslarni ajratadi;

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

kreditlar va mol-mulkni lizingga berish 5 yil muddatga 12 oygacha imtiyozli davr bilan amalga oshiriladi;

(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

kreditlar va mol-mulkni lizingga berish AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB orqali amalga oshiriladi;

(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan moliyalashtiruvchi tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan namunaviy biznes-rejalar asosida moliyalashtiriladi;

yoshlarning qiymati 2 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini moliyalashtirish ularning biznes-rejalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini realizatsiya qilish uchun imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini birlamchi koʻrib chiqish va tanlab olish komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi;

komissiyalar har bir xonadonni uyma-uy yurish, mavjud infratuzilmani inventarizatsiya qilish, yoshlar shugʻullanish istagini bildirgan mehnat faoliyati turini tahlil qilish, shuningdek, imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini tanlab olish natijalari boʻyicha tasdiqlanadigan parametrlar doirasida tegishli tumanlar va shaharlarda namunaviy biznes-rejalar asosida realizatsiya qilinadigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantiradi;

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasi kelib tushishiga qarab, lekin 2018-yil 1-avgustdan va keyingi yillarda 25-dekabrdan kechiktirmasdan Davlat dasturi doirasida tegishli tumanlar va shaharlarda realizatsiya qilinadigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari hamda loyihalarining manzilli roʻyxatini tasdiqlaydi. Tasdiqlangan manzilli roʻyxatga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi;

tasdiqlangan manzilli roʻyxat imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berishni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga hamda Jamgʻarmaga taqdim etiladi;

moliyalashtiruvchi tijorat banklari taqdim etilgan manzilli roʻyxat asosida imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish haqida oʻrnatilgan tartibda qaror qabul qiladi. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish talabnomalarini tijorat banklari tomonidan koʻrib chiqish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim;

komissiyalar investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslar hududiy organlarining, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklarining biriktirilgan xodimlari bilan birgalikda moliyaviy mablagʻlardan maqsadli va oʻz vaqtida foydalanilayotganligi ustidan har oyda monitoring oʻtkazadi, monitoring davomida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun toʻsqinlik qilayotgan muammolar hal etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi moliyalashtiruvchi tijorat banklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalari namunaviy biznes-rejalari ishlab chiqilishini taʼminlasin.

12. Komissiyalar, Jamgʻarmaning tuman va shahar filiallari hamda moliyalashtiruvchi tijorat banklariga:

ajratiladigan, jumladan maqsadli foydalanilmayotgan moliyaviy mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq qaytarish choralarini koʻrish;

Davlat dasturi ishtirokchisi tomonidan ajratilgan moliyaviy mablagʻlarni, shuningdek, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash rad etilgan hollarda ularni majburiy undirish uchun sudga murojaat qilish majburiyati yuklansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni tasdiqlovchi hukumat qarorini qabul qilsin:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish, shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar;

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etish, jumladan ajratiladigan kreditlarning cheklangan limitlarini aniqlash mexanizmi, shuningdek, Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar boʻyicha kafilliklar berish tartibi;

yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga professional oʻqitish yuzasidan qisqa muddatli kurslar sonini tubdan oshirish va ularning sifatini yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi.

14. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Davlat dasturi doirasida obyektlarni qurish boʻyicha haq toʻlanadigan ishlarga band boʻlmagan yoshlarni, jumladan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar mehnat otryadlarini ixtiyoriy asosda keng jalb qilish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.

15. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga — Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining muvofiqlashtirilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga — Jamgʻarma mablagʻlari oʻz vaqtida va toʻliq shakllantirilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga — hududiy oʻziga xosliklarni hisobga olgan holda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari loyihalariga qoʻyiladigan namunaviy talablarning ishlab chiqilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga — Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik muassasalariga biriktirilgan hududlarga Davlat dasturi doirasidagi tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish uchun, jumladan respublikaning tegishli tuman (shahar)lariga tashriflarni tashkil etgan holda, xorijiy investorlarning, shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar texnik koʻmak mablagʻlari va grantlarining jalb etilishi uchun;

(15-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga — Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarining namunaviy biznes-rejalari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, shuningdek, ularning komissiyaga taqdim etilishi uchun;

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklariga — “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslariga muhandislik kommunikatsiyalari, jumladan elektr, gaz va suv taʼminoti tarmoqlari olib kelinishi hamda ulanishi uchun;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklariga Jamgʻarma faoliyatini tashkil etishda koʻmaklashish uchun masʼuliyat yuklansin.

(15-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

16. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Bosh prokuratura bilan birgalikda Jamgʻarma mablagʻlarining oʻz vaqtida shakllantirilishi va maqsadli sarflanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

17. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda Davlat dasturi amalga oshirilishining jarayoni keng yoritilishini tashkil etsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining raisi Q.K. Kuranbayev, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 27-iyun,

PF-5466-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5466-son Farmoniga 1-ILOVA

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 14 birlik.

Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5466-son Farmoniga 2-ILOVA

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tuman (shahar) filiallarining

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 3,5 birlik.

Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5466-son Farmoniga 3-ILOVA

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasining

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PF-5466-son Farmoniga 4-ILOVA

2018-yilda “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida respublikaning tuman va shaharlarida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish

Izoh:

1) Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasining qarori bilan Parametrlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

2) Band boʻlmagan yoshlar yashayotgan xonadon xoʻjaligi uchun uy parrandasi joʻjalari, quyon bolalari, mayda shohli va yirik yosh qoramollarni sotib olish va taqsimlash Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.