Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya milliy tizimini yanada rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, sogʻliqni saqlash va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 11-sentabrdagi PQ-3939-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzstandart” agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) 2019-yil 1-yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni oʻrnatish takliflari maʼqullansin:
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)
tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan oʻlchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida oʻrnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PF-140-sonli Farmoniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 06/23/140/0618-son)
2. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini taʼminlash, shuningdek, ularning maqsadli ishlatilishiga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari masʼul hisoblanadi;
mazkur qarorning 1-bandida koʻzda tutilgan soddalashtirilgan tartib, davlat bojxona xizmati organlariga (shu jumladan uchinchi shaxslar tomonidan) tovarlar ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirayotgan tadbirkorlik subyekti tomonidan ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun maqsadli ishlatilishi toʻgʻrisidagi majburiyatlari, shuningdek, oʻrnatilgan tartibda bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida oʻlchash vositalarini sertifikatlashtirish amalga oshirilishi koʻzda tutilgan kafolat xati taqdim etilishi sharti bilan qoʻllanadi;
davlat bojxona xizmati organlari, bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgandan soʻng uch kun muddatda mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq soddalashtirilgan tartibda olib kirilgan tovarlar importi toʻgʻrisida idoralararo axborot almashinuvi vositasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga va Agentlikka maʼlumot taqdim etadi;
mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PF-140-sonli Farmoniga asosan 2024-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 06/23/140/0618-son)
4. Quyidagilar:
2019-2020-yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
29 ta umumiy va 13 ta maxsus texnik reglamentlar ishlab chiqilishini koʻzda tutadigan 2019 — 2021-yillarda texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
uygʻunlashuv darajasini 47 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi 2019 — 2021-yillarda standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
sinov va oʻlchash bazasini takomillashtirish boʻyicha loyihalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilarga shaxsiy javobgarlik yuklansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripovga — “Yoʻl xaritasida” koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonovga — Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturining oʻz vaqtida, toʻliq va samarali amalga oshirilishi uchun;
Agentlik bosh direktori D.N. Sattarovga — standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarning uygʻunlashuv darajasini belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga, shu jumladan 2023-yilgacha 80 foizga yetkazish, Agentlik tizimi tashkilotlarining samarali ishlashi, respublikaning barcha hududlarida sinov laboratoriyalarining keng tarmogʻini, shu jumladan xususiy sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida yaratish va modernizatsiya qilishni taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining raisi M.B. Azimovga — chegara bojxona postlarida nazorat tartibotlarini bajarishda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari faoliyatining samarali va operativ muvofiqlashtirilishini taʼminlash uchun.
6. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari — mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar bir hafta muddatda ekspert kengashlarini shakllantirsin va texnik reglamentlar ishlab chiqish boʻyicha tarmoq jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-yanvardan:
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda takrorlanuvchi sinovlar oʻtkazilishi taqiqlanadi va sertifikatlarni berishda, idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tomonidan oʻtkazilgan sinovlarning ijobiy natijalari asos qilib olinadi.
Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi ikki oy muddatda sertifikatlashtirish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmini tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan hamda muntazam yangilanadigan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya vaziyati nomaqbul boʻlgan davlatlarning roʻyxatiga kiruvchi mamlakatlardan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya nazoratidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mahsulotlarning olib kirilishi taqiqlansin.
9. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va fitosanitariya nazorati chegara xizmatlarining faoliyatini tanqidiy oʻrganish natijalari boʻyicha ular tomonidan nazorat funksiyalarining bajarilishini takomillashtirish, samaradorligi va tezkorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq texnik reglamentlarga rioya etish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiyligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Texnik reglamentlar amalga kiritilishi bilan, mazkur texnik reglamentlar bilan xavfsizligiga majburiy talablar qoʻyiladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish majburiy tusga ega boʻlishi belgilansin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalarini tugatgan holda, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etilsin va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonun buzilishlarini oldini olish va profilaktika qilishni amalga oshirish;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama yordam koʻrsatish;
texnik reglamentlar, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, oʻlchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini taʼminlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish.
Belgilansinki, Departament yuridik shaxs hisoblanadi, uning faoliyati ustidan umumiy rahbarlik va nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
12. Agentlikning Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti va “Axborot-maʼlumot markazi” davlat korxonasi negizida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston standartlar instituti standartlashtirish boʻyicha tarmoq texnik qoʻmitalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni, shu jumladan shartnoma asosida xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlarning arizalari boʻyicha ishlab chiqish va realizatsiya qilish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha bazaviy tashkilot etib belgilansin.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston standartlar institutining ishchilariga Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari boʻyicha ishchilar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllanilsin.
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Agentlik bir oy muddatda Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Quyidagilar:
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti tuzilmasi 8-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari davlat inspektorlarining cheklangan soni 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 153 nafar, shu jumladan markaziy apparati — 66 nafar etib belgilansin.
(13-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
14. Agentlik Bosh direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarurat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtat soni doirasida Agentlik apparati va uning quyi tashkilotlari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib, oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, quyi tashkilotlar boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash;
vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar texnik qoʻmitalarining mutaxassislarini, ilgʻor loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalarining mutaxassislarini jalb etish, shuningdek, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish hamda ularga ish haqini milliy valyutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazgan holda chet el valyutasida toʻlash.
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
Agentlik va Departamentning yuqori malakali, tashabbuskor xodimlariga Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rivojlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash fondining ikki baravari miqdorigacha qoʻshimcha haq toʻlash, mukofotlash va boshqa ragʻbatlantirish tusidagi hamda kompensatsiya toʻlovlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rivojlantirish maxsus jamgʻarmasiga moliyaviy sanksiya va jarimalardan kelib tushayotgan mablagʻlardan 50 foizigacha qismini har oy yakuni bilan keyingi oyning oʻn ish kuni ichida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga Inspeksiya xodimlariga qoʻshimcha haq, mukofot, boshqa ragʻbatlantirish, va kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash uchun hamda Inspeksiyaning boshqa xarajatlari uchun oʻtkazish;
(14-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PF-41-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.02.2024-y., 06/24/41/0166-son)
Agentlikka sifatsiz hamda odamlar hayoti, salomatligi, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli boʻlgan mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfi monitoringini yuritish vazifasi yuklansin.
15. Quyidagilar Agentlik faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari etib belgilansin:
Agentlik boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatini qoniqarli baholovchi arizachilar, shuningdek, ularning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar soni;
interaktiv shaklda xizmatlar koʻrsatish uchun kelib tushayotgan murojaatlar soni;
qabul qilingan va qayta koʻrib chiqilgan texnik reglamentlar va standartlar soni, shu jumladan xalqaro talablarni inobatga olgan holda;
sifatsiz va xavfli boʻlgan mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfini monitoringi boʻyicha ishlar natijadorligi;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonun buzilishlarining oldini olish va profilaktika qilish boʻyicha ishlar natijadorligi.
16. Agentlik bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin:
idoraning yangi logotipi va farqlash belgilari yaratilishini koʻzda tutgan holda imidjni yaxshilash;
koʻrsatiladigan xizmatlar darajasini oshirish maqsadida quyi tashkilotlar faoliyatini baholash amaliyotini joriy etish;
samaradorlikni baholash natijalari, shu jumladan korrupsion omillarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda axborotlarni tizimli yoritib borish.
17. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Markaziy banki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Milliy statistika qoʻmitasi va boshqa idoralarning statistik axborotlari majburiy joʻnatmalar reyestriga kiritilsin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
18. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida qonun buzilishi uchun javobgarlikning kuchaytirilishini koʻzda tutadigan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Agentlik va boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda sifat milliy infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2935-son qaroriga 10-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
21. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M. Mavlonov va E.M. Gʻaniyevlar zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
PQ-4059-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 1-ILOVA
2019-2020-yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish boʻyicha
Izoh. Ushbu “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjat shakli oʻzgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda koʻzda tutilgan hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq hujjatlarning birlashtirilishida tegishli bandlar bajarilishi uchun belgilangan eng oxirgi muddat ishlab chiqish muddati hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 2-ILOVA
2019 — 2021-yillarda texnik reglamentlarni ishlab chiqish
Izoh: Ishlab chiqish paytida texnik reglamentlar va texnik jihatdan tartibga solish obyektlarining nomi oʻzgartirilishi mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 3-ILOVA
2019 — 2021-yillarda standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 4-ILOVA
Sinov va oʻlchash bazasini takomillashtirish boʻyicha loyihalar
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 8-ILOVA
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti
Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining jami cheklangan soni — 87 nafar
Davlat inspektorlarining cheklangan sonini budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan koʻpaytirishga ruxsat berilsin.
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 9-ILOVA
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari davlat inspektorlarining
(9-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qaroriga 10-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2935-son qaroriga kiritiladigan oʻzgartirishlar
1. 5-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2018 — 2022-yillarda “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi tomonidan xarid qilinadigan etalonlar va eng yuqori aniqlikdagi oʻlchov vositalari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”.
2. 5-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“PERECHENetalonov i sredstv izmereniy naivisshey tochnosti, priobretayemix v 2018 — 2022 godax Gosudarstvennim predpriyatiyem “Uzbekskiy natsionalniy institut metrologii”
Primechaniye:
Stoimost etalonov i sredstv izmereniy naivisshey tochnosti yavlyayetsya raschetnoy i budet utochnyatsya po mere razrabotki texnicheskix zadaniy i zaklyucheniya dogovorov”.
3. 5-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari hamda 2 — 4 va 4a-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.