PQ-4061-son Qaror · 12.12.2018

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4061
  • Qabul qilingan sana:12.12.2018
  • Kuchga kirgan sana:13.12.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/4061/2309

Keyingi yillarda mamlakatimizda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash, maʼnan yetuk va jismonan sogʻlom shaxsni kamol toptirish sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi, sport, shu jumladan, uning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarni jihozlash uchun keltirilayotgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar darajasi fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga tezkor va munosib ravishda eʼtibor qaratish zarurligini hamda chaqiruvgacha boʻlgan yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi tadbirlar lozim darajada olib borilmayapti.

Sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator kamchiliklar mavjud, xususan:

sportning mazkur turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning puxta tizimi yoʻlga qoʻyilmagan;

sport kadrlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimi joriy etilmagan;

terma jamoalarni tayyorlash va musobaqalar oʻtkazish uchun sport infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi yetarli darajada rivojlanmagan;

aholi, ayniqsa yosh avlod oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmayapti.

Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha va fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha faoliyatni takomillashtirish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan 1-ilovaga muvofiq taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda mulk qilib davlatga begʻaraz berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib olsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — mudofaa ishlari boshqarmalari) huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazlarini (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Markazga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;

Markaz direktori maqomi va mehnatga haq toʻlash (pul taʼminoti) sharoitlariga koʻra mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Markaz fuqaro xodimlarining ish haqi mudofaa ishlari boshqarmalarining fuqaro xodimlari uchun belgilangan tartib va meʼyorlarda toʻlanadi;

Markazlarning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

mudofaa ishlari boshqarmalari Markazlarda tayyorgarlikdan, qayta tayyorgarlikdan oʻtgan va malakasini oshirgan avtomototransport vositalari haydovchilarining, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarining hisobini yuritadi;

Markazlar faoliyati tashkil etilgunga qadar chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash amaldagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Quyidagilarga:

a) Markazlarga:

avtomototransport vositalarining haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmatlar koʻrsatish;

avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining oʻquv va moddiy-texnik bazasidan begʻaraz foydalanish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Markazlarning pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish, keyinchalik ular boʻyicha toʻlangan foizlardan:

yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash faoliyatini amalga oshirish uchun;

Markazlarning hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining moddiy-texnik bazasini qurish, taʼmirlash, mustahkamlash va rivojlantirish uchun foydalanishga ruxsat berilsin.

5. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — “Vatanparvar” MKT) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

yoshlar va fuqarolarni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini singdirish;

sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirilishi va ommalashtirilishini taʼminlash, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga koʻmaklashish;

bolalar, oʻsmirlar va chaqiruvgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va oʻtkazish;

yoshlar va fuqarolarni mudofaa sohasidagi boshlangʻich bilimlarga oʻqitishda va ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlariga koʻmaklashish;

avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

shunday yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” PQ-3898-son qarori bilan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy komissiyalari zimmasiga:

“Vatanparvar” MKTga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda unga yaqindan koʻmaklashish;

yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar samaradorligini oʻrganish, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish majburiyati yuklansin.

7. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasidagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda:

yoshlar orasida ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini tarbiyalash, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha yuksak burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi ishlarni kuchaytirsin;

yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan turli sport va boshqa tadbirlarni, festivallar va tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazishni kengaytirsin;

zamon talablarini hisobga olgan holda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda yoshlar va fuqarolarda yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirsin.

9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy bazasini takomillashtirish;

sportning texnik va amaliy turlari murabbiylari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;

milliy va xalqaro musobaqalarning gʻolib va sovrindorlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, sportning texnik va amaliy turlari murabbiylari va mutaxassislarini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish;

sportning texnik va amaliy turlarining zamonaviy moddiy-texnik va oʻquv-mashq bazasini yaratish, shuningdek, sport anjomlari va uskunalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etish;

sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarni seksiyalar va toʻgaraklarga faol jalb etish, ularning ommabopligini taʼminlash;

sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga innovatsion texnologiyalarni, shuningdek, sportchilarni tayyorlashning oʻquv-mashq jarayoniga ilgʻor uslublarni joriy etish.

10. Belgilansinki, “Vatanparvar” MKT huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha yuqori malakali sportchilarni tayyorlaydigan muassasa hisoblanib, quyidagi vazifalarni bajaradi:

sportning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish uchun zarur sport koʻnikmalariga ega iqtidorli va istiqbolli bolalarni sinchkovlik bilan tanlab olish, ularda tanlangan sport turi boʻyicha qobiliyatni, sport salohiyatini, kasbiy koʻnikma va mahoratni rivojlantirish;

respublikaning terma jamoalari uchun sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash boʻyicha eng yangi ilmiy-metodik tavsiyalar hamda yutuqlar asosida oʻquv-mashq jarayonini samarali tashkil etish va amalga oshirish;

sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini tashkil etish uchun zamonaviy infratuzilmani tashkil etish hamda malakali murabbiylar tarkibini shakllantirish;

sportchilar va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirish sohasida muntazam asosda tajriba almashishni tashkil etish orqali xorijiy sport muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda “Vatanparvar” MKTning texnik va amaliy sport turlari hududiy markazlari faoliyatini tashkil etish uchun boʻsh yotgan binolarning tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga umumiy qabul kvotalari doirasida sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash uchun kvotalar koʻzda tutiladi;

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari hamda olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda (Olimpiya oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionatida) birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrinlarni egallagan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining bitiruvchilariga tegishli oliy taʼlim muassasalariga taʼlimning ushbu sohadagi yoʻnalishlarga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.

13. Sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida shartnoma asosida sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha sport tashkilotlarining seksiya va toʻgaraklari mutaxassislari va oʻqituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etilsin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “Vatanparvar” MKT va Oʻzbekiston Parashut sporti federatsiyasining parashut sporti boʻyicha sport seksiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Parashut sporti federatsiyasi va “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda:

mamlakatda parashut sportini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirish, fuqarolarning mazkur sport turiga qiziqishini shakllantirish choralarini koʻrsin;

parashut sporti boʻyicha sport seksiyalarining aviatsiya va havo-desant komplekslari, parashut tizimlari, anjomlar va trenajerlar bilan, shuningdek, oʻquv-metodik va koʻrgazmali qurollar bilan jihozlanishini taʼminlasin;

“Vatanparvar” MKT markazlari va taʼlim muassasalari negizida fuqaro yoshlarni “parashutchi” mutaxassisligi boʻyicha tayyorlashni tashkil etsin.

16. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda bir oy muddatda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirishning media-rejasini tasdiqlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

mashhur sportchilar, murabbiylar va mutaxassislar ishtirokida telekoʻrsatuvlar tayyorlash va namoyish etish, shuningdek, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi sport federatsiyalari (uyushmalari) va tashkilotlarining faoliyatini yoritish;

sotsiologik soʻrovlar va tadqiqotlar, reklama kampaniyalari va ijtimoiy roliklar namoyishini oʻtkazish;

teleradiokanallarda, jumladan, mavzu boʻyicha studiyadagi va sayyor turkum telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar, tok-shou koʻrsatuvlari orqali sportning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish masalalari boʻyicha keng tushuntirish ishlarini tashkil etish;

ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida axborot materiallarini joylashtirish;

sportning texnik va amaliy turlari bilan faol shugʻullanishga aholini jalb etish uchun parklar, ommaviy dam olish joylari, soʻqmoqlar, trassa va yoʻlaklar imkoniyatlaridan foydalanish.

17. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramovga:

(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

yuklangan vazifalarning lozim darajada bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu qarorning bajarilishini muntazam koʻrib chiqish;

sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlash, sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Kurbanovga — chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklarga tayyorlash markazlari faoliyatini lozim darajada tashkil etish va mamlakatda parashut sportini rivojlantirish yuzasidan;

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga — ushbu “Yoʻl xaritasi” va Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga — sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha inshootlarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, ulardan samarali foydalanish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va lozim darajada jihozlash yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

18. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarida ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun, shu jumladan:

Markazlarning oʻquv muassasalari, avtodromlari, oʻquv va moddiy-texnik bazasini taʼminlash va rivojlantirishga;

“Vatanparvar” MKT huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazining alohida shtat birliklarini taʼminlash boʻyicha xarajatlarni, shuningdek, bu bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni moliyalashtirishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 12-dekabr,

PQ-4061-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4061-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining barcha asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda davlatga begʻaraz berilayotgan taʼlim muassasalari va avtodromlari

T/r Nomi Yuridik manzili 1. Nukus avtomobil maktabi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahri, Qoraqalpogʻiston koʻchasi, 171-uy 2. Avtodrom Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahri, Oʻroq-bolgʻa qoʻrgʻoni 3. Andijon birlashgan texnika maktabi Andijon viloyati, Andijon shahri, Tinchlik koʻchasi, 9-uy 4. Avtodrom Andijon viloyati, Xoʻjaobod tumani, “Xidirsho” MFY 5. Buxoro avtomobil maktabi Buxoro viloyati, Buxoro shahri, A. Yassaviy koʻchasi, 5-uy 6. Avtodrom Buxoro viloyati, Vobkent tumani, Xargush mavzesi 7. Guliston avtomobil maktabi Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Stroitel koʻchasi, 5-uy 8. Avtodrom Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, “Ishonch” suv xoʻjaligi uyushmasi 9. Jizzax avtomobil maktabi Jizzax viloyati, Jizzax shahri, Xalqlar doʻstligi koʻchasi, 10-uy 10. Avtodrom Jizzax viloyati, Sh. Rashidov tumani, “Gandumtosh” MFY 11. Jomboy avtomobil maktabi Samarqand viloyati, Jomboy tumani, A. Qurbonov koʻchasi, 3-uy 12. Qarshi avtomobil maktabi Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Jayxun koʻchasi, 2-uy 13. Avtodrom Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, “Otchopar” MFY 14. Namangan avtomobil maktabi Namangan viloyati, Namangan shahri, I. Buxoriy koʻchasi, 1-uy 15. Navoiy avtomobil maktabi Navoiy viloyati, Navoiy shahri, S. Ayniy koʻchasi, 63-uy 16. Avtodrom Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Karnab” posti 17. Termiz avtomobil maktabi Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Oytumor koʻchasi, 4-uy 18. Avtodrom Surxondaryo viloyati, Termiz tumani, “Limonzor” suv xoʻjaligi uyushmasi 19. Urganch birlashgan texnika maktabi Xorazm viloyati, Urganch shahri, Xonqa koʻchasi, 47-uy 20. Avtodrom Xorazm viloyati, Urganch tumani, Chalish qoʻrgʻoni 21. Fargʻona birlashgan texnika maktabi Fargʻona viloyati, Fargʻona shahri, Yoshlik koʻchasi, 18-“B” uy 22. Avtodrom Fargʻona viloyati, Fargʻona shahri, Aeroport koʻchasi, 13-uy 23. Yangiyoʻl avtomobil maktabi Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Samarqand koʻchasi, 47-uy 24. Avtodrom Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Qoʻshyogʻoch qoʻrgʻoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4061-son qaroriga 2-ILOVA

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasidagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha

T/r Tadbirlar nomi Amalga oshirish mexanizmlari Ijro muddatlari Ijro uchun masʼullar I. Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash Markazlari faoliyatini tashkil etish 1. Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlashning yangi tartibini joriy etishni nazarda tutadigan “Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Qonun 2019-yil1-fevralga qadar Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Moliya vazirligi (A. Xaydarov), “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov) 2. Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibi, muddatlari va moliyalashtirish mexanizmlarini muvofiqlashtiruvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Vazirlar Mahkamasi qarori 2019-yil1-fevralga qadar Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Moliya vazirligi (A. Xaydarov), “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov) 3. Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash Markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) faoliyatini tashkil etish va bunda quyidagilarni nazarda tutish: Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashining (keyingi oʻrinlarda — “Vatanparvar” MKT) davlat tasarrufiga oʻtkaziladigan mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazish va roʻyxatini tuzish; mol-mulklarni operativ boshqaruv huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga topshirish; Markazlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash va ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash; Markazlarni zarur oʻquv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari bilan jihozlash; Markazlarni yuqori malakali, topshirilgan vazifalarni yetarli darajada bajara oladigan kadrlar bilan toʻldirish; Markazlar faoliyati samaradorligini belgilovchi mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish ustidan muntazam monitoringni amalga oshirish. Tashkiliy tadbirlar 2019-yil1-fevralga qadar Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Davlat raqobat qoʻmitasi (N. Sharipov), “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari II. Yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy va harbiy-vatanparlik ruhida tarbiyalash boʻyicha faoliyatni takomillashtirish 4. “Vatanparvar” MKT faoliyati samaradorligini: baholashning yagona mezonlari, koʻrsatkichlarini aniq va tezkor qayd etish tizimi, sifat standartlarini shakllantirish; yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha dasturlarni amalga oshiradigan quyi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish orqali yanada oshirish. “Vatanparvar” MKT Markaziy kengashi qarori 2019-yil1-fevralga qadar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), manfaatdor vazirlik va idoralar 5. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan sport va boshqa tadbirlar, festival va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish. Tashkiliy tadbirlar 2019 — 2021-yillar Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D. Nabiyev), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (K. Kuranbayev), “Mahalla” jamgʻarmasi (Sh. Javlonov), Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev), “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov) 6. Quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy usullaridan keng foydalanish: veb-texnologiyalar qoʻllash koʻlamini kengaytirish, “Vatanparvar” MKT faoliyatini Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish; efirning qulay vaqtlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, Vatanga muhabbat, mehnatga boʻlgan masʼuliyatni hamda harbiy xizmatga hurmatni oshirishga qaratilgan tele va videoroliklar, kinofilmlar namoyishini tashkil etish. Tashkiliy-maʼrifiy tadbirlar 2019 — 2021-yillar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi(A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi(A. Koʻchimov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Mudofaa vazirligi (A. Azizov), “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov) III. Avtomototransport vositalari haydovchilari hamda ommaviy texnik kasblar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirishni yanada takomillashtirish 7. “Vatanparvar” MKT oʻquv muassasalarida avtomototransport vositalari haydovchilari hamda ommaviy texnik kasb xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha yangi oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash. Oʻquv dasturlari 2019-yil1-iyunga qadar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), manfaatdor vazirlik va idoralar 8. Aholining keng qatlamlari orasida yoʻl-transport hodisalarini oldini olishga hamda yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish va tadbirlar oʻtkazish. Tashkiliy-maʼrifiy tadbirlar 2019 — 2021-yillar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Ichki ishlar vazirligi(P. Bobojonov), manfaatdor vazirlik va idoralar 9. “Vatanparvar” MKT oʻquv muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish. Bunda quyidagilarni nazarda tutish: oʻquv jarayoniga innovatsion texnologiyalar va uslublarni tatbiq etish, zamonaviy oʻquv-moddiy bazani yaratish; Chora-tadbirlar dasturi Ishlab chiqish — 2019-yil 1-fevralga qadar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻquv jarayonini rejalashtirish avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy qilish; animatsion elektron oʻquv-metodik qoʻllanmalarni yaratish hamda butun oʻquv jarayonini qamrab oluvchi videokontentni shakllantirish; oʻquv muassasalarini avtomototransport vositalarini boshqarish koʻnikmalarini yanada sifatli oʻzlashtirishga yordam beruvchi zamonaviy elektron avtotrenajerlar bilan jihozlash; oʻqishga boʻlgan jozibadorlikni oshirish, taqdim etilayotgan xizmatlarning ochiqligi, ommabopligi, asoslanganligini taʼminlovchi mexanizmlarni tatbiq etish. Amalga oshirish — 2019 — 2021-yillar davomida 10. Korxona, muassasa va tashkilotlar kadrlar xizmatlari, tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish Markazlari bilan muntazam ravishda hamkorlik qilish orqali “Vatanparvar” MKT oʻquv muassasalarida tayyorlanadigan mehnat bozoridagi yuqori talab etilayotgan mutaxassisliklar roʻyxatini yanada kengaytirish. Tashkiliy tadbirlar 2019 — 2021-yillar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi(Sh. Kudbiyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 11. “Vatanparvar” MKT oʻquv muassasalarining pedagog kadrlarini oʻquv dasturlari hamda turli pedagogik texnologiyalardan foydalanish boʻyicha qoʻllanmalarni oʻz ichiga olgan texnologik xaritalar bilan taʼminlash. Tashkiliy tadbirlar 2019-yil1-aprelga qadar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi(I. Madjidov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi(Sh. Sadikov.), manfaatdor vazirlik va idoralar 12. Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv qoʻllanmani (jumladan elektron koʻrinishda) ishlab chiqish. Oʻquv qoʻllanma 2019-yil1-aprelga qadar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Mudofaa vazirligi (A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi(P. Bobojonov), manfaatdor vazirlik va idoralar 13. “Vatanparvar” MKTning texnik mutaxassisliklar boʻyicha oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro ilmiy-tadqiqot va konstruktor ishlanmalarini olib borish masalalari boʻyicha yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish. Tashkiliy tadbirlar 2019 — 2021-yillar “Vatanparvar” MKT (R. Niyazov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi(I. Madjidov), Fanlar Akademiyasi(B.Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi(I.Abduraxmonov), manfaatdor vazirlik va idoralar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4061-son qaroriga 3-ILOVA

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.