PQ-4095-son Qaror · 05.01.2019

Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4095
  • Qabul qilingan sana:05.01.2019
  • Kuchga kirgan sana:06.01.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4095/2426

Turizm tarmogʻini rivojlantirish, shu jumladan bugungi kun standartlari va talablariga javob beradigan zamonaviy mehmonxonalar va shu kabi joylashtirish vositalarini (keyingi oʻrinlarda — mehmonxonalar) qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, respublikada mehmonxona xoʻjaligini rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida mehmonxonalar qurishning maqsadli parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

mehmonxonalar tashkil etish boʻyicha istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etiladigan madaniyat obyektlari va muassasalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarini qoplash uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Belgilansinki, dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga koʻra) foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tashkilotlar uchun royalti franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi hajmda qisman moliyalashtiriladi:

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2020-y., 07/20/4755/0783-son)

dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;

dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida.

Bunda tashkilotlar uchun royaltini moliyalashtirishning umumiy hajmi koʻpi bilan 10 million AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻladi.

6. Qonunchilikka binoan mehmonxona xizmatlari istiqomat joyi (yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligi), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼi nazar, koʻrsatilishi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

7. Belgilab qoʻyilsinki:

xostellarni mehmon uylari va xostellar reyestriga oʻrnatilgan tartibda kiritish talabini belgilagan holda xostellarning mehmonxona xizmatini majburiy sertifikatsiyalash talabi bekor qilinadi;

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kichik tadbirkorlik subyektlariga turizm infratuzilmasi obyektlari, mehmonxonalar va sanitar-gigiyenik shoxobchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim qiladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi turizm loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2019 — 2021-yillar davomida har yili 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi pul mablagʻlarini oʻtkazib borsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ularning negizida mehmonxonalar tashkil etish uchun foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirsin;

ikki hafta muddatda tegishli hududda qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan mehmonxonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazsin;

bir oy muddatda oʻtkazilgan inventarizatsiya va oʻrganishlar yakunlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq, yer uchastkalarini ajratish va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari bazasida mehmonxonalar tashkil etish oylik tarmoq jadvallarini tasdiqlasin;

bir oy muddatda mehmonxonalar qurish uchun ajratilayotgan yer uchastkalari va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini, ularga muhandislik kommunikatsiyalarining yetib borganligi darajasidan kelib chiqib toifalarga (toʻliq, qisman taʼminlangan va muhandislik kommunikatsiyalari mavjud boʻlmagan) ajratgan holda shakllantirishni hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining axborot maydonlarida va saytlarida joylashtirilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarining taqdimot (planshet)ini tayyorlashni, loyihalar roʻyxatini batafsil maʼlumoti bilan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining saytiga (“www.mift.uz”) joylashtirishni taʼminlasin;

(10-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

investorlar tomonidan mehmonxona qurish uchun yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarini “E-AUKSION” elektron savdo platformasida auksionga qoʻyilishini taʼminlasin;

(10-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

har chorakda sotilmagan yer uchastkalari va davlat mulki obyektlari roʻyxatiga ularni investorlar uchun jozibador boshqa yer uchastkalariga almashtirish orqali oʻzgartirishlar kiritib borsin;

har yili xostellar va mehmon uylarini tashkil qilish dasturini tasdiqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda respublikaning har bir yirik shahrida xostellar va mehmon uylari tarmogʻining mavjud boʻlishini nazarda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda investorlarni izlashni amalga oshirsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki yil davomida investorlar tomonidan zamonaviy talablarga javob beradigan, sanitar-gigiyenik shoxobchalarga ega savdo nuqtalari va turizm infratuzilma obyektlarining yagona tarmogʻini qurish, bunda ularni birinchi navbatda koʻp tashrif buyuriladigan turizm namoyishi obyektlari va turizm marshrutlari oʻtadigan avtomagistrallar yoqasida joylashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

11. Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyati hokimliklari Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya bilan birgalikda Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va Xiva shaharlarining tarixiy va qoʻriqlanadigan hududlarida rejalashtirilgan bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha ishlarni YUNESKOning Butunjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishsin.

12. Quyidagilarga:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari zimmasiga — mehmonxonalar qurish uchun yer uchastkalarini oʻz vaqtida elektron onlayn-auksionga chiqarish, investorlar arizasiga asosan ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash;

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga — Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda xorijiy investorlarni izlash va jalb qilish, shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida tegishli investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida amaliy yordam berishni samarali taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

13. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mehmonxona qurilishi uchun yer maydonlarining oʻz vaqtida elektron onlayn-auksionga chiqarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;

(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2023-y., 06/23/99/0403-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmuradov zimmasiga — tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlarining oʻz vaqtida ajratilishi, investitsiyalarni jalb qilish va investitsiya masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligi ustidan nazorat oʻrnatish vazifasi yuklansin.

14. Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq 2024-yilning 1-yanvariga qadar olib kiriladigan, turistlar tashrif buyuradigan joylarga oʻrnatiladigan antivandal sanitariya-gigiyena shoxobchalari, shuningdek, sport majmualari, moddiy madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatrlar, galereyalar va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar uchun moʻljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, dasturiy taʼminot, toʻlov-maʼlumot terminallari, videokuzatuv tizimlari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) ozod etilsin.

(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qaror doirasida olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

Belgilansinki, tovarlardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonun hujjatlarida belgilangan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Davlat budjetiga undirib olinadi.

15. Quyidagilar:

a) mehmonxonalar olishi kerak boʻlgan:

mehmonxonaga tegishli boʻlgan va uning ichida joylashgan alkogol mahsulotlari sotuvi bilan shugʻullanadigan har bir chakana savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish obyektlari (bar, mini-bar, kafe, restoran) uchun alohida ruxsat guvohnomasi;

aeroportdan, temir yoʻl/avtoyoʻl vokzallaridan mehmonxonaga va undan qaytishga, shuningdek, turizm obyektlariga oʻzining ijarachilariga transport xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya;

b) shahar va shaharlararo yoʻlovchi tashuvchi tadbirkorlik subyektlaridan mahalliy va xorijiy fuqarolarga mamlakat boʻylab nomuntazam, shaharlararo yoʻlovchi tashish uchun tegishli litsenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini koʻrsatish uchun qoʻshimcha litsenziya olish talablari bekor qilinsin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalariga ijtimoiy reklama sharti bilan mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilishga oid tashqi reklama joylashtirilishi uchun har bir tumanda uchtadan kam boʻlmagan, shaharlarda beshtadan kam boʻlmagan joylar ajratilishi va qurilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yilning 1-fevraliga qadar foto va videotasvirga olish mumkin boʻlmagan obyektlar, jamoat joylari va hududlarning roʻyxatini tasdiqlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq 2019-yilning 1-martiga qadar foto va videotasvirga olish taqiqlangan tegishli koʻrsatkich belgilarni ikki va undan ortiq (ingliz, rus va boshqa) tillarda oʻrnatilishini taʼminlasin. Bunda, tegishli koʻrsatkich belgilari boʻlmagan taqdirda foto va videotasvirga olishga toʻsqinlik qilinmaydi.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bir oy muddatda madaniyat obyektlari va muassasalariga kirish chipta narxlarini belgilash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 5-yanvar,

PQ-4095-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PQ-4095-son qaroriga 1-ILOVA

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida mehmonxonalar qurishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PQ-4095-son qaroriga 2-ILOVA

Mehmonxonalar tashkil etish boʻyicha istiqbolli investitsiya loyihalari

Izoh:

1. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudratchi (yoki yetkazib beruvchi) tashkilotlarni aniqlash natijalari boʻyicha parametrlarga aniqlik kiritiladi.

2. Roʻyxatga, zarurat boʻlganda, Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash qarori bilan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

(izohning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PQ-4095-son qaroriga 3-ILOVA

Zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etiladigan madaniyat obyektlari va muassasalari

Ilova: Ishchi guruhi tomonidan madaniyat obyektlari va muassasalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish boʻyicha roʻyxatga, zarurat boʻlganda, oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.