PF-5666-son Farmon · 19.02.2019

Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5666
  • Qabul qilingan sana:19.02.2019
  • Kuchga kirgan sana:20.02.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/19/5666/2636

Davlat mulki obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5552-son Farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida 444 ta boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarilib, shundan 310 ta obyekt 172 mlrd soʻm investitsiya kiritish hamda 3 536 ta yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan 11,2 mlrd soʻmga sotilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5552-son Farmonida belgilangan davlat mulki obyektlarini sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment oʻtkazish muddatini 2020-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish haqidagi taklifi maʼqullansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga oʻtkazilsin va u mazkur Markazning taʼsischisi sifatida belgilansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat mulkini jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga realizatsiya qilish, shuningdek, ijara va ishonchli boshqaruvga berish qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda ommaviy savdolar, shu jumladan “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

2025-yil 1-fevraldan boshlab, boshlangʻich narxi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ming baravarigacha boʻlgan davlat aktivlarini, yer uchastkalarini (shu jumladan, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini va koʻchma savdo joylarini) hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning mulklarini sotish va ijaraga berish boʻyicha oʻtkaziladigan elektron onlayn auksion savdolari jarayonida ishtirokchilar tomonidan uchinchi qadamdan boshlab shaxsiy hisobvaragʻida kamida ularning narx taklifiga nisbatan amaldagi zakalat miqdoridagi summaga ega boʻlish tartibi kiritiladi. Bunda ushbu mablagʻlar zakalat sifatida hisobga olinadi;

(4-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-159-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2024-y., 06/24/159/0828-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-fevral)

davlat koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish uchun elektron savdolarga chiqarishda, ular boʻyicha ijara toʻlovining eng kam stavkasi obyektni balansda saqlovchilar tomonidan ijaraga berish maqsadida koʻrsatilgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda koʻrsatiladi;

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

davlat mulki obyektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda ijaraga berish muddati uch yil etib belgilanadi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunda, ijaraga oluvchi tomonidan majburiyatlar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilgan taqdirda ijara muddati besh yil muddatga uzaytiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

5. Quyidagilar:

“E-AUKSION” elektron savdo platformasida 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan sotiladigan davlat mulki obyektlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

belgilangan tartibda sotilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

kelgusida samarali foydalanish uchun davlat organlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda:

mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlarning kadastr hujjatlari tayyorlanishini hamda ularga boʻlgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning 3-ilovasida koʻrsatilgan davlat mulki obyektlarini qabul qilish-topshirish ishlarini, shuningdek, ulardan kelgusida samarali foydalanilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

b) “Kvars” AJ ustav kapitalidagi 20 foiz davlat aksiyalari paketini bosqichma-bosqich fond birjasida ikkilamchi SPO oʻtkazish orqali, dastlab 2019-yilning iyun oyida aksiyalar paketining 5 foizini sotuvga chiqargan holda savdoga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

9. Belgilab qoʻyilsinki:

“E-AUKSION” elektron savdo platformasida sotilgan davlat mulk obyektlariga doir investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish xaridor tomonidan oʻz zimmasiga olingan mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarishning boshlanishi va yangi ish oʻrinlari yaratilishini nazarda tutuvchi majburiyatlar bajarilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

(9-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

vakolatli davlat organlari qarorlari boʻyicha sotilgan davlat mulki obyektlarining oldi-sotdi shartnomalarini majburiy ravishda notarial tasdiqlash talab etilmaydi.

10. “Nol” xarid qiymatida sotishda, shu jumladan, avval sotilgan davlat mulki obyektlari boʻyicha investitsiya majburiyatlari bajarilgan deb qabul qilingan paytdan boshlab bir yil davomida yangi ish oʻrinlarini saqlab qolish tartibi bekor qilinsin.

11. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktoriga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tegishli murojaati kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda kelishilishini taʼminlagan holda, yuqori turuvchi manfaatdor davlat organlari, shuningdek, Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar nazarda tutilgan hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi roziligiga muvofiq idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, davlat koʻchmas mulk obyektlarini, shuningdek, xoʻjalik jamiyati yoki nodavlat notijorat tashkilotiga davlat mulki sifatida biriktirilgan respublika mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini (qonunchilik hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno), avtomototransport vositalarini hamda boshqa asosiy vositalarni bir tashkilot tasarrufidan boshqa bir davlat tashkiloti tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari tegishli tuman (shahar) hokimining murojaatidan soʻng ikki oy muddatda balansda saqlovchilar tomonidan ularning tasarrufidagi hududda joylashgan, belgilangan tartibda respublika davlat boshqaruvi organlariga biriktirilgan, foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno) ijaraga berish taʼminlanmagan taqdirda, ushbu obyektlarni tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda balansda saqlovchilar uchun ajratmalarni tegishli mahalliy budjetga yoʻnaltirgan holda ijaraga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqi berilsin.

(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “E-AUKSION” elektron savdo platformasida sotiladigan davlat mulki obyektlari toʻgʻrisida tadbirkorlar va aholini doimiy ravishda keng xabardor qilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 19-fevral,

PF-5666-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PF-5666-son Farmoniga1-ILOVA

“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narx boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan sotiladigan davlat mulki obyektlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PF-5666-son Farmoniga 2-ILOVA

Belgilangan tartibda sotilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari

* hududiy tanlov komissiyasi tomonidan belgilanadigan investitsiya majburiyatlarni bajarish muddatlari va shartlari asosida davlat ulushi “Jada color Tekstil” MCHJga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida “nol” xarid qiymatida sotiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PF-5666-son Farmoniga3-ILOVA

Kelgusida samarali foydalanish uchun davlat organlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilishi lozim boʻlgan davlat mulki obyektlari

* Izoh: Kelgusida mazkur davlat mulki obyektlari belgilangan tartibda tasarruf qilinishi mumkin.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PF-5666-son Farmoniga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4933-son Farmoni 1-bandida:

yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

sakkizinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2200-son qaroriga 6-ilovaning 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2340-son qarorida:

a) 2-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “strategik xorijiy investorlarga” soʻzlari “xususiy, shu jumladan xorijiy investorlarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidan “birinchi navbatda xorijiy investorlarga” soʻzlari chiqarib tashlansin;

b) 1-ilovaning rus tilidagi matni nomlanishidagi “strategicheskim inostrannim investoram” soʻzlari “chastnim investoram, v tom chisle inostrannim” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 2-ilovaning rus tilidagi matni nomlanishidan “v pervuyu ochered inostrannim investoram” soʻzlari chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.