Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, uning raqobatbardoshligini taʼminlash, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, huquqni qoʻllash amaliyotining oʻtkazilgan tahlili shuni koʻrsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga barham berish boʻyicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek patent bojlari va toʻlovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy taʼsir etmoqda.
Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umum eʼtirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
3. 2019-yil 1-martdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalar topshirilgandan soʻng, Adliya vazirligi bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar eʼlon qilingandan soʻng Adliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma eʼtirozlarini taqdim etishlari mumkin;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
tovar belgisiga va xizmat koʻrsatish belgisiga doir mutlaq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi oʻrinlarda — tovar belgisi) oʻsha kunning oʻzida tovar belgisi haqidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/221/0357-son)
tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi Oʻzbekiston Respublikasi hududida soʻnggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
5. Intellektual mulkning samarali himoyasini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 07/25/358/1105-son)
7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi PF-5446-son “Budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga “xufiyona iqtisodiyot” shakllanishi holatlarini aniqlash, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qoʻyish funksiyalari yuklangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda:
2019-yil 1-iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan hammaga maʼlum tovar belgilarining nohalol roʻyxatdan oʻtkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha tovar belgilarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini koʻrsin;
intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin.
8. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar quyidagilarni taʼminlovchi intellektual mulk obyektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan maʼlumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy etsin:
huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlgan intellektual mulk obyektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;
intellektual mulk obyektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish va chiqarish;
intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini, shu jumladan Mulk huquqini himoya qilish xalqaro indeksi mezonlarini inobatga olgan holda taʼminlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020-yil 1-yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va toʻlovlarini, shuningdek norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Agentlikning faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish, shu jumladan uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, shuningdek oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-fevral,
PQ-4168-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi PQ-4168-son qaroriga ILOVA
Intellektual mulkning samarali himoyasini taʼminlash boʻyicha