PQ-3913-son Qaror · 20.08.2018

Mehnat organlari tuzilmasini takomillashtirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilish tizimini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3913
  • Qabul qilingan sana:20.08.2018
  • Kuchga kirgan sana:20.08.2018
  • Holati:Amalda

Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha qabul qilinayotgan choralarga qaramay, mehnat jarayonida fuqarolarning ish qobiliyati va sogʻligʻini saqlashga, xavfsizligini taʼminlashga, ish beruvchilar bilan xodimlar oʻrtasidagi muvozanatli mehnat munosabatlarini koʻllab-quvvatlashga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarga barham berishning hamon imkoni boʻlmayotganligi qayd etilsin.

Oxirgi uch yilda ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar soni 1 214 tani tashkil etdi, shulardan 241 tasining oqibati oʻlim bilan tugagan, 21 mingdan ziyod fuqarolar mehnat huquqlari buzilganligi va majburiy mehnatga jalb etilganligi toʻgʻrisida murojaat etganlar. Ayniqsa mazkur muammolar iqtisodiyotning norasmiy sektorida hamon keskinligicha qolmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquqiy inspeksiyasi hamda Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekspertizasi davlat inspeksiyalarining tashkiliy tuzilmasi, vakolatlarni koʻllash samaradorligi va umuman ularning faoliyati, shuningdek, ulardagi inspektorlarning kasbiy malakasi va darajasi fuqarolarning mehnat huquqlari va mehnatini muhofaza qilish masalalarini tizimli asosda keng qamrovli hal etish imkonini bermayapti.

Xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashda, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishda, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslikda va unga toʻliq barham berishda, mehnat munosabatlari doirasida xodimlar va ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam berishda mehnat organlari salohiyatini yanada kuchaytirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tugatilayotgan Davlat mehnat huquqiy inspeksiyasi hamda Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekspertizasi davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) tuzilsin.

2. Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib kuyidagilar belgilansin:

tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar tashkilotlar tomonidan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;

respublikada mehnatni muhofaza qilish holatini, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalliklarining sabablarini doimiy tahlil qilish, ularni bartaraf etish yoʻllarini ishlab chiqish;

mehnat toʻgʻrisidagi bitimlar va lokal hujjatlar, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonun hujjatlariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish;

mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mehnat munosabatlari subyektlarining huquqlarini himoya qilish va doimiy monitoringini amalga oshirish;

mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan toʻsqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalanish aloqa vositalari hamda axborotlardan foydalanish uchun sharoitlar yaratish yuzasidan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va unga toʻliq barham berish choralarini, shu jumladan, aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish yoʻli bilan tashkil etish;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni koʻllash va rioya etish masalalari boʻyicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va jarohatlanish holatlarining oldini olish borasida profilaktika ishlarini olib borish;

fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash zarurligi boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;

mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni, shuningdek, fuqarolarning munosib va xavfsiz mehnat sharoitlariga doir huquqlarini taʼminlash yuzasidan takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish.

3. Belgilansinki:

nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Inspeksiya xodimlarini tekshirishlar oʻtkazishga jalb qilishning cheklangan muddati bir oyda koʻpi bilan 10 ish kunini tashkil etadi;

Inspeksiyaning oliy yuridik maʼlumotli inspektorlari davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga tenglashtiriladi, ularga adliya organlarining darajali unvonlarini berish tartibi tatbiq etiladi.

4. Inspeksiyaga jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, davlat soliq xizmati organlarining yozma murojaatlari asosida maxsus vakolatli organlar bilan oldindan kelishuvni amalga oshirmagan holda tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar tashkilotlar tomonidan aholi bandligi, mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan rejadan tashqari qisqa muddatli tekshirishlarni oʻtkazish huquqi berilsin.

Belgilansinki:

tekshirishlarni oʻtkazish muddati bir ish kunidan oshmasligi kerak:

tekshirish jarayonida Inspeksiya xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik, shuningdek. tekshirish predmetiga bogʻlik boʻlmagan boshqa har qanday faoliyatiga aralashishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asosiy faoliyat yoʻnalishi etib band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish, kasbga oʻqitish, ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, belgilangan tartibda xorijga vaqtinchalik ishga joylashish uchun ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish maqsadida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi band boʻlmagan aholiga xizmatlar koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazini Toshkent shahrining Yashnobod tumanida tajriba sifatida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2020-y., 07/20/4804/1173-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Toshkent shahridagi ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazilayotgan kasb-hunar kollejlari va ularning huzurida tashkil etilayotgan kasbga oʻqitish markazlari ishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va oʻquv-metodik taʼminlash uchun masʼul boʻlgan bosh muassasa etib belgilansin.

Markaz tuzilmasida budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladigan Kasb-hunar-texnik oʻqitishni tashkil etish boshqarmasi 5 ta shtat birligidan iborat tarkibda tashkil qilinsin. Markaz direktorining mehnatiga haq toʻlash darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining boshqarma boshligʻi, kasb-hunar-texnik oʻqitishni tashkil etish boʻyicha boshqarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash darajasi esa vazirlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash darajasiga tenglashtirilsin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 60 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

viloyatlar va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;.

tuman (shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Kuyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilayotgan “Xavfsiz va himoyalangan mehnat” chora-tadbirlar dasturi — “Yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq maqullansin:

Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari va tavsiyalariga muvofiq fuqarolarning mehnat huquqlari va erkinliklari, mehnat muhofazasiga oid normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish;

respublikada xalqaro standartlar va xavfsizlik usullarini va mehnat muhofazasini boshqarish tizimini, shu jumladan “Jarohatlanishga barham berish” konsepsiyasini, Mehnat muhofazasini boshqarish tizimini joriy qilish choralarini koʻrish;

Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazining faoliyatini tubdan kuchaytirish, shuningdek, mehnat organlari xodimlarining faoliyatiga zamonaviy usullarni joriy etish orqali ularning kasbiy darajasini oshirish;

mehnat muhofazasi va mehnat huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha aholi va ish beruvchilarning xabardorligini oshirish, aholi bilan doimiy muloqotni taʼminlash.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan oʻz faoliyatida samaradorlikning eng yuqori koʻrsatkichlarini taʼminlayotgan xodimlarga ularning lavozim maoshining ikki baravari miqdorida shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berilsin.

10. Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Parkent koʻchasi, 331-uy manzilida joylashgan Yashnobod politexnika kasb-hunar kollejining bino va inshootlari, ularga tutash maydonlar bilan birgalikda band boʻlmagan aholiga xizmatlar koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazini joylashtirish va faoliyatini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul berilsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2020-y., 07/20/4804/1173-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga oʻtkazilayotgan 3-bosqich kasb-hunar kolleji talabalari 2020-yil 1-sentabrga kadar mazkur taʼlim muassasalarida taʼlim olishi toʻxtatiladi, ular yaqinroqda joylashgan va shunga oʻxshash taʼlim yoʻnalishlariga ega boʻlgan kasb-hunar kolleji talabalari kontingentiga kiritilishini;

Kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birga bir oy muddatda mazkur binolar va inshootlar tutash hududlari bilan topshirilishini, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi esa ularni qabul qilib, maqsadli foydalanishni taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda Mehnat organlari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga 2018-yilda Bandlik hududiy bosh boshqarmalarini taʼmirlash va texnik jihozlash dasturini tasdiqlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PK-3001-son qarori 1-bandining ikkinchi — yettinchi xatboshilari, shuningdek, ushbu qarorning 1 — 6-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 20-avgust,

PQ-3913-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

* Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

** Bandlik va mehnatni muhofaza qilish Respublika ilmiy markazi taʼsischisi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatining

Boshqaruv xodimlari soni — 94 nafar, ishlab chiqarish xodimlari soni — 12 nafar, kichik mutaxassislar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari soni — 26 nafar.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PQ-5140-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 07/21/5140/0538-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Boshqaruv xodimlari soni — 21 nafar.

Ishlab chiqarish xodimlari soni — 6 nafar.

* Davlat mehnat inspeksiyasining huquqiy masalalar boʻyicha oʻrinbosariga yuriskonsult funksiyasi yuklanadi.

** Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

*** Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2020-y., 07/20/4804/1173-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 4-ILOVA

Viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari

Boshqaruv xodimlari soni — 17-18 nafar.

Ishlab chiqarish xodimlari soni — 6 — 9 nafar.

Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 244 nafar.

Ishlab chiqarish xodimlarining umumiy soni — 86 nafar.

* Davlat mehnat inspeksiyasi boshligʻining huquqiy masalalar boʻyicha oʻrinbosariga yuriskonsult funksiyasi yuklanadi.

** Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

*** Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

(4-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PQ-5140-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 07/21/5140/0538-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 5-ILOVA

Tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazi

Boshqaruv xodimlari soni — 8 nafar.

* Yuriskonsult funksiyasi yuklanadi.

** Ishga joylatirish ispektorlari (ishlab chiqarish xodimlari) soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadigan normativ boʻyicha mehnat resurslari sonidan kelib chiqib aniqlanadi. Shu bilan birga, bir nafar inspektor shtat birligi ishsizlarni hisobga olish, ishga joylashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash shuʼbasiga doimiy biriktirilgan boʻladi.

*** Vaqtinchalik bir martalik ish bilan taʼminlash byurolari. Bandlikka koʻmaklashish Davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha xodimlar hisobiga tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son qaroriga 6-ILOVA

“Xavfsiz va himoyalangan mehnat” chora-tadbirlar dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.