Xalqimiz azaldan oʻlkamizni bosqinchilardan himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va daxlsizligi uchun kurashgan qahramonlarini eʼzozlab kelmoqda.
Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan, imoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish tom maʼnoda milliy anʼanaga aylandi.
Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok boʻlganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Front hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan xalqimiz oʻzining naqadar oliyjanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak maʼnaviyatini yaqqol namoyon etdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga davlatimiz tomonidan mukofotlar topshirish, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish qutlugʻ anʼanaga aylandi. Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda.
Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir. 9-may — Xotira va Qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor boʻlishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Mamlakatimizda 9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qoʻshgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat koʻrsatish maqsadida:
1. 9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. 9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh (A. Aripov):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat”, “Eʼtibor va gʻamxoʻrlik — insoniy burch” shiorlari ostida Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlasin va joylarda 9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga (keyingi oʻrinlarda Bayram deb ataladi) bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga amaliy yordam koʻrsatsin;
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillarini biriktirib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin;
yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Bayramga tayyorgarlik koʻrish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari koʻrsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tushuntirish, targʻib va tashviq qilish boʻyicha madaniy-maʼrifiy va vatanparvarlik yoʻnalishidagi tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushiga Oʻzbekistondan ketib gʻalabaga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshgan va urush qahramoni boʻlgan faxriylar nomlarini abadiylashtirish maqsadida oʻzlari tugʻilib oʻsgan koʻchalarga ularning nomlarini berish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborilishini tashkil etsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnika namoyishini tashkil etsin;
Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushiga aloqador arxivdan olingan foto va hujjatlar koʻrgazmasini tashkil etsin;
Gʻalabaga oʻz hissasini qoʻshgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, kuch-quvvatini ayamagan har bir faxriy, har bir kishi xotirasi abadiylashtirilishini, ularga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda:
viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar;
Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qoʻshiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etsinlar;
koʻchalar va maydonlar Bayramga bagʻishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatilishini taʼminlasinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki oʻtkaziladigan Bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy marosimlarga temir yoʻl yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan taʼminlanishi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2019-yil 9-may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni, ushbu qaror ijrosini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni keng yoritish, shuningdek, mavzuga oid telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlab efirga uzatish, maqolalar eʼlon qilish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-aprel,
PQ-4298-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-apreldagi PQ-4298-son qaroriga 1-ILOVA
9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-apreldagi PQ-4298-son qaroriga 2-ILOVA
9-may — Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh