PQ-4389-son Qaror · 10.07.2019

Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4389
  • Qabul qilingan sana:10.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:11.07.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4389/3409

Mamlakatda soliq siyosatini takomillashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasiga soliq yuki kamaytirildi, aylanma mablagʻlardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta koʻrib chiqildi.

Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish va Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tadbirkorlik subyektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda toʻlasa, tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolar mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.

2. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning toʻlovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi;

qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishda ushbu soliq summasi qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning tasdiqlangan qoldiqlari boʻyicha realizatsiya hajmiga mos keladigan ulushda hisobga olinadi;

qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtish yoki yagona soliq toʻlovini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtiladigan oy boshlanishidan oldin oʻn ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.

3. Quyidagilar:

Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Belgilansinki, “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari, Davlat soliq qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi:

a) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:

chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtishda xarid qilingan tovarlar uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish (“tax free”) tartibini belgilash;

soliqlar boʻyicha toʻlovlarni keyinchalik boʻlib-boʻlib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutini joriy etish;

soliq toʻlovchi — yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor unga nisbatan qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab, qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar miqdorining 50 foizini oʻn kun davomida ixtiyoriy ravishda toʻlaganda, uni jarima summasining qolgan qismini toʻlashdan ozod etish boʻyicha moliyaviy jarimalarni undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish;

yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllash maqsadida yalpi tushumning chegaraviy miqdorini sunʼiy pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarga (boʻlinish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va boshqalar) chek qoʻyish choralarini koʻrish, mazkur holatlar aniqlanganda toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar summasiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan tuzatish kiritish va ularni sud tartibida undirish mexanizmlarini joriy etish;

b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar buxgalteriya hisobini amalga oshirish hamda soliq toʻlovchilar va soliq organlari oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumotlar almashish imkonini beradigan, soliq hisobotini topshirish tizimi bilan integratsiya qilingan buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — Yagona axborot tizimi) ishlab chiqsin va joriy qilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimi bazasida quyidagilarni taʼminlaydigan “Yuk tashishlar monitoringi” axborot platformasini (keyingi oʻrinlarda — Axborot platformasi ) ishlab chiqishni taʼminlasin:

yuk tashuvchilar tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini (schyot-faktura (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) roʻyxatdan oʻtkazish;

yuk joʻnatuvchilar va uni qabul qilib oluvchilar tomonidan real vaqt rejimida tovarlar harakatini monitoring qilish.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

Yagona axborot tizimidan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati ushbu dasturiy mahsulotni qoʻllagan davrida tekshirilmaydi;

yuk tashuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini Axborot platformasida majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtkazish tartibi joriy etiladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda:

xoʻjalik yurituvchi subyektlarni davlat soliq xizmati organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida hisobga olish tartibini ishlab chiqsin;

onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari bilan tasdiqlangan xarajatlar boʻyicha jismoniy shaxslarga daromad, mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha chegirmalar berish yoki cheklarda koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarib berish tartibini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi (KPI) koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, ularni moddiy ragʻbatlantirish, xizmatda lavozimini oshirish, mukofotlash, intizomiy choralar qoʻllash tizimini joriy etsin;

Savdo-sanoat palatasi va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan birgalikda insofli tadbirkorlarni ragʻbatlantirish va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish maqsadida “Chekni talab qil va sovgʻa yutib ol” ommaviy aksiyalari oʻtkazilishini tashkil etsin;

v) Strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati keng yoritilishini taʼminlasin hamda Strategiyani amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira va xorijiy ekspertlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etgan holda joylarda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlarini tashkil etsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 10-iyul,

PQ-4389-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son qaroriga 1-ILOVA

Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish

1-bob. Umumiy qoidalar

Soliq tizimi iqtisodiyotning ajralmas qismi boʻlib, mamlakatni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga erishishda muhim mexanizm sifatida namoyon boʻladi.

2018-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi soliq yukini kamaytirish va soliq tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhitni shakllantirish vazifalarini amalga oshirishni davom ettirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, soliq tizimida ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirish, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, soliq islohotlarini samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan quyidagi kamchilik va muammolar mavjud:

birinchidan, soliq maʼmuriyatchiligini tashkil etish prinsiplari eskirgan boʻlib, soliq toʻlovchilarga kompleks xizmatlar koʻrsatishni, shuningdek ular tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishini taʼminlamayapti;

ikkinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda maʼmuriy xarajatlar (sarflanadigan vaqt va mablagʻ) darajasi yuqori boʻlib qolmoqda;

uchinchidan, soliq sohasida imtiyozlar berish borasida aniq mezon va mexanizmlar mavjud emas;

toʻrtinchidan, xufiyona iqtisodiyot darajasini qisqartirishga qaratilgan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish jarayonlarini ragʻbatlantiruvchi jamoatchilik nazorati mexanizmlari mukammal emas;

beshinchidan, soliq toʻlovchi bilan soliq organlari oʻrtasida maʼlumot almashinuvini taʼminlovchi yagona standart va dasturiy mahsulotlar mavjud emas;

oltinchidan, soliq hisobi sifatini pasaytiradigan, soliq bazasining kengayishi va barqaror soliq tushumlarini taʼminlashga toʻsqinlik qiladigan idoralararo axborot hamkorligi sust yoʻlga qoʻyilgan;

yettinchidan, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamda soliq organlari xodimlari faoliyatini baholashda tizimli kamchiliklar mavjud.

Ushbu kamchilik va muammolar soliq tizimini jadal rivojlantirish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish hamda soliqlar va majburiy toʻlovlarning talab darajasida yigʻilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan quyidagi maqsad, vazifa va asosiy yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari

1. Strategiyaning asosiy maqsadi iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili sifatida tadbirkorlik subyektlari va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, soliq solish jarayonlarini avtomatlashtirgan holda, davlat soliq organlarida zamonaviy yoʻnaltirilgan servis soliq xizmatlari koʻrsatishni tashkil qilish hisoblanadi.

2. Quyidagilar Strategiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Davlat budjetiga soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlash;

soliq organlari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish va soliq maʼmuriyatchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali koʻrsatilayotgan soliq xizmatlari sifatini yaxshilash;

barcha toifadagi soliq toʻlovchilar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy ravishda bajarish asosida ularning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun soliq organlari va soliq toʻlovchilar oʻrtasida ishonchli munosabatlarni yaratish;

soliq majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qisqartirish, barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlarni taʼminlaydigan transparent va barqaror soliq tizimini shakllantirish;

soliq toʻlovchilar faoliyatiga aralashishni, shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida “inson omili”ni hamda korrupsiya holatlarining salbiy koʻrinishlarini kamaytirish imkonini beradigan tavakkal-tahlil va masofaviy tahliliy ishlar tizimi asosida soliq nazorati tizimini shakllantirish.

Belgilangan vazifalarning bajarilishi biznes faolligini oshirish va soliq majburiyatini bajarish boʻyicha maʼmuriy xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi va bu, oʻz navbatida, Jahon bankining biznes yuritish reytingida respublika pozitsiyalariga ijobiy taʼsiri koʻrsatadi.

3-bob. Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari

3.1. Soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanma darajasini qisqartirish

1. Soliq va soliq rejimlarini birxillashtirish, shuningdek, maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish.

2. Soliq yukini (kamaytirish va baravarlashtirish) optimallashtirish.

3. Soliq imtiyozlarining samaradorlik darajasini baholash asosida ularni taqdim etishning aniq mezon va mexanizmlarini belgilash.

4. Soliq va buxgalteriya hisobi oʻrtasida farqni imkon qadar kamaytirish.

5. Joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining budjetning daromad qismini shakllantirishda rolini kuchaytirish va hissasini oshirish.

6. Xorijiy davlatlar tajribasi hisobga olingan holda, tavakkalchiliklarni baholashning zamonaviy usullarini joriy qilish va iqtisodiy faoliyat sohasida xufiyona aylanma hamda nazorat qilinmaydigan daromadlar koʻlamini qisqartirish.

7. Soliq qonunchiligi sohasidan tashqarida faoliyatni amalga oshiradigan shaxslarni norasmiy sektordan chiqishiga (qonuniylashishiga) koʻmaklashish.

8. Transfert narxni belgilash sohasida soliq maʼmuriyatchiligining yangi uslublarini joriy etish.

9. 2021-yilga kelib jismoniy shaxslarning daromad soligʻini toʻlovchilarni 1,5 baravar, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilarni 2 baravar hamda resurs soliqlari va mol-mulk soligʻi toʻlovchilarni 2 baravar koʻpaytirish.

3.2. Xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan soliq xizmatlarini rivojlantirish

1. Soliq toʻlovchilar soliq majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish.

2. Birlamchi hisob hujjatlarini raqamlashtirish va birxillashtirish hamda soliq hisobotlari shakllarini soddalashtirish.

3. Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning eksterritorial prinsipini rivojlantirish.

4. Soliq xizmatlari sifatini va soliq organlari faoliyatini jamoatchilik tomonidan mustaqil baholash (teskari aloqa) mexanizmini yaratish.

5. Soliq organlari faoliyatining shaffofligi va soliq solish sohasidagi maʼlumotlarning ochiqligi.

6. Soliq nizolarini sudgacha hal qilish tizimini rivojlantirish.

7. Korxonalarning toʻlovga layoqatsizligini va ularni tugatishni hal etish tartib-taomillarini soddalashtirish (xarajatlar, vaqt va qoidalar auditi).

8. Soliq maslahatchilari institutini takomillashtirish.

9. Soliq toʻlovchilarga maslahat koʻrsatish xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini markazlashtirish va standartlash.

3.3. Soliq tavakkalchiliklarini baholash tizimini joriy qilish va soliq hisobini takomillashtirish

1. Nazorat faoliyatini amalga oshirishda tavakkalchiliklarni tahlil qilish va boshqarishning zamonaviy tizimini joriy etish.

2. Soliq nazoratining shaffofligini taʼminlash, korrupsiya omillarini kamaytirish.

3. Hududlarning soliq imkoniyatlarini baholash usullarini joriy qilish va budjet daromadlarini prognozlashtirish.

4. Umumiy ovqatlanish va savdo sohasida, shuningdek, koʻchmas mulk boʻyicha soliq solinadigan obyektlarni toʻliq hisobga olinishini taʼminlash.

5. Soliq majburiyatini ixtiyoriy bajarish darajasini 90 foizgacha yetkazish.

3.4. Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish

1. Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish va maslahatlar berishga yoʻnaltirilgan soliq organlari tashkiliy tuzilmasini yaxshilash.

2. Soliq toʻlovchilarni segmentatsiyalash asosida davlat soliq xizmati organlarining eng maqbul modelini joriy etish.

3. Soliq xizmati organlarida zamonaviy biznes-tahlil (Business Intellegence) tizimini, shuningdek, strategik va protsessual boshqaruvni joriy etish.

4. Soliq xizmati xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi koʻrsatkichlaridan (KPI) kelib chiqqan holda ularni ragʻbatlantirish.

5. Kadrlarni tayyorlash va tanlash tizimini takomillashtirish.

6. Soliq organlari xodimlari motivatsiyasini mustahkamlash.

7. Soliq maʼmuriyatchiligi jarayonini avtomatlashtirish.

3.5. Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini rivojlantirish

1. Kadrlar siyosatida korrupsiyaga qarshi komponentlarni kuchaytirish.

2. Soliq sohasida korrupsiya xavflarini nazorat qilish va ularning oldini olish tizimini joriy etish.

3. Korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari asosida normativ-huquqiy bazani qayta koʻrib chiqish (taftish qilish).

4. Soliq organlarida shaffoflik (oshkorlik) va hisobdorlikni kengaytirish, korrupsiya koʻrinishlariga jamoatchilikda murosasizlik hissini shakllantirish.

4-bob. Kutilayotgan natijalar

1. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar surʼati oʻsishiga erishiladi.

2. Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalari, shuningdek, ishbilarmonlik faolligining indeks koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

3. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 17,3 foizga yetkaziladi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)

4. Mahalliy va xorijiy investorlar oʻrtasidagi soliq imtiyozlari hajmi boʻyicha tafovuti qisqarishi taʼminlanadi.

5. Soliq toʻlovchilarning maʼlumotlardan foydalanishda hamda koʻrsatilayotgan servis xizmatlaridan qanoat hosil qilish darajasi oshadi.

6. Nizolarni sudga qadar hal etish koʻlami kengayadi.

7. Soliq sohasida huquqbuzarliklar soni kamayishiga erishiladi.

8. Soliq toʻlovchilarning haqiqatdagi va taqdim etilgan koʻrsatkichlari oʻrtasidagi farqlar kamayadi.

9. Soliq tekshiruvlari soni qisqaradi.

10. Nazorat tadbirlari natijasida qoʻshimcha hisoblangan soliqlar miqdori pasayadi.

11. Soliqlarning undirilish darajasi oshadi.

12. Soliq idoralari oʻrtasida hujjatlarning aylanishi kamayadi, ijro intizomi oshadi, kadrlarning qoʻnimsizligi bartaraf etiladi va kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi yaxshilanadi.

13. Soliq organlari xodimlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etish hollari bartaraf etiladi.

14. Soliq xizmatlarini standartlashtirish va tartibga solish darajasi ortadi.

15. Faoliyat yuritayotgan kichik va oʻrta biznes subyektlari orasida uch va undan ortiq yil faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son qaroriga 2-ILOVA

Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.