PQ-4392-son Qaror · 12.07.2019

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasiga qisman oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4392
  • Qabul qilingan sana:12.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:13.07.2019
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4392/4219

Boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi mashinasozligini kompleks rivojlantirishni samarali muvofiqlashtirishni taʼminlash va koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlarini faollashtirish va kuchaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi lavozimi kiritilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisiga:

qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish, lizing va servis xizmati koʻrsatish tizimini joriy etish;

yangi meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashning eksport salohiyatini kengaytirish borasida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ularni tashqi bozorlarga olib chiqish samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati tuzilmasida 6 nafar xodimdan iborat, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining umumiy soni doirasida 3 nafar xodim hisobiga qishloq xoʻjaligi mashinasozligini, yangi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari kotibiyati tashkil etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov bir hafta muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan shtat jadvalini tasdiqlasin;

Bosh vazirning maslahatchisi — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisining funksional vazifalarini hamda Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini, yangi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov oʻn kun muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 12-iyul,

PQ-4392-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.