PQ-4399-son Qaror · 19.07.2019

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4399
  • Qabul qilingan sana:19.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:20.07.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4399/3451

Qishloq xoʻjaligi sohasida iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat koʻrsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish, Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2019-yil 21-martda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda Loyiha deb yuritiladi) moliyalashtirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 25 yil muddatga 200 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz ajratilishi maʼqullangani;

2019-yil 11-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida qarz bitimi imzolangani;

Loyihaning umumiy qiymati 300,6 mln AQSH dollari ekvivalentini, shundan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — 100,6 mln AQSH dollari, shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklidagi ulush — 64 mln AQSH dollari ekvivalentini va Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi — 36,6 mln AQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Loyiha Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) Loyihani oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

Loyiha doirasida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish 2019-yil sentabr oyidan boshlanadi;

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankidan olingan qarz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qaytariladi.

3. Quyidagilar:

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosi va uning asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish prognoz grafiki 3-ilovaga muvofiq;

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

mazkur qarorning ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha doirasida beriladigan qarzni qayta moliyalashning muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, Markaz direktori, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimlari zimmasiga 2019 — 2025-yillar davomida Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari va tartib-taomillariga muvofiq zarur hisobotlar va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda taqdim etilishini tashkil qilish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, shuningdek, ularga Markaz va Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari bilan kelishilgan holda tegishli oʻzgartishlar kiritish vakolati berilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri D.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 19-iyul,

PQ-4399-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi PQ-4399-son qaroriga1-ILOVA

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslarining

* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ish va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.

** Davlat budjeti va tijorat banklari mablagʻlari qoʻshib hisoblanganda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi PQ-4399-son qaroriga2-ILOVA

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzidan foydalanish

* Ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgan holda qayta taqsimlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi PQ-4399-son qaroriga3-ILOVA

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzini qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish

* Toʻlovlar miqdori qarz mablagʻlarini oʻzlashtirish boshlangan sanadagi 6 oylik LIBOR stavkasi va belgilangan spredga nisbatan aniqlashtiriladi.

** Rejalashtirilgan qarz hajmidan 0,25 foiz miqdorida bir martalik komissiya toʻlovi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hisobidan qoplanadi hamda qarzning umumiy miqdoriga kapitallashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi PQ-4399-son qaroriga4-ILOVA

“Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi PQ-4399-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4399-son qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.