Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tashkil etish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, tijorat banklarini mikromoliyalashtirish jarayonlariga jalb qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar respublikada mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish hajmini yetarli darajada kengaytirishga imkon yaratganligini taʼkidlash lozim.
Shu bilan birga, mikromoliyalashtirish sohasini tartibga solish boʻyicha xalqaro tajriba aholi va tadbirkorlik subyektlarining mikromoliyaviy xizmatlarga oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun kredit tashkilotlarining salohiyatini oshirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Shu sababli mikromoliyalashtirish qonunchiligini yaxshilash, uning eng yaxshi amaliyotlarini, shu jumladan masofadan turib xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini joriy etish, koʻrsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish, aholida haddan tashqari qarz yuki shakllanishining oldini olish, aholining moliyaviy savodxonligini, moliyaviy ommaboplikni oshirish va mazkur xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish respublikada mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha ishlarning hozirgi bosqichdagi dolzarb yoʻnalishlari boʻlishi lozim.
Mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5614-son Farmoni bilan belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy ommaboplik sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda tarkibida moliyaviy xizmatlar ommabopligini kengaytirishni, aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishni, moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini (keyingi oʻrinlarda — Milliy strategiya) ishlab chiqishga Jahon bankining texnik koʻmagi jalb etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish va kelgusida amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
masʼul vazirlik va idoralarning Milliy strategiya ijrosining borishi boʻyicha muvofiqlashtirilgan hamkorligini taʼminlash, zarur boʻlganda, belgilangan tadbirlarning bajarilishiga oid tezkor choralarni koʻrish;
Milliy strategiyani amalga oshirish masalalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni tashkil etish, ushbu maqsadlarda seminarlar, davra suhbatlari, anjumanlar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish.
3. Muvofiqlashtiruvchi kengash (J.A. Qoʻchqorov):
bir oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan tadbirlarni 2019-yil yakuniga qadar ijro qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin, shuningdek, reja ijrosining borishi toʻgʻrisida har oy Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin;
2020-yil 1-yanvarga qadar “Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2020-yil 1-yanvarga qadar sohaga ixtisoslashgan xalqaro ekspertlar koʻmagida aholining moliyaviy savodxonligi va moliyaviy ommaboplik darajasini xolisona baholash maqsadida tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazsin;
moliyaviy ommaboplikni takomillashtirish uchun Moliyaviy inklyuziv ittifoq va xorijiy mamlakatlarning markaziy banklari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq quyidagilar taqiqlanadi:
jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) boʻyicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;
nobank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslardan qisqa muddatli mikromoliyaviy xizmatlar taʼminotiga koʻchmas turar joy mulkini garov sifatida qabul qilish;
ilgari olingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha soʻndirilmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2019-yil 1-sentabrga qadar mikrokredit tashkilotlari binolari va kassa xonalarining texnik jihozlanganlik talablarini bugungi kun talablari, xalqaro tajriba va mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish uslublarini takomillashtirishni hisobga olgan holda soddalashtirsin;
2019-yil 1-oktabrga qadar qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (qarzlar) boʻyicha qarz yukini hisoblash metodologiyasi va ruxsat etiladigan koʻrsatkich birliklarini, shuningdek, jismoniy shaxslarning qarz yukining, shu jumladan kunlik eng yuqori foiz stavkalari boʻyicha oʻsishini cheklab turishga oid meʼyorlarni tasdiqlasin;
2019-yil 1-noyabrga qadar kredit tashkilotlari tomonidan tavakkalchiliklarning mos ravishda boshqaruvi mavjudligi, kredit byurolaridan kredit maʼlumotlarini majburiy olish, faoliyatning xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlashni nazarda tutuvchi masofadan turib xizmat koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;
2019-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ilgari tijorat bankida dastlabki identifikatsiyadan oʻtgan jismoniy shaxsni kredit tashkilotlari tomonidan masofadan turib identifikatsiyalash mexanizmini joriy etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi 2019-yil 1-dekabrga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reyestri” DUK maʼlumotlar bazasini Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar bazasi bilan mikromoliyaviy xizmatlar boʻyicha garovga qabul qilingan koʻchar mulkka taqiq qoʻyish, yechish va maqomini tekshirishga oid kredit tashkilotlarining foydalanish imkoniyatini kengaytirishni nazarda tutuvchi integratsiyasini taʼminlasin;
qonunchilikka mikromoliyaviy xizmatlar boʻyicha garov shartnomasini majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish va kredit tashkilotlari tomonidan garov reyestrining maʼlumotlar bazasiga tegishli yozuvlarni kiritish bilan bir vaqtda maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligining maʼlumotlar bazalarida aks ettirish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019-yil 1-noyabrga qadar mazkur qaror bilan belgilangan normalar taʼsirining tahlili, shuningdek, sohaga ixtisoslashgan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining ekspert xulosalaridan kelib chiqqan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Nobank kredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
nobank kredit tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy asoslari;
nobank kredit tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalarning ruxsat beriladigan turlarini aniqlash;
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish va ularning isteʼmolchilari huquqini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish;
nobank kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish tartibi.
11. Mazkur qarorni amalga oshirish boʻyicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari barcha tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3270-son qaroriga 1-ilovaning 41-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ikki oy muddatda:
Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-iyul,
PQ-4400-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son qaroriga1-ILOVA
Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish va kelgusida amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash
Izoh: kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4400-son qarorini amalga oshirish boʻyicha batafsil amaliy