PF-5771-son Farmon · 24.07.2019

Aksiz soligʻiga tortiladigan ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5771
  • Qabul qilingan sana:24.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:24.07.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/19/5771/3474

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ-4086-son qaroriga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining:

2019-yil 15-avgustdan siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda aksiz soligʻi stavkasini 20 foizga;

2019-yil 1-oktabrdan alkogolli mahsulotning aksiz soligʻi stavkasini oʻrta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz soligʻi stavkasini 20 foizga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash komissiyasi tomonidan ilgari berilgan, spirt va alkogolli mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga oid litsenziyalarning amal qilish muddati 2020-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin:

spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga nisbatan yangi litsenziya talablarini, jumladan ishlab chiqarish uskunalarini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish, uning mulkdorlarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibini tasdiqlash;

texnik spirt ishlab chiqaruvchilar faoliyatini litsenziyalash tartibini joriy etish, pivo ishlab chiqaruvchilar uchun esa 2021-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartibni joriy qilish;

litsenziya oluvchilar tomonidan har yili litsenziya toʻlovlarini toʻlash boʻyicha talablarni joriy etish, pivo ishlab chiqaruvchilar uchun esa 2022-yil 1-yanvardan boshlab shunday talabni joriy qilish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2019-yil 15-avgustdan boshlab ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

5. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 24-iyul,

PF-5771-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-iyuldagi PF-5771-son Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2019-yil 15-avgustdan boshlab kiritiladigan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5656-son Farmonining 5-bandidagi “2019-yil 1-iyulgacha” soʻzlari “2020-yil 1-yanvargacha” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ-4086-son qarorining 19-ilovasida:

a) 1 — 6 pozitsiyalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

b) 15-pozitsiyaning “siqilgan gaz” qatori “bir oʻlchov birligiga soʻmda” ustunidagi “360” raqami “435” raqami bilan almashtirilsin.

Izoh: ushbu ilovaning 2-bandi “a” kichik bandi 2019-yil 1-oktabrdan amalga kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.