PQ-4467-son Qaror · 30.09.2019

Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4467
  • Qabul qilingan sana:30.09.2019
  • Kuchga kirgan sana:01.10.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4467/3825

Jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan barkamol yosh avlodni tarbiyalash hamda voyaga yetkazish uchun mamlakatimizda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish, respublikamizda jadal surʼatlar bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa sohalardagi islohotlar ulgʻayib kelayotgan oʻspirin iqtidorini yanada rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yurt ravnaqi yoʻlida ularning faol ishtirokini taʼminlashni bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilamoqda.

Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini yanada oshirish, oʻquvchi yoshlarda yuksak maʼnaviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, intellektual barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3931-son qaroriga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot, oʻlkashunoslik va ekologiya boʻyicha “Barkamol avlod” respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabini;

“Barkamol avlod” tuman (shahar) bolalar markazlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari”ni;

2025-yilga qadar Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida tizimli ravishda bolalar turizmini rivojlantirish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100 — 200 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazalari”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

4. Quyidagilar:

2019 — 2021-yillarda xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

2020 — 2024-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2020 — 2023-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning asosiy parametrlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

mazkur qarorning 4-bandida koʻrsatilgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, shuningdek, mazkur obyektlarni jihozlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2020-yil 1-yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarini maxsus asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasi uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

200 oʻquvchiga moʻljallangan “Barkamol avlod” bolalar maktablari, 100 — 200 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazalari”, 100 oʻquvchiga moʻljallangan “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish ishlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan kelishilgan yakka tartibda tasdiqlangan loyihalarga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini bajarishda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatiladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurilish manzilli dasturini shakllantirishda “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari”, “Bolalar kutubxonalari”ning aniq soni va roʻyxatini koʻrsatgan holda, ularning yangilarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, zarur xom ashyo va inventarlar bilan jihozlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan manzilli dasturlarni shakllantirishda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi joylashgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish orqali 200 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazasi” qurilishi hamda zarur xom ashyo va inventarlar bilan jihozlash boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq zarur boʻlgan kapital qoʻyilma limitlari ajratilishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019 — 2024-yillarda Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

“Barkamol avlod” bolalar maktablarini 2024-yilga qadar 50 foiz oliy maʼlumotli mutaxassislar bilan toʻldirish (jami toʻgarak rahbarlari soniga nisbatan);

oʻquvchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qamrab olish darajasini 10,5 foizga yetkazish (umumtaʼlim maktablaridagi oʻquvchilar soniga nisbatan);

“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2024-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida robototexnika va muhandislik toʻgaraklari ulushini 10 foizga yetkazish (jami toʻgaraklar soniga nisbatan);

“Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari uchun jahon va milliy adabiyoti durdonalariga kiruvchi asarlarning audiokitob shaklini yaratish;

barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalarini keng polosali Internet tarmogʻiga ulash.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:

ikki oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari” toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlar hamda ularning tuzilmalarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktabi va “Bolalar kutubxonalari”ni namunaviy jihozlash meʼyorini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2020-yil 1-yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika, mexatronika, muhandislik, dasturlash va xorijiy tillarni oʻrganish toʻgaraklarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish choralarini koʻrsin;

2020-yil 1-sentabrga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi misolida “Barkamol avlod” bolalar maktablari binolariga (shu jumladan koʻrinishiga) hamda ularning oʻquv-uslubiy va taʼlim jarayoniga boʻlgan talablarni oʻz ichiga olgan konsepsiyani ishlab chiqsin va joriy etsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-277-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/277/0833-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2020-yil 1-yanvardan:

direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun 1,55 baravarga;

toʻgarak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirish;

instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq toʻlash tartibini bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshirish va ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini toʻgarak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin;

umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar qiziqishiga koʻra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklarini tashkil etish uchun zarur mablagʻlar manbasi yuzasidan taklif kiritsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari” va “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish uchun maydonlarni tanlashda tasdiqlangan meʼyor va parametrlarga muvofiq, qoida tariqasida, tuman va shaharlarning markazida, turar-joy massivlarida joylashtirilishini hisobga olsin;

2020 — 2022-yillarda bolalar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida mahallalar kutubxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi robototexnika va texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot hamda ekologiya va turizm yoʻnalishlari boʻyicha “Barkamol avlod” bolalar maktablarining kasbiy yoʻnalishlariga oid faoliyatini oʻquv-metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlashda amaliy yordam koʻrsatsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan xom ashyolar xarid qilish uchun imtiyozli shartlar asosidagi xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni faollashtirsin.

17. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimovga — ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatovga — xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish, Kafedra faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, sohaga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy qilish, shu jumladan yangi toʻgaraklarni tashkil qilish, “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, mazkur maktablarni jihozlash ishlari oʻz muddatlarida amalga oshirilishini taʼminlash va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keng joriy qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

19. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 20-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

21. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 30-sentabr,

PQ-4467-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qaroriga1-ILOVA

2019 — 2021-yillarda xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qaroriga2-ILOVA

2020 — 2024-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Barkamol bolalar” bolalar maktablarining

* “Barkamol avlod” bolalar maktablarining manzilli roʻyxatiga tasdiqlangan umumiy parametrlar doirasida ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari asosida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qaroriga3-ILOVA

2020 — 2023-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning

* “Bolalar kutubxonalari”ning manzilli roʻyxatiga tasdiqlangan umumiy parametrlar doirasida ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari asosida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qaroriga4-ILOVA

2019 — 2024-yillarda Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.