Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalar oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, aholining zamonaviy uy-joylarga boʻlgan ehtiyojini qondirish hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda ilovadagi roʻyxatga muvofiq import qilinadigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);
2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda koʻp qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
bojxona toʻlovlarini toʻlovchilar 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda import qilinadigan, qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizatsiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqiga ega boʻladi;
“Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq import qilinadigan texnika va transport vositalarini sifat, isteʼmolchilar sogʻligʻi va hayoti hamda atrof-muhitga zarar yetkazishi xavfi nuqtai nazaridan belgilangan talablarga muvofiqligi boʻyicha oʻtkaziladigan sinovlar ustidan tegishli nazoratni taʼminlaydi.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-may,
PQ-4718-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PQ-4718-son qarorigaILOVA
2021-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladigan, import qilinadigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari