Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat ulushi saqlanib qolayotgan ayrim tarmoqlar va yirik korxonalarda bozor mexanizmlariga oʻtishning kechikayotganligi yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish oʻrinlari yaratishga toʻsqinlik qilmoqda.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda isteʼmolchiga yoʻnaltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati toʻliq oʻrganilganligi va iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Quyidagilar:
Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulki obyektlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 24 ta shtat birligidan iborat Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etilsin. Mazkur shtat birliklari moliya va davlat soliq xizmati organlarining 12 tadan shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantirilsin.
Departamentning asosiy vazifalari etib mazkur Farmonning 1-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda quyidagilarni amalga oshirish belgilansin:
Moliya vazirligi tomonidan davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) vakolatlari va funksiyalarini amalga oshirishni tashkil etish;
2021-yil 1-aprelga qadar 2019-2020-yillar uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;
2021-yil 1-aprelga qadar har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;
2021-yil 1-iyulga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan oʻtkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;
2021-yil 1-iyulga qadar kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga xalqaro tanlov asosida chet ellik soha mutaxassislarini (jumladan, vatandoshlarni) faol jalb etish orqali kuzatuv kengashlari tarkibining kamida 30 foizini va korxona boshqaruvining kamida 3 nafar rahbar xodimini malakali xalqaro mutaxassislar bilan toʻldirish.
3. Moliya vazirligi mazkur Farmonning 1-ilovasidagi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) ushbu Farmonning 2-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalar boʻyicha:
2021-yil 1-yanvarga qadar Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro standartlarga muvofiq qayta baholanadigan konlar (davlat zaxiralari) roʻyxati va “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin;
2021-yil 1-fevralga qadar 2021-yil uchun korxonalarning budjet loyihasini ishlab chiqsin;
2021-yil 1-iyulga qadar 3 yillik biznes rejalarini (joriy faoliyati, investitsiya loyihalari va ularni moliyalashtirishning aniq manbalari, shu jumladan xalqaro moliya bozorlari mablagʻlari hisobidan, moliyaviy modeli) ishlab chiqishni taʼminlasin;
2021-yil 1-iyulga qadar korxonalarning barcha investitsiya loyihalarini xatlovdan oʻtkazib, boshlanmagan hamda moliyaviy manbalari aniq boʻlmagan loyihalarni toʻxtatish choralarini koʻrsin.
Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov) 2021-yil 1-yanvarga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ushbu Farmonning 1 va 2-ilovalaridagi har bir korxona kesimida “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin.
4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Agentlik:
2020-yil 1-dekabrga qadar raqobat muhitiga taʼsir qiladigan imtiyoz va preferensiyalarni xatlovdan oʻtkazib, ularni bekor qilish boʻyicha qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari bilan birgalikda ular faoliyat yuritadigan sohada bozor munosabatlari tamoyillariga toʻliq oʻtish, raqobat muhitini shakllantirish hamda xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “Oʻzagroservis” va “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, ularning faoliyatini bozor tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyish va sohada xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsin.
5. Moliya vazirligiga Departament faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha va Agentlikka quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
tanlov asosida xalqaro miqyosda yetakchi boʻlgan konsalting, audit, “xedxanter” va boshqa zarur kompaniyalar va ekspertlarni jalb qilish hamda ular bilan shartnomalar tuzish;
loyiha ofislarini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va moliyaviy taʼminlash (budjet, davlat ishtirokidagi korxonalarning mablagʻlari, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning grant va qarz mablagʻlari).
6. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (A. Aripov) 3-ilovada keltirilgan xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlarining har biri boʻyicha:
2020-yil 15-noyabrga qadar ishchi guruhlari shakllantirilishini;
2021-yil 1-fevralga qadar xususiylashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish uchun konsalting tashkilotlari jalb qilinishini va amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishini;
2021-yil 1-iyulga qadar korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
7. Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov), Qurilish vazirligi (B. Zakirov, Sh. Hidoyatov), Agentlik (S. Bekenov) ikki oy muddatda mazkur Farmonning 3-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi loyiha-tadqiqot tashkilotlarini qayta xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash, loyiha-tadqiqot va qurilish sohasidagi nufuzli tashkilotlarga sotish hamda xususiylashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin.
8. Mazkur Farmonning 4-ilovasidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolarga chiqarilishini samarali tashkil etish boʻyicha masʼul shaxslar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
11. Belgilansinki, mazkur Farmonning 4-ilovasiga kiritilgan korxonalar:
davlat aksiya paketlari (ulushlari) bitta lot asosida savdoga chiqariladi;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
davlat aktivlarini “nol” xarid qiymatida sotish va investitsiya hamda ijtimoiy majburiyatlar asosida “1 soʻm” boshlangʻich qiymatda ommaviy savdolarga chiqarish amaliyoti bekor qilinadi;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son)
davlat unitar korxonalari xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirilgan holda ularning davlat aksiya paketi (ulushi) sotiladi;
xususiylashtirilishi belgilangan davlat unitar korxonalarini xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirishda ularning mulki xatlovdan oʻtkaziladi va xoʻjalik jamiyatlari ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori mulkiy baholashdan oʻtkazilmagan holda, soliq organlariga taqdim etilgan oxirgi hisobot yili yakuni boʻyicha buxgalteriya balansida (amaldagi) aks etgan ustav fondi miqdorida belgilanadi;
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
davlat aktivlarini sotib oluvchilar toʻlovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti asosida amalga oshirishi mumkin;
davlat ulushlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan oldi-sotdi shartnomalari doirasida belgilangan grafikka asosan qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividendlar olish huquqini tasdiqlovchi “tasarruf etish huquqisiz” mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi beriladi, bundan davlat ulushi jamiyatning oʻziga sotilgan holatlar mustasno;
(12-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
davlat koʻchmas mulki obyektlarini sotib olish shartnomalari doirasida qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi beriladi.
(12-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
davlat aktivlarini investitsiya kiritish majburiyatlari bilan sotishda investorlar tomonidan chet el valyutasidagi pul mablagʻlari shaklida kiritiladigan investitsiyalari korxonalarning alohida hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
13. Agentlik Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son)
Bunda:
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud boʻlgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy koʻrinishga keltirish, sanitariya-gigiyena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish;
bozor va savdo komplekslaridagi xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash nazarda tutilsin.
14. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzoqov, L. Qudratov, Sh. Vafayev) Agentlik bilan birgalikda:
a) mazkur Farmonga muvofiq sotiladigan korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha:
ommaviy savdolarga chiqarishdan oldin mahalliy va xalqaro investorlarni jalb qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda salohiyatli investorlarni jalb qilish uchun muntazam ravishda uchrashuv, muloqot va taqdimotlar (“Road Show”) oʻtkazsin;
mazkur Farmonning 3-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalarga ilgʻor tajribaga ega salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha manzilli ishlarni tashkil qilsin;
b) 2021-yil 1-fevralga qadar xorijiy tajribani oʻrgangan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Agentlik:
Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining chet elda joylashgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, shu jumladan ularni sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berish;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6167-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2021-y., 06/21/6167/0103-son)
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi, tegishli vazirlik, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda uch oy muddatda davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalar va tijorat banklarining asosiy faoliyatiga mos boʻlmagan aktivlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni ommaviy savdolar orqali sotish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
muassasa sifatida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini;
filial koʻrinishida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini;
davlat ulushi saqlab qolinadigan korxonalar roʻyxatini;
tugatish yoki bankrotlik taomillarini qoʻllash tashabbusi bilan chiqiladigan istiqbolsiz, faoliyat koʻrsatmayotgan, zarar koʻrib ishlayotgan va past rentabelli davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini tasdiqlasin.
17. Agentlik Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda “E-auksion” elektron savdo platformasida oʻtadigan ommaviy savdolar jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, subyektiv yondashuvlarni toʻliq istisno qilish va xaridorlarga qulaylik yaratish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin:
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
2021-yil 1-yanvarga qadar yagona elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan savdolar tartib-taomillarini birxillashtirish boʻyicha yagona tartibni tasdiqlash va uning asosida davlat organlari bilan oʻzaro integratsiya qilingan savdo maydonchasining takomillashtirilgan dasturiy taʼminotini ishga tushirish;
2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha auksion savdolari natijalarini QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtirish;
davlat koʻchmas mulki obyektlari va ulushlarini sotish boʻyicha takroriy auksion savdolarini har 10 kalendar kunda bir marotaba davriylikda amalga oshirish;
xaridorlarning takliflarini auksionda lotlar eʼlon qilingan paytdan boshlab qabul qilish.
(17-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
18. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlari va aholi oʻrtasida keng targʻib qilish va yoritishga qaratilgan media-rejani tasdiqlasin va uning ijrosini taʼminlasin.
19. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (Biznes-ombudsman) Bosh prokuratura bilan birgalikda davlat aksiya paketlari (ulushlari)ni sotib olgan investorlarning, shu jumladan minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, ularni jamiyat boshqaruv organida ishtirok etishida toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlanganda qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar koʻrilishini taʼminlasin.
20. Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda 2020 — 2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritsin;
2021-yil 1-dekabrga qadar “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va 2022-yil 1-martga qadar “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin;
(20-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)
2023-yil 1-dekabrga qadar xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini xatlovdan oʻtkazib, unifikatsiya qilgan holda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.
(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
21. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
PF-6096-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 1-ILOVA
Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari
Izoh: Davlat ulushi miqdori, korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalarini isloh qilish oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 2-ILOVA
Korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar
Izoh: Davlat ulushi miqdori, korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalarini isloh qilish oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 3-ILOVA
Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali ommaviy savdolarda toʻliqligicha davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan korxonalar
Izoh: Sotilishi belgilangan davlat ulushi miqdori korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu ilovada koʻrsatilgan korxonalarning ustav kapitalida Davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarning ulushi mavjud boʻlganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Agentlikka oʻtkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqariladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 4-ILOVA
Davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻliqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar
1) Davlat aksiya paketlari (ulushlari) ushbu jamiyatlardagi davlat ulushi bor taʼsischilar ustav fondiga nominal qiymatda oʻtkaziladi.
2) Mazkur tarmoq va soha korxonalari roʻyxati Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Izoh:
Sotilishi belgilangan davlat ulushi miqdori korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu ilovada koʻrsatilgan korxonalarning ustav kapitalida Davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarning ulushi mavjud boʻlganda, bundan ushbu ilovaga muvofiq sotilishi belgilangan korxonalar mustasno, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Agentlikka oʻtkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqariladi.
* Korxona masʼuliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgandan soʻng, davlat ulushining 70 foizi sotuvga chiqariladi va 30 foizi Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufida qoldiriladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 5-ILOVA
Xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlari
* Kadastr hujjatlariga muvofiq yer uchastkasining umumiy maydoni, bino va inshootlarning egallagan maydoniga aniqlik kiritiladi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga 6-ILOVA
Davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolarga chiqarilishini samarali tashkil etish boʻyicha masʼul shaxslar
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)