Aholining shinam uy-joylarga boʻlgan talab-ehtiyojlarini mumkin qadar toʻliq taʼminlash, uy-joy qurilishini, ayniqsa kichik shaharlar va qishloq joylarda jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishi uchun imtiyozli uzoq muddatli ipoteka krediti berish tizimini keng joriy etish maqsadida:
1. “Uyjoyjamgʻarmabank” va “Zamin” banki aksiyadorlarining mazkur banklarni birlashtirish va ular asosida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankini tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar bankning asosiy vazifalari qilib belgilansin:
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun imtiyozli uzoq muddatli ipoteka krediti berish tizimini joriy etish;
yakka tartibda uy-joy quruvchilarga va aholi uchun turar joylar barpo etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga kredit olishda koʻmaklashish;
uy-joy qurilishi uchun ipoteka krediti berishni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar, jumladan kreditlarni, shuningdek xalqaro va mahalliy moliya institutlari investitsiya hamda grantlarini jalb etish;
respublika mintaqalarida bankning ixtisoslashtirilgan xizmatlaridan aholining keng foydalanishini taʼminlaydigan filiallar shoxobchasini rivojlantirish;
zamonaviy, tejamli, bozorda talab yuqori boʻlgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni kredit bilan taʼminlash.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 19-maydagi PQ-1531-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 22-23-son, 225-modda)
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 19-maydagi PQ-1531-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 22-23-son, 225-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Ipoteka-bank” va tijorat banklari bilan birgalikda uy-joy qurilishiga ipoteka krediti berishni rivojlantirish uchun xalqaro va xorijiy milliy moliyaviy institutlarning imtiyozli uzoq muddatli kreditlari, grantlari va investitsiyalarini jalb etish choralarini koʻrsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 19-maydagi PQ-1531-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 22-23-son, 225-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Moliya vazirligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda 3 oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar:
“Ipoteka va uy-joy qurilishiga ipoteka krediti berish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi;
Uy-joy qurilishi, turar-joylarni rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun ipoteka krediti berish toʻgʻrisidagi nizom.
Shu bilan birga ushbu hujjatlarda ipoteka kreditlari ajratishning puxta va ochiq-oshkora mexanizmi, kredit toʻlanmagan taqdirda nizolarni hal etish, mulkchilik huquqining oʻtishi va uydan koʻchirish, kreditorlarning zararlarini kafolatli qoplash va boshqa masalalar nazarda tutilsin.
7. Belgilansinki, 2010-yilning 1-yanvarigacha tijorat banklarining ipotekaga qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan va berilgan ipoteka kreditlaridan olingan daromadi daromad (foyda) soligʻidan ozod etiladi.
8. 2010-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy qurilishini va uy-joy bozorini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulk qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda 2010-yilgacha boʻlgan davrda mintaqalarda uy-joy qurilishini rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, unda:
yer uchastkalari ajratish va yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarini kompleks holda barpo etish;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi yangi massivlarini mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʼminlash;
yakka tartibdagi uy-joy quruvchilarning mahalliy qurilish materiallari va konstruksiyalarga boʻlgan talab-ehtiyojlarini qondirish;
rekonstruksiya qilinadigan yoki buziladigan uy-joy fondini aniqlagan holda ommaviy seriyadagi ilgari qurilgan koʻp xonadonli uylarni rekonstruksiya qilishni nazarda tutsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 16-fevral,
PQ-10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2005-yil 16-fevraldagi PQ-10-son qaroriga ILOVA
2010-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy qurilishi va uy-joy bozorini rivojlantirish tadbirlari