PQ-4888-son Qaror · 11.11.2020

Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4888
  • Qabul qilingan sana:11.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:12.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4888/1505

Toshkent shahrida barpo etilgan yangi mavzelarda aholi xavfsizligi va farovonligini taʼminlash, boshqaruvni samarali tashkil etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, obodonlashtirish ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 8-sentabrdagi 443-IV-son va Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-135-IV-son “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani hokimligi tashkil etilsin.

3. Quyidagilar:

Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi, davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalari hamda ularga qoʻshimcha kiritilayotgan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi uchun xarid qilinadigan maxsus texnika vositalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga maʼmuriy binolar qurish va ularni jihozlash rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

Toshkent shahri Yangihayot tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi PF-5515-son Farmonida belgilangan tartib, shu jumladan tuman hokimligi boshqaruv apparatining tuzilmasi hamda boshqaruv xodimlarining cheklangan soni amal qiladi;

Toshkent shahri Yangihayot tumanida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarining boshqaruv xodimlari vazirlik va idoralarning umumiy shtat birliklari doirasida kiritiladi.

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bogʻliq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatsin.

6. Toshkent shahar hokimligi:

a) ikki oy muddatda:

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Yangihayot tumanini 2021 — 2023-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri Yangihayot tumanining mahalliy budjeti va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlarini belgilasin;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligini zarur bino va inshootlar bilan taʼminlash hamda moddiy-texnika vositalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin;

b) Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga yer maydonlari tanlanishi va ajratilishi hamda maʼmuriy binolar qurilishini taʼminlasin;

v) Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror va bir maromda ishlashini, shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlasin;

g) Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish uchun 2020 — 2023-yillarda Toshkent shahri mahalliy budjeti qoʻshimcha daromadlarining 5 foizi va Toshkent shahri tumanlari qoʻshimcha daromadlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalar oʻtkazilishini taʼminlasin.

7. Moliya vazirligi:

mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish hamda Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga maxsus texnika vositalarini xarid qilish uchun respublika budjeti daromadlari rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 3 yil muddatga bir yillik imtiyozli davr bilan Toshkent shahar mahalliy budjetiga 12,5 mlrd soʻm foizsiz ssuda ajratsin;

(7-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgunga qadar mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda tashkil etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish choralarini koʻrsin;

2021-yildan boshlab Toshkent shahri Yangihayot tumanining xarajatlarini Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

8. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ikki oy muddatda Toshkent shahri Yangihayot tumaniga oʻtkazilgan maʼmuriy hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining yuridik (pochta) manzilini ulardan ariza yoki maʼlumot talab etmagan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron tizim orqali bepul oʻzgartirsin.

9. Oliy sud, Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar ikki oy muddatda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi tuzilmalarini tashkil etish choralarini koʻrsin.

Belgilab qoʻyilsinki, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi tuzilmalari tashkil etilguniga qadar ularning funksiyalari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Sergeli tumanidagi tuzilmalari orqali amalga oshiriladi.

10. Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ikki oy muddatda Toshkent viloyati va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy chegaralari oʻzgarganligi munosabati bilan yer hisobotlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritsin.

11. Toshkent shahar hokimligining Yangihayot tumani hokimligi binosini qurish uchun Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Sputnik-1 dahasi, Qipchoq koʻchasidagi boʻsh turgan yer maydonini ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

12. Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 11-noyabr,

PQ-4888-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga 1-ILOVA

Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi, davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalari hamda ularga qoʻshimcha kiritilayotgan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni

* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan boshqaruv xodimlari cheklangan soni hamda shtat birliklari doirasida belgilanadi.

Izoh. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuman tuzilmalari ularning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi belgilangan tartibda Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi boʻlinmalarini tashkil etadi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga 2-ILOVA

Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi uchun xarid qilinadigan maxsus texnika vositalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga3-ILOVA

Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga maʼmuriy binolar qurish va ularni jihozlash

* Tuman idoralarining binolarini qurish va jihozlash ishlari 2021-yil 31-dekabrga qadar tugallanadi.

** Ushbu tashkilotlarning binolarini qurish va jihozlash ishlari 2022-yil 1-iyunga qadar tugallanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.