PQ-4891-son Qaror · 12.11.2020

Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4891
  • Qabul qilingan sana:12.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:13.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4891/1514

Aholida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilgʻor tajribasini joriy etish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6035-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar tibbiy profilaktikaning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

dastlabki profilaktika — qulay atrof-muhitni yaratish (ekologik ahvol, insonlarning mehnat, yashash va dam olish sharoitlarini yaxshilash), aholi salomatligiga salbiy taʼsir etuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan unni fortifikatsiyalash, tuzni yodlashtirish;

birlamchi profilaktika — emlash, maqsadli skrining va tibbiy koʻriklarni amalga oshirish, oqilona ish va dam olish, sport bilan muntazam shugʻullanish, badantarbiya mashgʻulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, inson salomatligi, taʼlim-tarbiyani yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish;

ikkilamchi profilaktika — maʼlum sharoitlarda immun holatining kamayishi, oʻta zoʻriqish, adaptiv yetishmovchiliklar sabab yuzaga keladigan kasalliklarning kelib chiqishi, avj olishi yoki qaytalanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan aniq xavf omillarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq qilish, shuningdek, tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

2021-yil 1-yanvardan boshlab 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash boʻyicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi;

Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ning tuman (shahar) boʻlimlari koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari binolarida joylashadi hamda ularning xodimlari (keyingi oʻrinlarda — jamoat salomatligi tizimi mutaxassislari) tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda fuqarolarga tibbiy-profilaktik xizmatlar (maslahatlar, koʻriklar va boshqalar) koʻrsatib boriladi;

mahallalarda, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari va oliy hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga koʻmaklashuvchi volontyorlar (shu jumladan nafaqadagi shifokorlar, oʻqituvchilar, ziyolilar va boshqalar) jamiyatlari tashkil qilinadi.

3. Quyidagilar jamoat salomatligi tizimi mutaxassislarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholi oʻrtasida shaxsiy va jamoat gigiyenasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda ishtirok etish, aholini savol-javob va koʻriklardan oʻtkazish orqali ularda yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash va individual maslahat berish;

sogʻlom ovqatlanish tamoyillari, jismoniy faollik asoslari, shaxsiy gigiyenaning ahamiyati, zararli odatlarga berilmaslik boʻyicha targʻibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;

yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni tashkil etish uchun hududda faoliyat koʻrsatayotgan korxona, muassasa va tashkilotlar roʻyxatini shakllantirish va amalga oshirish;

yuqumli kasalliklar roʻyxatga olingan hududlarda ular boʻyicha sogʻlomlashtirish tadbirini ishlab chiqish, hududiy tibbiyot xodimlari bilan tadbirlarni tashkil etish va ularning bajarilishini nazorat qilib borishda ishtirok etish.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligi Markazni jalb qilgan holda mahallalar va aholi xonadonlarida, shu jumladan uzoq va olis hududlarda aholi orasida sogʻlom turmushni shakllantirish, badantarbiya mashgʻulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, fuqarolarning oʻz sogʻligʻiga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirish boʻyicha tizimli ravishda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsin.

Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur bandda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni sifatli va toʻliq amalga oshirish uchun:

respublika budjeti va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Markazga 2021-yilda 2 milliard soʻm ajratsin;

2022-yil va kelgusi yillarda respublika budjeti va mahalliy budjet parametrlarida 2021-yilda ajratilayotgan mablagʻlardan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

Markaz (B.T. Odilova) bir oy muddatda mazkur bandga asosan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlar Mahkamasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Milliy teleradiokompaniya, nodavlat teleradiokanallar hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda uch hafta muddatda sogʻlom turmush tarzini olib borish masalalariga bagʻishlangan markaziy, hududiy va nodavlat telekanallarda “Salomatlik soati” va boshqa maxsus telekoʻrsatuvlar tashkil qilinishini taʼminlasin.

5. Vazirlar Mahkamasi huzurida Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi komissiya) tashkil qilinsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jamoat salomatligini muhofaza qilish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va kasalliklar profilaktikasi sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini ularning yaqindan hamkorligi, samaradorligi va ish uygʻunligini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirish;

mazkur qarorda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini tashkil etish;

kasalliklar profilaktikasi boʻyicha dastur va chora-tadbirlarning har bir viloyat, tuman (shahar) doirasida amalga oshirilishini hamda masʼullar tomonidan ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;

kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ularning yuqish yoʻllari va omillariga taʼsir koʻrsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bogʻliq boʻlgan asoratlar oqibatlarini tugatishga qaratilgan profilaktik tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish;

jamoat salomatligini muhofaza qilish boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi tizimli kamchiliklarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etilishini tashkil etish;

barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarning sogʻlom turmush tarzini, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini taʼminlash;

aholi orasida sogʻlom turmush tarzining asoslari, jumladan sogʻlom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash, zararli odatlarga qarshi kurashish boʻyicha ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻibot ishlari tashkil etilishini taʼminlash;

sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi, zamonaviy va yakka tartibdagi chora-tadbirlar asosida sogʻliqni saqlash va mustahkamlashning ijtimoiy-profilaktik yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha choralar koʻrish;

mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatini birlashtiruvchi, aholi salomatligini muhofaza qilish, targʻib etish va ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi yaxlit tizim yaratilishini taʼminlash;

aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona interaktiv tizimini yaratish va bu borada zamonaviy axborot hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etilishini tashkil etish;

xalqaro standartlar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillari boʻyicha tadqiqot hamda soʻrovlar oʻtkazilishini tashkil qilish.

6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya ishini tashkil etish, soha boʻyicha vazirlik va idoralarning respublika — viloyat — tuman darajasidagi vazifalari taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Sogʻliqni saqlash vazirligi Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning ishchi organi hisoblanadi;

Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning oʻz vazifalari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar uchun bajarilishi majburiydir;

Muvofiqlashtiruvchi komissiya oʻz vazifalarini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar unga vakolatlari doirasida har tomonlama koʻmak beradilar hamda soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradilar;

Sogʻliqni saqlash vazirligi kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritib boradi.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda respublikaning olis va chekka hududlarida oilaviy shifokor, tor soha mutaxassislari va patronaj hamshiralariga boʻlgan ehtiyojni qoplash hamda aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash maqsadida har bir tibbiyot muassasasida zarur shtat birliklarini joriy qilish asosliligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot-tahlil maʼlumotnoma kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B.K. Yusupaliyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 12-noyabr,

PQ-4891-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga 1-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga 2-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya ishini tashkil etish, soha boʻyicha vazirlik va idoralarning respublika — viloyat — tuman darajasidagi vazifalari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4790-son qarorida:

a) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“5. Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega boʻlmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi tashkil qilinsin”;

b) 1-ilovadan “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi” bloki chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4847-son qaroriga 1-ilova “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi” bloki bilan toʻldirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.