Aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻlamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga asosida Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov loyihasi) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tajriba-sinov loyihasi doirasida:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yoʻnalishlari boʻyicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;
har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) ishlab chiqiladi;
kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi boʻyicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʻllanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʻllanmalar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʻrsatiladi;
aholining sogʻligʻi bilan bogʻliq koʻrsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻlanadi;
kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va toʻliq tibbiy yordam koʻrsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov) bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar tajriba-sinov loyihasi doirasida:
kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmini;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlari hamda ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. Tajriba-sinov loyihasi doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi yoʻlga qoʻyilsin:
aholini mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga boʻlish;
oʻrta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholining belgilangan muddatlarda tibbiy koʻriklardan oʻtishini taʼminlash va salomatligini davriy kuzatuvga olish;
yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlarni doimiy kuzatuvga olish hamda uyiga borgan holda tibbiy xizmat koʻrsatish;
profilaktik koʻriklar oʻrniga hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar boʻyicha maqsadli skrining tekshiruvlarini oʻtkazish;
patronaj koʻriklarini optimizatsiya qilib, yangi maqsadli patronaj tizimini joriy qilish.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh. Inoyatov):
bir oy muddatda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlariga joriy qilinayotgan yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimini oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilsin;
tajriba-sinov loyihasi yakunlariga koʻra mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni respublikaning boshqa hududlarida qoʻllash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) 2020-yil 1-dekabrdan tashkil etilsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
Jamgʻarmani saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish hajmi Davlat budjetidan kafolatlangan tibbiy xizmatlarni xarid qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarning 2 foizi miqdorida belgilansin. Bunda, tibbiy xizmatlarni xarid qilish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari Jamgʻarmaning budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va hisobot davri oxirida mablagʻlarning qoldigʻi Jamgʻarma ixtiyorida qoldiriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlash;
aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan taʼminlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat budjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablagʻlarni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
tajriba-sinov loyihasining natijalariga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tajriba-sinov loyihasi doirasida 2021-yil 1-iyuldan boshlab:
Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarini moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablagʻlar (kapital qoʻyilmalar, fan va ilmiy izlanishlar, emlash va boshqa maqsadli dasturlar uchun ajratiladigan mablagʻlar bundan mustasno) Jamgʻarmaning alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga xarajatlar tasnifining bir satrida bosqichma-bosqich oʻtkazib beriladi;
Jamgʻarma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizidan kam boʻlmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi;
kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar koʻrsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin;
ajratilgan budjet mablagʻlarining samaradorligi va natijadorligi Jamgʻarma tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi;
kafolatlangan paketni belgilash, koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Quyidagilar:
Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son)
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qarori asosida chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining (keyingi oʻrinlarda — Kuzatuv kengashi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Kuzatuv kengashi (L.N. Tuychiyev, A.Sh. Inoyatov) quyidagilarni taʼminlasin:
a) 2020-yil yakuniga qadar:
Jamgʻarma xodimlarini tibbiyot, iqtisodiyot, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Jamgʻarma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar orasidan toʻldirish;
tibbiyot muassasalari xodimlari, ulardagi mavjud tibbiy texnika va tibbiyot buyumlari hamda axborot texnologiyalari jihozlarini xatlovdan oʻtkazib, elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jamgʻarma, Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi va tibbiyot muassasalari xodimlari uchun sogʻliqni saqlash tizimini tashkil qilish, davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etish hamda yangi kiritilayotgan tibbiy yoʻnalishlarga qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish;
b) 2021-yil 1-mayga qadar:
tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholini xatlovdan oʻtkazib, ularning sogʻligi va kasallanish koʻrsatkichlari boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
kafolatlangan paket uchun toʻlovlarni natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari (jon boshiga moliyalashtirish, davolangan holat, bajarilgan ishlar natijalari va boshqalar) orqali amalga oshirish mexanizmi va Jamgʻarmaga Davlat budjetidan mablagʻlarni moliyalashtirish tartibini tasdiqlash. Bunda, har bir birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasining jon boshiga moliyalashtirish hajmi tasdiqlangan bazaviy stavkalar asosida belgilanishini koʻzda tutish;
(8-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
tibbiyot muassasalarida aholiga kafolatlangan paket asosida tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur moddiy texnik bazani yaratish;
v) 2021-yil 1-iyulga qadar:
“elektron poliklinika” va davlat tibbiy sugʻurtasining axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasini yaratish va toʻliq ishga tushirish;
davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida faoliyat koʻrsatadigan tibbiyot tashkilotlari bilan tegishli shartnomalar tuzish.
Kuzatuv kengashiga oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar berilsin:
Jamgʻarmani saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Jamgʻarma tarkibiy tuzilmasi, shtat birliklari soni, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilash va shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish;
(8-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-son qaroriga asosan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
zarur moliyaviy, statistik va boshqa maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri olish;
manfaatdor vazirlik va idoralardan zarur mutaxassislarni jalb qilish;
Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimida tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, davlat tibbiyot muassasalari va ularning xodimlari uchun belgilangan normativ va talablarga oʻzgartirish kiritish, shu jumladan yangi mutaxassisliklar kiritish, tibbiyot muassasalari profilini oʻzgartirish;
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan maʼqullangan xalqaro klinik protokollar, kasalliklar va holatlarga tashxis qoʻyish hamda ularni davolashning tibbiy uslublarini belgilash.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Sh. Inoyatov) va Sirdaryo viloyati hokimligi (Gʻ.Gʻ. Mirzayev) ikki oy muddatda viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini oʻrganib, ular negizida “tibbiyot klasteri”ni tashkil qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
samarasiz faoliyat yuritayotgan boʻgʻinlarni qisqartirish, qayta moslashtirish va boshqaruv xarajatlarini maqbullashtirish;
Guliston tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliy taʼlim muassasasini tashkil etish uchun xususiy sektorni jalb qilish.
10. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov):
Sirdaryo viloyatida tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmat koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, aholi sogʻligini monitoring qilib borish imkonini beruvchi yagona elektron platformani yaratish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq zarur mablagʻlarni ajratsin;
tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarining 100 foizi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlaridan kelib chiqib, ularni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilsin;
tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy shifokorlarni zarur tibbiy buyumlar va ambulator sharoitda davolash uchun dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlarning 5 foizidan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha mablagʻ ajratsin. Bunda ushbu mablagʻlar Sogʻliqni saqlash vazirligining markazlashgan tadbirlari uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilsin;
Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish uchun zarur mablagʻlarni asoslantirilgan hisob-kitoblar boʻyicha 2020-yilda Davlat budjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash sohasi uchun nazarda tutilgan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida ajratsin va 2021-yildan boshlab har yili tegishli yil uchun budjet parametrlarida nazarda tutsin;
Jamgʻarmaga 5 ta xizmat avtotransporti, shu jumladan 4 ta shaxsan biriktirilgan yengil avtomobil va 1 ta navbatchi mikroavtobus sotib olish va saqlashga limit ajratsin.
(10-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son)
11. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Jamgʻarmaga tegishincha Toshkent va Guliston shaharlarida bino ajratilishini taʼminlasin.
12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov):
Sirdaryo viloyati tibbiyot muassasalarining oʻtkazuvchanligi yuqori boʻlgan optik tolali aloqa liniyalari orqali Internet tarmogʻiga ulanishini;
Jamgʻarmani belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan harakatlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov va Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Gʻ. Mirzayev belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 12-noyabr,
PQ-4890-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qaroriga 1-ILOVA
Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish
1. Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
2. Konsepsiya davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni koʻrsatish va uni moliyalashtirishda davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish va aprobatsiyadan oʻtkazishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Bunda, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini 2021-yil 1-iyuldan 2022-yil yakunigacha boʻlgan muddatda Sirdaryo viloyatida aprobatsiyadan oʻtkazish va uning ijobiy natijalarini 2023-yildan boshlab respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi.
1-bob. Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimining joriy holati
3. Sirdaryo viloyati aholisi soni 846,3 ming nafarga yetib, ularning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 71,9 yilni tashkil etmoqda (respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich — 75,1 yil).
Oʻtgan oʻn yil davomida viloyatda tugʻilish darajasi har 1 000 nafar aholiga nisbatan oʻrtacha 24,8 promillega, oʻlim darajasi esa 4,6 promillega toʻgʻri kelgan.
Hududda umumiy kasallanish darajasi koʻrsatkichi kasalliklar turidan kelib chiqib har 100 000 nafar aholiga nisbatan 3,1 minggacha qayd etilgan.
Bugungi kunda viloyatda 137 ta sogʻliqni saqlash muassasasi, shu jumladan 99 ta ambulator-poliklinika muassasasi, 26 ta statsionar davolash-profilaktika muassasasi va 12 ta maʼmuriy muassasa mavjud.
Ushbu muassasalarda 1,4 ming nafar shifokor va 12,5 ming nafar oʻrta tibbiyot xodimi faoliyat koʻrsatmoqda. Bunda, shifokorlar soni har 10 000 nafar aholiga nisbatan 17,6 nafarni (respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich — 23,0 nafar), oʻrta tibbiyot xodimlari esa — 150,6 nafarni (respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich — 103,6 nafar) tashkil etmoqda.
2019-yilda viloyat sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 358,9 mlrd soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlar doirasida tibbiyot muassasalarida 7589,1 ming koʻrik ambulator sharoitda amalga oshirilgan va 162,4 ming nafar bemorga statsionar tarzda tibbiy yordam koʻrsatilgan.
4. Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishning amaldagi tizimi sohaga ajratilayotgan mablagʻlarning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, jumladan:
sogʻliqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushi 40 foizgacha yetmoqda;
aholining tibbiy xizmatlar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlari darajasi 40 — 45 foiz atrofida saqlanib qolmoqda;
sogʻliqni saqlash sohasiga davlat budjetidan ajratilayotgan jami mablagʻlarning 60 foizidan koʻpini statsionar davolash-profilaktika yordami xarajatlari tashkil etmoqda;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga ajratilayotgan mablagʻlarning asosiy qismi ish haqiga sarflanib, atigi 10 foizi tibbiy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilmoqda;
aholiga tibbiy yordam koʻrsatish sohasida davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun teng sharoitlar va raqobat muhiti yaratilmagani tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga toʻsiq boʻlmoqda;
tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligi toʻliq taʼminlanmayapti, natijada ushbu muassasalarda boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda xodimlarga munosib oylik ish haqi toʻlash imkoniyatlari cheklanmoqda;
tibbiyot muassasalaridagi mavjud shifokorlarning oʻrtacha oʻrindoshlik koeffitsiyenti 2,0 dan oshmoqda (respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich — 1,4), shuningdek, 700 dan ziyod shifokor shtat birligi vakantligicha qolmoqda.
2-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari
5. Konsepsiyaning asosiy maqsadi 2021-yil 1-iyuldan 2022-yil yakunigacha boʻlgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov loyihasi) orqali ushbu hududda tibbiy xizmatlar koʻrsatish va sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishning yangi modellarini aprobatsiyadan oʻtkazishdan iborat.
6. Konsepsiyani amalga oshirish doirasida quyidagi asosiy vazifalar bajarilishi zarur:
sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini hamda tibbiy xizmatlar koʻrsatishning yangi modellarini amaliyotga tatbiq etish;
tibbiy xizmatlar uchun toʻlovlarni natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari (jon boshiga moliyalashtirish, “davolangan holat” va bajarilgan ishlar natijalari) orqali amalga oshirish mexanizmini joriy qilish;
davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam doirasida tibbiy xizmatlar strategik xaridini amalga oshirish metodologiyasini ishlab chiqish;
barcha darajadagi ambulator-poliklinika hamda statsionar davolash-profilaktika muassasalarida zamonaviy klinik va iqtisodiy boshqaruv mexanizmlarini yaratish;
mutaxassislarni oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish orqali sogʻliqni saqlashni boshqarish, moliyalashtirish hamda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohalarida kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida integratsiyalashgan axborot tizimi va resurslarini yaratish hamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash.
3-bob. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari
7. Tibbiy xizmatlar koʻrsatish modelini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami rolini kuchaytirishni inobatga olgan holda takomillashtirish:
kasalliklar turlari va kasallanish darajasidan kelib chiqqan holda, yuqumli boʻlmagan kasalliklarni davolash sohasidagi klinik amaliyotni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish;
sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻini muassasalarida hamda statsionar tibbiyot muassasalarida koʻrsatiladigan tibbiy yordam hajmini dalilli tibbiyot va xalqaro standartlarga asoslangan holda qayta koʻrib chiqish;
kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni kuzatishda hamshiralar hamda umumiy amaliyot shifokorlarining rolini oshirish va vazifalarini kengaytirish;
tibbiy-profilaktika xizmatlarini koʻrsatishda barcha darajadagi tibbiyot xodimlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va birin-ketinlikni taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirish.
8. Sogʻliqni saqlashni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish:
barcha davolash-profilaktika muassasalarining oʻzaro uzviy hamkorligini taʼminlash va uni muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish;
bemorning yoʻnalishini belgilash, unga yoʻllanmalar berish, bemorlarni kuzatib borish, tibbiy-profilaktika yordami sifatini nazorat qilish va tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining rolini kuchaytirish;
tuman tibbiyot birlashmalarida uning tarkibidagi tibbiyot muassasalari ishtirokidagi ichki tarmoqlarni, shuningdek, viloyat statsionar tibbiyot muassasalari birlashmalarini tibbiy xizmatlar koʻrsatish hamda ularni taqdim etish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish boʻyicha asosiy tuzilmalar sifatida tashkil etish.
9. Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy qilish:
tibbiy xizmatlar xaridini tashkil etishda tibbiy xizmat koʻrsatuvchilar tarmoqlari va birlashmalariga nisbatan qoʻllaniladigan aralash moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish;
samarali tibbiy profilaktikani va bemorlarni kuzatish amaliyotini ragʻbatlantirish, shu asosda statsionar tibbiy xizmatlardan foydalanishni qisqartirish nuqtai nazaridan tibbiyot birlashmalari, tibbiyot muassasalari va tibbiyot xodimlari faoliyatini baholashning moliyaviy va nomoliyaviy koʻrsatkichlarini ishlab chiqish;
sogʻliqni saqlash budjeti tarkibini umumiy budjet mablagʻlariga asoslangan holda qayta koʻrib chiqish;
sogʻliqni saqlash resurslarini aholining tarkibi va kasallanish koʻrsatkichlarini inobatga olgan holda hududiy jihatdan adolatli taqsimlash;
aholi uchun aniq imtiyozlarni belgilagan holda davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlarning universal toʻplamini ishlab chiqish.
10. Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi islohotlar doirasida sogʻliqni saqlashning integratsiyalashgan axborot tizimini yaratish:
zarur axborotni yigʻish va tahlil qilish, tajriba-sinov loyihasini monitoring qilish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish va sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish holatini baholash imkonini beruvchi axborot tizimini yaratish, shuningdek, bu sohada uzoq muddatli istiqbol uchun rivojlantirish asoslarini belgilash;
tibbiy xizmatlar koʻrsatish darajalari va tizim ishtirokchilari oʻrtasida samarali va shaffof axborot almashinuvini taʼminlash, chekka qishloq hududlarida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
joylardagi barcha aholini sogʻliqni saqlash milliy integratsiyalashgan axborot tizimi (SSMIAT)da jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR) orqali roʻyxatga olish;
tibbiy xizmatlarning milliy tasnifini ishlab chiqish va tasdiqlash;
tibbiy xizmatlar strategik xaridi mexanizmlarini samarali joriy etish uchun zarur boʻlgan, tibbiy axborot va faoliyat standartlashtirilishini taʼminlaydigan kodlash va tasniflash boʻyicha yangi tizimlarni yoʻlga qoʻyish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish va ularni keng joriy qilish;
tajriba-sinov loyihasining tegishli axborot tizimini rivojlantirish uchun zarur axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish va ushbu tizim ishtirokchilarini zarur kompyuter asbob-uskunalar bilan taʼminlash.
4-bob. Kutilayotgan natijalar
11. Konsepsiyani amalga oshirish natijasida va tajriba-sinov loyihasi doirasida:
sogʻliqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushini bosqichma-bosqich qisqartirish;
tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlari darajasini kamaytirish;
sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini oshirish;
tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish;
aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish;
aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam koʻrsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qaroriga 2-ILOVA
Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son )
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qaroriga5-ILOVA
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining
Izoh: Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2026-y., 07/26/20/0072-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-son qarorining alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan