Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega boʻlgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha taʼminlanmay qolishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish talab etilmoqda.
Sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan toʻldirish, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha kasbiy faoliyatini har qanday koʻrinishdagi tashqi taʼsirlardan samarali muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish;
sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish;
sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yoʻlga qoʻyish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash;
sudyalarning kasbiy malakasi, maʼnaviyati va masʼuliyatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish.
2. Sudyalar oliy kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) va Oliy sudning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2021-yil 1-fevraldan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash borasida:
ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻi (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yoʻlga qoʻyish;
sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;
sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021-yil 1-yanvardan ushbu sudlarning malaka hayʼatlarini shakllantirish.
3. Sudyalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida ularning odil sudlov bilan bogʻliq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab:
sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda koʻrib chiqilib, jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi yoki qoʻzgʻatish rad etilganligi haqida Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar beriladi;
sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hayʼatlari roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi;
sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni boʻyicha axborot taqdim etib boriladi.
4. Kengashning sudlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tizimli ravishda bartaraf qilish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
(4-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)
Sudyalar daxlsizligini taʼminlash boʻyicha sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasini tuzish;
Sudyalar kasbiy tayyorgarligini tashkillashtirish shuʼbasini tugatish;
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish shuʼbasi negizida matbuot xizmati va birinchi boʻlim, shuningdek ijro apparati negizida axborot-tahlil, murojaatlar bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini taʼminlash tuzilmalari hamda arxiv va devonxona tashkil etish;
Kengashga kelib tushayotgan shikoyatlarni umumlashma tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida sudyalar malaka hayʼatlari bilan birgalikda aniq choralar belgilash vazifasini yuklash;
sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini ragʻbatlantirishni yoʻlga qoʻyish, “Ibratli sudya” mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” koʻkrak nishonini joriy etish;
Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qoʻllanilishi yuzasidan soʻrovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega boʻlgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini (keyingi oʻrinlarda — Klub) tashkil etish.
Belgilansinki, Klub oʻz faoliyatini Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Nizom asosida amalga oshiradi va uning doimiy masʼul aʼzolari tarkibi koʻp yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.
5. Kengash (X.B. Yodgorov) bir oy muddatda:
Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q. Mingboyev) va Oliy sud (K.F. Kamilov) bilan birgalikda Klub tashkil etilishi va faoliyatini boshlashi boʻyicha choralar koʻrsin;
“Ibratli sudya” mukofoti hamda “Sud faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.
6. Kengash raisining doimiy asosda faoliyat yurituvchi oʻrinbosari lavozimi joriy etilishi munosabati bilan Sudyalar oliy maktabining Ilmiy va axborot-tahliliy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimi tugatilsin.
7. Kengash huzurida sudyalar hamjamiyati organi boʻlgan va oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan sudyalikka nomzodlarning Sudyalar oliy maktabiga kirish va yakunlash imtihonlari natijalaridan norozi boʻlib bergan murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha imtihon komissiyasi tuzilsin hamda uning qarorlari ustidan Kengashga shikoyat qilish tartibi belgilansin.
8. Quyidagilar:
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)
9. Kengash (X.B. Yodgorov) Oliy sud (K.F. Kamilov) va Sudyalar assotsiatsiyasi (U.Q. Mingboyev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda sud organlari tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish masalalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik immunitetini shakllantirish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
10. Kengash manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.R. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
PF-6127-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-son Farmoniga1-ILOVA
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 06/25/227/1064-son)