PQ-5011-son Qaror · 02.03.2021

Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5011
  • Qabul qilingan sana:02.03.2021
  • Kuchga kirgan sana:03.03.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5011/0174

Respublikada elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yangi turdagi zamonaviy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, tarmoqning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yoʻnalishlardagi ishlarni yanada jadallashtirish, mahalliy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot sotish uchun yangi bozorlarni oʻzlashtirish, tarmoq korxonalarining ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida:

1. 2021-2022-yillar uchun elektrotexnika tarmogʻi samaradorligining quyidagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilansin:

mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash hajmini 2021-yilda 55 ming tonnaga, 2022-yilda 70 ming tonnaga yetkazish;

mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2021-yilda 15 trillion soʻmgacha, 2022-yilda 19 trillion soʻmgacha oshirish;

mahsulotlar eksporti hajmini 2021-yilda 450 million AQSH dollari, 2022-yilda 600 million AQSH dollari miqdorida taʼminlash;

tarmoqdagi ish oʻrinlari sonini 2021-yilda 27 mingtaga, 2022-yilda 34 mingtaga yetkazish.

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruhi (D.Sh. Sultanov) ushbu bandda belgilangan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlash va ularni 2023-yilda kamida 30 foizga oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

2. 2021-2022-yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi 1, 1a va 1b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga (S.U. Umurzakov) ushbu bandda nazarda tutilgan dasturga, zarur hollarda, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

4. Elektrotexnika tarmogʻi korxonalarini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etilsin:

2024-yil 1-yanvarga qadar elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni barcha mamlakatlarga, shu jumladan qoʻshni davlatlarga eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 15 foizidan, temir yoʻl transportida 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etish;

moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar tanlovlar (tenderlar) doirasida avans toʻlovlarini amalga oshirish (qaytarish), xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha kafolat muddatlarini taʼminlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov taʼminoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSH dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berish.

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.U. Umurzakov) bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.

5. 2021-yil 1-apreldan 2024-yil 1-yanvarga qadar muddatga hisobot davri yakunlari boʻyicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam boʻlmagan elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha stavkalarni 50 foizga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, ushbu bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining berilishi munosabati bilan boʻshagan mablagʻlar:

korxonalar tomonidan dividendlar koʻrinishida taqsimlanmaydi;

yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga yoʻnaltiriladi.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining:

Olmaliq KMK” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qoʻyishda uning boshlangʻich narxini qoʻshilgan qiymat soligʻisiz London metall birjasi narxidan 2021-yil 1-apreldan — 8 foiz, 2022-yilda — 6 foiz va 2023 — 2030-yillarda 4 foiz miqdorida chegirma bilan belgilash;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-oktabrdagi PQ-304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2025-y., 07/25/304/0942-son)

2024-yil 1-apreldan boshlab 2025-yil 31-dekabrga qadar mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan toʻlovning 25 foizini avans tarzida va qolgan 75 foizini mis xom ashyosi olinganidan soʻng 90 kun ichida amalga oshirish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin. Bunda, xarid qilingan mis xom ashyosi uchun toʻlovning qolgan qismi (75 foizi miqdori) bir xaridor uchun 200 milliard soʻmdan oshmasligi lozim;

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-oktabrdagi PQ-304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2025-y., 07/25/304/0942-son)

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalarining roʻyxatini tasdiqlab, “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga (keyingi oʻrinlarda — tovar xomashyo birjalari) kiritsin va ushbu roʻyxatni zarur hollarda yangilab borsin.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)

Bunda:

mis katodini xarid qilish kunidagi narxlar, bir kun oldingi London metall birjasi (LME) narxiga nisbatan belgilangan chegirmani qoʻllagan holda shakllantiriladi;

belgilangan chegirma bilan xarid qilingan mis katodi va mis katankasi faqatgina korxonaning oʻzining ishlab chiqarish quvvatlarida qayta ishlanadi va uni uchinchi shaxslarga sotish taqiqlanadi. Mis katodi va mis katankasi eksporti quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:

eksportga yoʻnaltirish maqsadida birja savdolarida xarid qilingan mis katodi va mis katankasi xarid narxiga belgilangan chegirma hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan toʻlovni kechiktirib toʻlash imtiyozi qoʻllanmaydi;

mis katodi va mis katankasini “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish uchun uning eksportga yoʻnaltirilgan hajmiga nisbatan birja savdolari xarid narxiga qoʻllangan chegirma summasi qaytarilganligi hamda toʻlovning kechiktirilgan qismi toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisida tovar xomashyo birjalarining maʼlumotnomalari taqdim etilishi shart;

(6-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)

mis xom ashyosi uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan har bir kun uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar summasi quyidagicha belgilanadi:

30 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi;

31 kundan 60 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida foiz hisoblanadi;

61 kundan 90 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi.

(6-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi PQ-77-son qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 07/24/77/0139-son — 2024-yil 1-apreldan kuchga kiradi)

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

mazkur qarorning 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari mis katodi va mis katankasini ishlab chiqarish hamda eksport qilishga tatbiq etilmaydi;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasining tavsiyasiga asosan elektrotexnika tarmogʻi ishlab chiqarish korxonalariga tovarlarni eksport qilishda nol darajali soliq stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasi uch kun ichida qoplab beriladi;

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)

eksport qiluvchi elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan tovarlar ular boʻyicha toʻlovlarni kechiktirib toʻlash sharti bilan eksport qilinganda, ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirishga Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etiladi. Bunda, ushbu resurslar hisobidan kreditlar toʻlovlar kechiktirilgan muddatga va eksport qilinayotgan mahsulotlar qiymati miqdorida, biroq 3 million AQSH dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda yillik 4 foizli stavka (shundan, 2 foizi bank marjasi) bilan ajratiladi.

(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2021-y., 07/21/5133/0515-son)

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son )

9. Quyidagilar Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha yoʻnalishlar sifatida belgilansin:

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)

elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida, hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklar tashkil etish;

tarmoq korxonalarining tashqi bozorlarda oʻz mahsulotlarining jozibadorligini oshirish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borishi, tarmoq loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini (biznes-rejalar, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqalar) ishlab chiqishi, shuningdek, jahon bozorini oʻrganish va marketing tahlillarini amalga oshirish uchun xalqaro maʼlumotlar bazalariga (axborot resurslariga) ulanishi bilan bogʻliq xarajatlarini 50 foiz miqdorda qoplash;

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ijro apparatiga xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq moliyalashtirish.

(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasiga respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2021-yilning birinchi, ikkinchi va uchinchi choraklarida teng ulushlarda 75 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishini taʼminlasin va keyingi yillarda budjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.

10. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil mart oyidan boshlab har yili mahalliy va xorijiy korxona vakillari, salohiyatli investorlar, ekspertlar va tarmoqqa aloqador boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda, Elektrotexnika va elektronika xalqaro savdo koʻrgazmasini (“Uzbek International Electrotechnics & Electronics Fair”) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi (M.M. Yunusov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) bir oy muddatda elektrotexnika va elektronika xalqaro savdo koʻrgazmasiga tayyorgarlik koʻrish hamda uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirishni boshlasin.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) 2021-yil 1-dekabrga qadar elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va tarmoqda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

12. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

davlat dasturlari doirasida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha tanlov (tender) oʻtkazilganda mahalliy mahsulotlar sotib olinishini nazarda tutuvchi “milliy kontent” tizimini joriy etish yuzasidan takliflarni;

ilmiy tadqiqotlarga va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarga doir xarajatlarni foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazadan 2 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda chegirish tartibini nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov), “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi (M.M. Yunusov):

Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklar tashkil qilish yuzasidan;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.U. Umurzakov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 2-mart,

PQ-5011-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga 1-ILOVA

2021-2022-yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga1a-ILOVA

2021-2022-yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini ishga tushirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga1b-ILOVA

2021-2022-yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-yanvardagi “Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4090-son qarorida:

13-band “mahsulot” soʻzidan keyin “va butlovchi qismlar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

16-bandning birinchi xatboshisidagi “Furqat koʻchasi, 1-uyda” soʻzlari “Koʻkcha darvoza koʻchasi, 1-boshi berk koʻcha, 10-uyda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4348-son qarorida:

a) 3-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “Ishchi guruhiga (R. Gulyamov)” soʻzlari “Ishchi guruhiga (D. Sultanov)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-bandning “g” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlar quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni chet el bozorlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta holat boʻyicha ekvivalenti 20 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;

(2-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)

startap-loyihalarini moliyalashtirish, elektrotexnika sanoati tarmogʻida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarining ustav fondlarini (kapitallarini) shakllantirishda ishtirok etish, maxsus injiniring markazlari va tajriba-konstruktorlik byurolarini tashkil etish;

elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida, boʻsh turgan va foydalanilmayotgan bino-inshootlarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va ulardagi tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash, shuningdek, hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklar tashkil etish;

elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga tender savdolarida ishtirok etish uchun qisqa muddatga moliyaviy kafilliklar berish;

elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalarining xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizini, lekin bitta holat boʻyicha ekvivalenti 10 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;

elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalarining tashqi bozorlarda mahsulotlarning ommabopligini oshirish boʻyicha marketing olib borishi, tarmoq loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini (biznes-reja, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqalar) ishlab chiqishi, shuningdek, jahon bozorini oʻrganish va marketing tahlillarini amalga oshirish uchun xalqaro maʼlumotlar bazalariga (axborot resurslariga) ulanishi bilan bogʻliq xarajatlarini 50 foizigacha qoplash;

mahalliy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni ilgari surish boʻyicha respublikada va xorijiy davlatlarda koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etish, seminarlar oʻtkazish, taqdimot materiallari va koʻrgazma stendlarini tayyorlash;

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ijro apparatiga xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qisman yoki toʻliq moliyalashtirish”;

g) 9-banddagi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2022-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “Elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalari 2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 4-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga 4-ILOVA

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruhi

Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4812-son qarori 1-bandi “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “CIP” qisqartmasi “DDP” qisqartmasi bilan almashtirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-3454-son qarorining 31-1-bandi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyundagi “Tarkibida mis boʻlgan mahsulotlar eksportini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3768-son qarori.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-yanvardagi “Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4090-son qarorining 5-bandi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4348-son qarorining 15-bandi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.